KELAJAK VORISLARI

Yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir. Shu bois yoshlarga dunyo fanlaridan tashqari hayotda ularga bir umr yo‘ldosh bo‘ladigan kasb-hunarlarga o‘rgatish bugunning dolzarb vazifalaridan biri. Bunda respublikamizda faoliyat olib borayotgan kasb-hunar kollejlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga mos ravishda bugungi zamonaviy o‘qituvchidan o‘quvchini o‘zi ta’lim olayotgan kasb-hunar bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltira oladigan, uni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishi talab etiladi.

Ilgari o‘quv muassasalarida amaliyot va nazariya bir-biridan ayro holda olib borilar, darslar esa siyqasi chiqqan va zerikarli usullarida o‘tilar edi. Hozirgi davrda esa shaxsni fikrlashga, idrok qilishga undaydigan zamonaviy ped-texnologiyalarni dars jarayoniga joriy etish natijasida o‘quvchilar hattoki mustaqil tadqiqot olib borish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqdalar.

Ana shunday o‘qituvchilarni o‘zida birlashtirgan Andijon viloyatidagi Buloqboshi sanoat kasb-hunar kolleji viloyatdagi eng ko‘zga ko‘ringan va na’munali bilim maskanlaridan biri sanaladi.

Bilim maskanidagi 83 nafar pedagog va muxandis pedagoglar ta’lim tizimiga oid qonunlarni chuqur o‘rganib, ta’lim sifatini, o‘quvchilarning davomatini yaxshilash, yoshlarga kerakli bilim va tarbiya berib, o‘zlarining pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Mazkur kollejda o‘quvchilarning amaliyot o‘tashi, o‘qishni bitirgandan keyin ish bilan ta’minlanishi masalasiga jiddiy e’tibor beriladi. 2011-2012 o‘quv yilida 8ta yo‘nalish hamda 11 ta mutaxassislik bo‘yicha 1561 nafar o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, ularning 517 nafari bitiruvchilardir.

Bitiruvchilarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashi uchun 120 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Shu jumladan, “Andijonneft” ochiq aksiyadorlik jamiyati (OAJ) bilan 108 nafar, “Andijonneftgazquduqta’mirlash” unitar sho‘ba korxonasi bilan 85 nafar, “Xo‘jaobod texnologik-transport boshqarmasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati bilan 26 nafar, “Asqarali Xoji” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 18 nafar bitiruvchi uch tomonlama shartnoma tuzib, mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashdilar. Viloyatdagi fermer xo‘jaliklar va xususiy korxonalari bilan jami 202 nafar bitiruvchi uch tomonlama shartnoma tuzib, ish bilan ta’minlandilar.

Kollej bitiruvchilaridan Hasan va Husan Karimovlar, Tursunboy Islomov, Ergashboy Rahmonov, Mirzohid Egamnazarovlar “Andijonneft” OAJda mutaxassisligi bo‘yicha ishlab tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotganligi pedagoglar jamoasining fidoyi mehnatlari natijasidir.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan biriktirilgan “Andijonneftgazquduqta’mirlash” unitar sho‘ba korxonasi, Viloyat hokimligi tomonidan biriktirilgan “Andijonyog‘moy” OAJ va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati instituti bilan homiylik va hamkorlik shartnomalari tuzilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yana o‘qing:  QOMUSIMIZ – BAXTIMIZ

Yuqoridagi homiy tashkilotlar tomonidan kollej o‘quvchilariga moddiy va ma’naviy yordam berildi. Jumladan, “Andijonneftgazquduqta’mirlash” unitar sho‘ba korxonasi bilim maskanini “Neft va gaz” yo‘nalishi bo‘yicha plakatlar, kitoblar, ko‘rgazmali qurollar uchun detallar bilan ta’minladilar. “Andijonyog‘moy” OAJ bilim dargohida o‘tkazilgan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimida 10 nafar o‘quvchini qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotladi. O‘zlarining bilimi, jamoa orasida tutgan o‘rni va kollej hayotida erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan o‘rnak bo‘layotgan muhandis-pedagoglardan 10 nafari kollej ma’muriyati tomonidan moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi.

Amaliyotchi o‘qituvchilardan To‘lqin Sherboyev, Ahmadillo Jumaboyev, Ma’rufjon Qobulov, Tohirjon Yulchiyevlar “Andijonneftgazquduqta’mirlash” unitar sho‘ba korxonasi va “Andijonneft” OAJda o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotlarini muvaffaqiyatli o‘tashlarida yaqindan yordam berdilar. Bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha jamoada aniq tadbir ishlab chiqildi va har bir pedagog xodimga 6 nafar o‘quvchi biriktirilib ularning bandligini ta’minlashga erishildi. Shuningdek, viloyat va tumanda o‘tkazilgan ish bilan ta’minlash yarmarkalarida 18 nafar o‘quvchi ishtirok etishib, yarmarka tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga va yangi ochilgan o‘rinlarga ishga joylashdilar.

Kollij va QVP hamkorligida qizlarni onalikka tayyorlash, sog‘lom turmush tarzini tashkil etish maqsadida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” shiori ostida ko‘rik-tanlov, sport musobaqalarining muntazam o‘tkazilishi qizlarni mustaqil hayotga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Buloqboshi sanoat kasb-hunar kollejida faoliyat yuritayotgan jismoniy tarbiya kafedrasi muvaffaqiyatlarini alohida qayd etish o‘rinli. Boisi, o‘quv maskanida talabalarning har tomonlama sog‘lom, baquvvat bo‘lib voyaga yetishlari, har xil salbiy illatlar ta’siriga tushib qolmasligi, bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishini ta’minlash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Kafedra mudiri Mahliyo Dikanova va uch nafar jismoniy tarbiya o‘qituvchilari sportning voleybol, basketbol, stol tennisi, futbol, boks, shaxmat-shashka kabi 7 ta turi bo‘yicha to‘garaklarda o‘z ish faoliyatini olib borishmoqda. Zamon talabi darajasidagi sport zali va sport maydonlari talabalar ixtiyorida.

Mamlakatimizda keyingi davrda chekka qishloq joylarida sog‘lom turmush tarzini tashkil etish maqsadida ayollar sportiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Mahliyo Dikanova barcha ayol va qizlarni sportning go‘zal va jozibali turi gimnastika yo‘nalishiga jalb etib, mashg‘ulot o‘tkazib kelayotgani ayni muddaodir. Buning natijasida oilalarda farzandlar salomatligi mustahkamlanmoqda.

Yana o‘qing:  56 yoshli dunyo go‘zalining siri nimada?

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 2012 yil – “Mustahkam oila yili” munosabati bilan mahalla fuqarolar yig‘ini hamda kollej qizlari ishtirokida “Sport – bu go‘zallik” shiori ostida ritmik gimnastika sport musobaqalari o‘tkazildi. Sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan 10 nafar qiz davlat tomonidan bepul sport kiyimlari bilan ta’minlandi.

Ayniqsa, kollej talabalarining viloyat va tumanlarda o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida faol ishtirok etib muvaffaqiyatlarga erishayotgani pedagoglar jamoasi, ota-onalar va tengdoshlari qalbiga g‘urur bag‘ishlaydi. Jumladan, tumanda Mustaqilligimizning 21 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan sport musobaqalarida qizlar o‘rtasida 2-bosqich talabasi Mashhura Yo‘ldosheva faxrli 1-o‘rinni, stol tennisi bo‘yicha 308-guruh talabasi Doston Tojiboyev 2-o‘rinni egalladilar. Shuningdek, tuman hokimligi hamda kollejlar tomonidan “Sport – do‘stlik elchisi” shiori ostida tashkil etilgan katta sport musobaqalarida 308-guruh talabasi Muhayyo Mahmudova shashka bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi. Respublika miqyosida o‘tkazilgan sportning boks turi bo‘yicha (1995-1996 yil tug‘ilganlar o‘rtasida) musobaqada 1-bosqich talabasi Sherzod Komilov faxrli o‘rinni egalladi.

Biz ishonamizki, bugungi yoshlar ularga berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z bilim va mahoratlarini oshiradilar. Kelgusida ular mamlakatimiz rivojini ta’minlaydigan malakali kadrlar bo‘lib voyaga yetishlariga ishonamiz.

Faxriddin NURMUHAMMEDOV,

Muhabbat XO‘jamurodova,

Andijon viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: