ISTE’DOD VA MEHNAT – MUVAFFAQIYATLAR ASOSI

– Sarvinozni bolaligida ko‘rgan odam uning kelajakda sportchi bo‘lishiga biroz shubha bilan qarardi, – deydi tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sarvinoz Saidxo‘jayevaning onasi Barno opa.

Avval boshda akalariga ergashib tennis kortlariga qatnab yurgan qizaloq asta-sekin o‘zida ham sportning mazkur turiga bo‘lgan muhabbat shakllanib borayotganini his etdi. Jajjigina qo‘llariga tennis raketkasini tutgancha to‘p urishga urinayotgan qizining harakatlarini kuzatgan otasi Saidxo‘ja aka qizining kelajagi sport bilan bog‘liq ekanini o‘shanda payqagan edi.

– Birinchi ustozim otam, – deydi tennis bo‘yicha ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibasi Sarvinoz Saidxo‘jayeva. – U kishi akalarim bilan tinimsiz mashg‘ulotlar o‘tar, ularni kuzatish esa menga zavq bag‘ishlardi. Men ham o‘zimcha mashqlar qilardim. Keyinchalik esa otam menga ham tennisning nozik sir-asrorlarini o‘rgata boshladi. Rosti, bolalikdagi qiziqishim yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘tarishimga turtki berdi.

Sarvinoz 1997 yil Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida sportchilar oilasida dunyoga keldi. Oiladagi sportparvarlik, sog‘lom muhit, o‘zaro ahillik samarasi o‘laroq, u ota-onasining faxri, yurtning iftixorli yoshlaridan biriga aylandi.

– Bolaligimda televizor orqali ko‘plab sport musobaqalarini tomosha qilish jarayonida sportchilarning g‘oliblik shohsupasida turishlarini, ularning mag‘rur nigohlarini ko‘rib, “Men ham, albatta, chempion bo‘laman”, deya intilardim, – deydi Sarvinoz. – Axir, bir qiz uchun nufuzli turnirlarda g‘olib bo‘lish, elning nazariga tushish, eng muhimi, jonajon Vatani nomini mudom ilg‘orlar safida turishida o‘z hissasini qo‘shishdan ortiq baxt bormi?!

Akalari bilan Toshkentda o‘tkazilgan tennis musobaqasiga shunchaki tomoshabin sifatida kelgan Sarvinozning qobiliyatini ham sinab ko‘rishga qaror qilishadi. Natijada birinchi urinishdayoq yaxshi natija qayd etib, ushbu musobaqada beshinchi o‘rinni egallaydi. Yosh sportchi bu voqeani mamnuniyat bilan eslaydi. Boisi shu yutuqdan so‘ng otasi Sarvinozda tennisni o‘zlashtirishga tug‘ma iste’dodi borligini sezib, uni “Istiqlol” tennis kortiga yetaklab keldi. Bu esa tez orada o‘z natijalarini ko‘rsatdi.

U 2004 yil Toshkent shahrida “Matluba ona” sovrini uchun o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng Sarvinozning tennis olamidagi “yurishi” boshlanadi. 2004-2009 yillar davomida O‘zbekiston Tennis federatsiyasi tomonidan jadval asosida tashkillashtirilgan musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egalab bordi. 2009 yil respublika miqyosida o‘tkazilgan “Olimpiya umidlari” sport musobaqasida ishtirok etib faxrli birinchi o‘rinni egalladi va Respublika Olimpiya zahiralari tennis maktabiga imtiyozli qabul qilindi.

Yana o‘qing:  Odamning tafti

– Qizimning tennischi bo‘lishini xayolimga keltirolmasdim, – deydi Sarvinozning otasi Sobirxo‘ja aka. – Qizim qatnayotgan MTM tennis korti bilan yonma-yon joylashgani sabab akalari bilan mashg‘ulot o‘tganimda uni ham olib chiqardik. Hech bo‘lmaganda zerikmasdan o‘ynab o‘tiradi, deb o‘ylardik. Sarvinoz bo‘lsa tanaffus vaqtida akalarining raketkasini olib o‘zicha mashq qilardi. Jajjigina qizimizning harakatlarini ko‘rib u bilan jiddiy ravishda shug‘ullanishga qaror qildik.

– Sarvinoz sport bilan shug‘ullanish jarayonida faqat foyda topdi, deb o‘ylayman, – deydi Barno opa. – Zero, sport orqali unda o‘ziga nisbatan ishonch, qat’iyat shakllandi. Shuningdek, salomatligi mustahkamlanib bordi, qomati ham to‘g‘ri rivojlandi. Shu sababdan qizimni sportga berganimdan hech qachon afsuslanmayman. Ayniqsa, chet eldagi musobaqalarga chiqqanimizda ishtirokchilar meni ko‘rsatib “Bu Sarvinozning onasi”, deyishganda ko‘nglimda cheksiz faxr jo‘sh uradi. Ko‘zlarimga beixtiyor yosh keladi. Qizimni dunyoga tanilayotgani, uning qilgan mehnatlari beiz ketmaganidan quvonaman. Ona uchun bolasining muvaffaqiyatlarini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Qizimning yutuqlarga erishishida esa hukumatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning o‘rni beqiyos.

Asta-sekin tennis olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan Sarvinoz dastlab 2009 yil Turkmaniston Respublikasida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda juftlik bahslarida ikkita birinchi o‘rin, yakkalik bahslarida ikkita ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi.

Shundan so‘n har yili turli davlatlarda bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda ishtirok etish jarayonida sovrinli o‘rinlarni egallab, o‘z reytingini ko‘tarib boradi.

Ayniqsa, 2012 yil Sarvinoz uchun omadli keldi. Shu yili u Toshkent shahri va Namangan viloyatida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Respublika chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2013 yil Farg‘ona shaxrida o‘tkazilgan “Fergana Cup ITF” xalqaro turnirida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘sha yilning o‘zida Bangladeshda o‘tkazilgan ITF musobaqasida yakkalik va juftlik bahslarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, o‘z orzulari sari navbatdagi dadil qadamni tashladi.

– Qiz bola uchun sport har tomonlama foyda deb hisoblayman, – deydi Sarvinoz. – Yurtimizda ayollar sportiga, ayollar salomatligiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Shu sababdan biz ham ana shu g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lishga harakat qilamiz. Turli davlatlarda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilganimda ona Vatanim bayrog‘i ostida uning madhiyasini tinglab ko‘zlarimdan yosh chiqadi. Bu yosh, shubhasiz, minnatdorlik belgisi. Shu kungacha erishgan yutuqlarimda ota-onam, ustozlarim bilan Vatanimning ham hissasi beqiyos ekanini anglayman.

Yana o‘qing:  Qo‘lingiz dard ko‘rmasin…

Sog‘lom onadan – sog‘lom bola tug‘iladi. Shu sababdan yurtimizda qizlarni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom qilib voyaga yetkazish yo‘lida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi qizlarimiz bo‘lg‘usi onalar ekanini his qilgan holda sport bilan muntazam shug‘ullanib borishlari lozim. Zero, salomatlik va sport bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: