ShOSHILINCH TIBBIY YORDAM: BEMOR HAYOTI UCHUN MUHIM ASOS
Xalqimizda “Issiq jonning isitmasi bo‘ladi”, degan gap bor. Kutilmaganda tobimiz qochib qolsa yoki biror ko‘ngilsizlik ro‘y berib, jarohat olsak, albatta, eng avval shifokorlarga – tez tibbiy yordam xodimlariga murojaat qilamiz. Ularning sa’y-harakati bilan minglab insonlar hayoti saqlab qolinadi, og‘ir asoratlarning oldi olinadi.
TEZ TIBBIY YORDAMGA QACHON ASOS SOLINGAN?
Manbalarda keltirilishicha, tez tibbiy yordam xizmatining yuzaga kelishiga 1881 yilning 8 dekabrida Vena komik opera teatrida yuz bergan kuchli yong‘in sabab bo‘lgan ekan. Bu ofat natijasida 479 kishi hayotdan ko‘z yumgan. O‘sha vaqtda Venada bir qancha tibbiy klinikalar bo‘lishiga qaramay, yaradorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishning imkoni bo‘lmagan.
Mash’um hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan professor-jarroh Yaromir Mundi jabrdiydalarga yordam bera olmaganidan qattiq iztirobga tushgan va ertasi kuniyoq ko‘ngilli qutqaruv jamiyatini tuzishga kirishgan. O‘sha davrning badavlat kishilaridan biri graf Gans Gilchek ushbu tashkilotga 100 ming gulden miqdorida mablag‘ ajratadi. Jamiyat o‘sha yilning o‘zida ikki ming nafardan ortiq bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan va tez orada Vena universitetining bir guruh ko‘ngilli talabalarini o‘z safida jamlagan. Ko‘p o‘tmay ana shunday jamiyatlar Berlin, London, Parij singari Yevropaning yirik shaharlarida ish boshlagan.
“OLTIN SOAT”NING AHAMIYATI
Birinchi tibbiy yordamning inson uchun ahamiyati juda yuqori. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlarida qayd etilishicha, har yili yer yuzidagi yo‘l-transport hodisalari, yong‘inlar, suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar va favquloddagi jarohat olgan odamlarning 10 foizi vafot etadi, 15 foizi esa nogiron bo‘lib qoladi.
– “Shoshilinch tibbiy yordam” tizimida faoliyat yurituvchi tibbiy xodimlarda “oltin soat” degan ibora bor, – deydi Mirishkor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Shoshilinch tibbiy yordam” bo‘limi boshlig‘i Qahramon Imomov. – Buning ma’nosi shuki, og‘ir jarohat olgan kishi birinchi soatdayoq shifoxonaga yetkazilsa yoki tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, uning hayotini saqlab qolish imkoniyati ancha yuqori bo‘ladi. Qolaversa, jarohatlardan turli asoratlar qolishi sezilarli darajada kamayadi.
Xalqaro andozalarga ko‘ra, tez tibbiy yordam xizmati favqulodda holatlar va baxtsiz hodisalar vaqtida 15-30 daqiqada, surunkali xastaliklar xuruj qilganda va harorati oshgan bemorlarga 30 daqiqadan 1 soatgacha bo‘lgan vaqtda yetib borishi belgilangan. Ahamiyatlisi respublikamizda faoliyat yuritayotgan “Shoshilinch tibbiy yordam” xizmatining bunday andozalar darajasida xizmat ko‘rsatishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
BIR YILDA YARIM MILLION KISHI…
Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot tizimida ham izchil islohotlar amalga oshirib kelinayapti. Yurtboshimiz tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash tizimining milliy modeli yaratildi va uning yuksak samarasi dunyo hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Prezidentimizning 2009 yil 21 maydagi “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Bugungi kunda Qashqadaryo viloyati aholisiga 266 nafar shifokor va ming nafardan ziyod hamshiradan iborat 118ta “Shoshilinch tibbiy yordam” brigadasi xizmat ko‘rsatayapti, – deydi Respublika “Shoshilinch tibbiy yordam” ilmiy markazi viloyat filiali bosh shifokori Sayfulla Mahmatmo‘minov. – Bundan tashqari ushbu tizmiga viloyatda 156 ta maxsus tibbiy mashina jalb etilgan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida vohamizda 477 mingtadan ziyod chaqiruv bajarilib, 500 ming nafardan ortiq kishiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
“Shoshilinch tibbiy yordam” xizmati xodimlari faoliyatini baholash maqsadida har yili respublika miqyosida tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. G‘oliblar rag‘batlantirilmoqda. Unda viloyatimiz vakillari ham yuqori o‘rinlarni egallab kelishayapti. Masalan, G‘uzor tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli “Shoshilinch tibbiy yordam” bo‘limida faoliyat yurituvchi shifokor Rustam Ochilov ham ana shu bellashuvlar g‘olibi bo‘lgan.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish faqat shifokorlarining vazifasi emas, balki har birimizning insoniy burchimizdir. Shuning uchun bu borada bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish, shuningdek, doimo uni oshirib borish lozim. Axir kimgadir nafingiz tegsa, kimningdir hayotini saqlab qolsangiz, bu ulkan savob-ku, to‘g‘rimi, azizlar?!
Abdurazzoq MURODOV,
Qashqadaryo viloyati