Qantar oqquncha
1
Ohuning soyasi haqida eshitganingiz bordir?!
Ko‘z ilg‘amas soniyalarda qora beradi-da, o‘tadi, ketadi.
Qish kunlarini shunga mengzaydi.
Bir tutam, birgina tutam, ammo tunlari…
Kechasi bilan u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilaverib, zerikkan nabiram tong g‘ira-shirasida “dik” etib o‘rnidan turadi-da, derazaga qaraydi:
– Bobo, bugun qor yog‘mabdi.
– Yog‘adi, bolam, bugun yog‘masa, ertaga yog‘adi, hozircha Ayoz bobo yarim kechasi senu menga bildirmay eshik, derazalarning oynasiga chizib ketgan rasmlarni tomosha qil.
Bir og‘iz rag‘batimga mahtal nabiram chiroqni yoqib, eshikka yuguradi, sal vaqt o‘tmay, dahlizdan uning hayajonli qiyqirig‘i eshitiladi:
– Qoyil, Ayoz bobo zo‘r rassom ekan, qor bosgan o‘rmon suvratini chizibdi.
Tabiat qiyosi yo‘q musavvir. Oynaga tushgan shudring billur tomchilari tungi ayozda muzlab, qalin qor bosgan archazor tasviri hosil bo‘lgan. Nabiram unga sinchiklab tikilib, bakovul bo‘ri, yasovul tulki, qaqimchi qarg‘a, chaqimchi chumchuq tasvirlarini topib oladi, keyin esa negadir xo‘rsinib:
– Lekin qori ko‘rpadek qalin ekan, – deydi.
– Zoriqma, bolam, – deyman unga taskin bergan bo‘lib, – hali qish endigina yarimladi, oldinda qancha qorlar bor.
2
– Bu yil dehqon ham, chorvador ham noshukurlik qilmasa bo‘ladi, – deydi suhbatdoshim Oqmamat Xo‘jamov. – Kunosha yomg‘ir savalab turibdi, qor ham diyodorini qizg‘angani yo‘q. Qurg‘oqchil kelgan yillardan Xudoning o‘zi asrasin. Fevralning boshida qishning katta chillasi chiqib, qilichini yalang‘ochlab, kichik chilla kiradi, u yigirma kun davom etadi, dalv oyi tugab, hut doxil bo‘lganidan so‘ng ham o‘n besh kun qish bor, ilk bahordagi ahman-dahman, Navro‘z qaroqchi, Ajuz momolar ham ko‘p o‘yin ko‘rsatadi. Nasib etsa, bu yil yog‘ingarchilikning kami qolmaydi.
Hisobdonlik Oqmamatning qonida bor, otasi Jabbor domla juda xokisor inson edi. U kishining bir g‘alati odatidan doimo hayron qolardim. Bo‘sh vaqti bo‘lganidan maktab hovlisidagi daraxtlar orasida kuymalanar, kaftini shamol yo‘nalishiga tutib, yerga tuproq to‘plab, orasiga qo‘l tiqib, nimalarnidir o‘zicha hisob-kitob qilar, keyin daraxtlarning tanasiga, yon daftarchasiga belgilar qo‘yardi. Ko‘pincha bu belgilar dumaloq, to‘g‘ri va egri chiziqlardan iborat bo‘lardi.
Bir gal belgilar sirini so‘raganimda:
– Doira shakli kun issiq, quyoshli kelganini, to‘g‘ri chiziq havo osuda, mo‘tadil bo‘lganini, egri chiziqlar qaysi tomonga egilganiga qarab, shamol yo‘nalishini bildiradi, – deb javob bergandi domla.
– Buni belgilarsiz ham ko‘rib turibmiz-ku, – e’tiroz bildirdim “shuning nimasi qiziq”, degan ohangda.
– Ammo olti oydan so‘ng shu kunning ob-havosi qanday bo‘lganini bexato eslash qiyin, bular menga tabiat turlanishini hisob-kitob qilish uchun kerak.
Darhaqiqat, qish oylarida Jabbor domlaning qachon qor yoki yomg‘ir yog‘ishini, qachon quruq sovuq bilan o‘tishini oldindan aytib berganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.
– Otam rahmatli hisobdon hisobidan adashmaslik uchun sinchi va kuzatuvchan bo‘lishi, kamida bir to‘liq muchal, ya’ni o‘n uch yillik muttasil tajribani umumlashtira olishi kerak, derdilar, – suhbatimizni davom ettirdi Oqmamat. – Ilgari qishlog‘imizda hisobdon kishilar ko‘p bo‘lgan, haligacha pomuqlik chorvadorlar “Xo‘jamquli kalning hisobi bo‘yicha”, deb bobomni eslab turishadi. Hozir bu borada Soat bobo Vazirov, Sana bobo Eshonqulovga teng keladigani yo‘q. Hisobdonlar yoz bilan qish, bahor bilan kuz oylarining kunlarini olti oy ilgarigisi bilan taqqoslashadi. Adashmasam, fevralning boshi qorli, izg‘irinli kelishi kerak. Saratonning oyog‘i, asadning boshidagi jaziramalarni bir eslang.
Ba’zan esa sinchkov, kuzatuvchan kishilarga ob-havo o‘zgarishlarini tabiatning o‘zi aytib berarkan. Masalan, xalq orasida “Oy qo‘tonlasa, oyda, quyosh qo‘tonlasa, kunda yog‘ar”, degan gap bor. Buni har bir kishi o‘zi tajribada sinab ko‘rishi mumkin ekan. Izg‘irinli, sovuq kecha, oy atrofida kattakon yorug‘ doira o‘rasa oyning, kunduzi quyosh atrofida shunday doira ko‘zga tashlansa, quyoshning qo‘tonlagani bo‘larkan.
Tag‘in bir nechta misollar:
– Qor, yomg‘ir yog‘ib turganda, chumchuqlar tevarak-atrofdagi daraxtlar shoxiga tarqalib, quvnoq chirqillay boshlashi tez orada havo ochilib, kun isib ketishidan;
– Aksincha, bulutli kun chumchuqlar daraxt shoxida to‘da bo‘lib, hurpayib, tek turishsa-da, birin-ketin hammasi yerga qo‘nib, tuproq titkilashsa, so‘ngra bir xavfni sezgandek “gurra” uchib, daraxtga qo‘nishsa, shu holat bir zayl davom etaversa yoki qishning issiq kunlari chumchuq, olaqarg‘a, mayna kabi qushlar tez-tez ariq yoki ko‘lmak suvlarida cho‘milishsa, havo buzilib, yog‘ingarchilik boshlanishidan darak berarkan.
Sinchilarga hatto mo‘ridan chiqayotgan tutun ham sir ochar ekan. Qor yog‘ayotgan palla tutun qiyshaymay, to‘g‘ri ko‘tarilsa, tez orada qor tinib, havo ochilar, tutun mo‘ridan chiqishi bilan pastga ursa, havo buzilib, qor yoki yomg‘ir yog‘arkan.
Tajribali qo‘ychivonlardan birining aytgan gapi yodimda qolgan:
– Cho‘ponlikdan obro‘ topaman degan kishi hisob-kitobdan, sinchilikdan xabardor bo‘lishi kerak. Ayni qish chillasi ertalab qo‘tondan chiqarilgan suruv kunchiqarga qarab o‘rlasa, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, xavotirga tushmay, otar iziga tushaverish kerak. Agar surumga chiqarilgan suruv kunbotarga yo‘l olsa, ehtiyot bo‘lish, jonning bir muddatlik huzurini o‘ylamay, qo‘ylarni shamolga qarama-qarshi tomonga og‘dirish lozim, chunki oldinda katta qor yoki yomg‘ir bor, u boshlanib qolsa, shamol oqimida osongina o‘tovga qaytib kelinadi. Qo‘y yerdan bosh ko‘tarmay, shoshilib o‘tlayversa ham suruvni qo‘ra tomonga burgan afzal, chunki bu yog‘ingarchilikdan darak.
3
Sinchilarning hisob-kitobi bo‘yicha o‘lkamizda dekabr oyining beshinchi kuni qish boshlanadi, shundan o‘n besh kun o‘tib, eng qisqa kun va eng uzun kecha – shabiyaldoda katta chilla kiradi. U qirq kun – fevral oyi boshigacha davom etib, o‘rnini yigirma kunga cho‘ziladigan kichik chillaga bo‘shatib beradi.
Rivoyat etishlaricha, katta chilla kichigiga o‘rin berarkan:
– Men kattaligimni qilib bo‘ldim, endi sen o‘zing bilasan, – der ekan.
Shunda kichigi savol berarkan:
– Xo‘sh, menga nimalarni qoldirdingiz?
Kattasining javobi quyidagicha bo‘larkan:
– Nortuyaning o‘rkachida qoldi, ukam, olarsan;
– Er yigitning yuragida qoldi, ukam, olarsan;
– Bo‘y qizlarning bilagida qoldi, ukam, olarsan…
Bu “mening sinovimga shular dosh berdi, senam bir silkitib ko‘r-chi”, degani bo‘larkan. Navqiron kichik chilla akasining topshirig‘ini bajarish uchun qor, ayozli izg‘irin bilan hamlaga o‘tarkan.
