ZULFIYAXONIM IZDOSHLARI MUSHOIRASI
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining anjumanlar zalida adabiyot yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan 46 nafar ijodkor qizlar ishtirokida adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 2000 yildan buyon adabiyot yo‘nalishida Zulfiya nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan qizlar, adabiy jamoatchilik – shoir va adiblar, qator nashriyotlarning mas’ul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirok etganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining e’lon qilinishi zamirida adabiyotimiz, ajdodlarimiz, shuningdek, adabiy jamoatchiligimizga yuksak e’tibor, yosh iste’dodli qizlarni qo‘llab-quvvatlash barobarida ayollarga bo‘lgan chuqur ehtirom o‘z aksini topganligini ta’kidlab o‘tdi.
Adabiy kechada O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Zulfiya hayoti va ijodiy faoliyati aks etgan “Sharqning billur ovozi” nomli fotoko‘rgazma tashkil etish, veb-saytini yanada mukammalashtirish borasida keng so‘z yuritildi. Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash bo‘yicha tuzilgan tashkiliy qo‘mita majlisining bayonida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarining “Baxtim shul o‘zbekning Zulfiyasiman” nomli to‘plamini nashr etish borasida axborot berildi.
M. TOLIPOVA