OCHIQ, ERKIN VA OSHKORA
Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tdi.
Saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlab 22 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov parlament saylovi mamlakatimizni yanada demokratlashtirish, yangilash va modernizatsiya qilishda muhim bosqich bo‘lganini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 18 million 400 mingdan ortiq saylovchi ishtirok etgani va bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 89 foizini tashkil etishi ma’lum qilindi. 8 ming 311 nafar saylovchi esa muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, 113 saylov okrugidan deputatlar saylandi. Qonunchilikka binoan qolgan 22 saylov okrugida ikki hafta muddatda deputatlikka eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod bo‘yicha takroriy ovoz beriladi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 47, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 28, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 21, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 17 deputat saylandi.
Saylov kuni O‘zbekiston Ekologik harakatining konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining har bir ma’muriy-hududiy birligi va Ekoharakat Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasining vakillaridan Qonunchilik palatasiga nomzod etib ko‘rsatilgan 15 nafar deputat yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov to‘g‘risidagi boshqa qonunlarda mustahkamlangan barcha demokratik norma va prinsiplarga rioya etilgan holda o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Milliy saylov qonunchiligiga ko‘ra saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot va Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tgandan so‘ng 10 kunlik muddatdan kechiktirmay matbuotda e’lon qilinadi.
O‘z muxbirimiz