Kichik chilla dala mehnatkashlari uchun eng og‘ir sinov kunlari sanaladi, tajribali dehqonlar uning qisqa fursatli quyoshli kunlarida ham uyda oyoq cho‘zib o‘tirmay, ariq-zovurlarni tozalab, ichki suv yo‘llarini ravonlashtiradi, texnikani ekish mavsumiga shaylaydi. Bog‘bonlar novda uyg‘onmasidan mevali daraxtlarni butash, shakl berish ishlarini tugatish choralarini ko‘radi. Cho‘pon-cho‘liqlar qo‘ylarni qishlovdan to‘liq va sog‘lom olib chiqish, xususan, qo‘zilatish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun otarga vaqti-vaqti bilan surum beradi.
4
Otam aytib bergan ibratli voqealarni haligacha tez-tez eslab turaman, bir gal u kishi shunday hikoya qilgandi:
– Oltmish sakkizning kuzagi va qishining boshlanishi kutilganidan ham qurg‘oqchil kelgandi. Chorvadorning ko‘ngli notinch, axir bahorning fayzini qishning yog‘ini belgilab berishi unga o‘n barmog‘idek ayon. O‘shanda “O‘zbekiston” qorako‘lchilik-naslchilik zavodining markazi Jeynov qishlog‘ida joylashgan, aksariyat otarlar esa Pomuq yaylovlarida qishlovni o‘tkazayotgan edi. Ahvol shu zaylda ketaversa, erta bahorda ham qo‘ylarga qo‘ldan ozuqa berishga to‘g‘ri kelishini o‘ylab, tashvishga tushgandik. Xayriyat, fevralning ilk kunlaridan izini uzmay qor yog‘ishga tushdi.
Shunday izg‘irinli qor yog‘ayotgan kunlarning birida yaylovdan tashvishli xabar keldi, bir otar qo‘y, cho‘pon-cho‘lig‘i bilan dom-daraksiz ketgan emish. Hamma oyoqqa turdi. Chor-tarafga tarqab izladik, natija bermadi. Bo‘ronda tumshug‘ingning ostidan uzoqni ko‘rolmaysan. Yarim tun shu otarning o‘toviga to‘plandik.
– Endi nima bo‘ladi, qo‘ylar-ku sadqai sar, odamlar muzlab qolmasmikin? – barchamizning tilimiz uchida turgan savolni o‘rtaga tashladi kimdir.
Birimiz olib, birimiz qo‘yib, adashgan cho‘pon-cho‘liqlarga salkam aza ochib turganimizda, barmoq bukib nimalarnidir hisob-kitob qilib o‘tirgan Sultonyoz Qurbonov bamaylixotir so‘z ochdi, ko‘p singir odam edi rahmatli:
– Bunisi ularning o‘ziga bog‘liq, tun yarmigacha tinmay suruvga surim berib, keyin uxlab qolishgan bo‘lsa ham jin chalmaydi, yerning tafti ilitib, omon qolishlariga yordam beradi.
– Shunday izg‘irinda-ya? – Ishonqiramadik u kishining aytganlariga.
– Adashmasam, bu kun fevralning beshinchisi-ya, – bir-bir yuzimizga qaradi
Sultonyoz aka.
– Shunday, shunday, – dedik nimaningdir ilinjida.
– Nasib etsa, yarim tun qantar og‘adi, qantar oqqandan keyin esa yer bag‘ri isiydi.
Darhaqiqat tong azonlab maydonlashga chiqqan sheriklarimizdan biri shundaygina o‘tovga yaqin joyda suruv hamda cho‘pon-cho‘liqlar “g‘uj” bo‘lib yotishgani xabarini keltirdi. Shosha-pisha uning iziga tushdik. Borib qarasak, cho‘pon-cho‘liqlar qaltirab turishgan bo‘lishsa-da, sog‘-omon, suruv but ekan. Ularni yerning yuzaga urgan ichki harorati muqarrar halokatdan asrab qolgan, qantar oqqan kun edi…
5
Qish xotiralarini o‘ylab, tushga yaqin ko‘zim ilinibdi. Nabiramning shodon qiyqirig‘idan uyg‘onib ketdim:
– Bobo, turing, qor yog‘ayapti, paxtadek momiq, oppoq qor.
Nabiram aytgan oppoq qor allaqachon yer yuzasini qoplagan, chilla o‘z amalini boshlashga shaylanayotgan edi.
Abdunabi ABDIYEV