TA’LIMDA TURNIKET TIZIMI
To‘rtinchi sinfda o‘qiydigan jiyanimni maktabiga olib borsam asosiy kirish eshigida o‘rnatilgan moslamani ko‘rib ajablandim. Navbatchi o‘qituvchidan bu haqida ma’lumot co‘radim. Mazkur moslama sms-turniket deb atalar ekan. Uning asosiy maqsadi o‘quvchilarning davomatini nazorat qilib borishdan iborat. Ta’lim muassasasining o‘quvchilari, o‘qituvchilar va boshqa xodimlarga elektron plastik karta-ruxsatnomalar berilgan, ular shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma vazifasini ham o‘taydi. O‘quvchilar va ularga berilgan kartochkalar haqidagi ma’lumot tizim xotirasida saqlanadi. Turniketdan o‘tish uchun kartochka undagi maxsus tabloga yaqinlashtiriladi. Tizim undagi ma’lumotlarni avtomat tarzda o‘qiydi va agar u tizimda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, o‘tish yo‘lkasi ochiladi. Aks holda u yopiqligicha qoladi. O‘quvchi maktab binosiga kirayotganida uning ota-onasi bola binoga kirgani yoki undan chiqqani haqidagi sms-xabarni oladi.
Dunyo shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda yoshlarni turli xil oqimlar ta’siridan saqlash uchun ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish, qanday yumush bilan mashg‘ul bo‘layotganidan xabardor bo‘lish, tarbiyada nazoratni kuchaytirish talab etiladi. O‘quv maskanlarida sms-turniketlarning o‘rnatilgani ana shu qatiy nazoratni birmuncha yengillatadi. Endi siz bamaylixotir ishlashingiz, kuningizni xavotirsiz o‘tkazishingiz mumkin. Sababi farzandingizning qay vaqtda o‘qishdan chiqishini, hatto biror bir tartibsizlik qilganidan ham darhol xabar topasiz. Bularning barchasi sms-turniketlar orqali amalga oshiriladi.
– Qizim poytaxtimizdagi 110-umumta’lim maktabida o‘qiydi, – deydi onasi Dildora Qosimova. – Qiz farzand tarbiyasi nechog‘lik mushkul ekani o‘zingizga ma’lum. Oldinlari ba’zan ishga shoshilsam qizalog‘imni maktabga olib borolmay o‘zini yuborardim. Shunday paytlarda ko‘nglim notinchlanib ustoziga qo‘ng‘iroq qilaverardim. Endi esa hech bir ikkilanishsiz qizimni maktabga kuzataman. Ishxonamga yetib kelgunimcha uning darsda ekanligi haqida uyali aloqa vositamga sms-xabar keladi. Biz ota-onalar bolamiz ham ta’lim olayotganidan, ham nazoratda ekanidan mamnunmiz.
Albatta, sms-turniketlar ota-onalar uchun yaxshi qulaylik yaratdi. Bu nafaqat davomatni, balki ta’lim sifatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega. Qanday qilib deysizmi? Bolaligingizni bir eslang. Uyga vazifani bajarishga erinchoqlik qilib yoki o‘yinga berilib, kattalar “Darsingni tayyorlamaysanmi?” degan savoliga “Bugun ustozim vazifa bermadi” deb qutilardik. Ertasi kuni esa kundaligimizga ikki baho tushardi. Bolalarimiz ham biz qilgan sho‘xliklarni takrorlashi tabiiy hol. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q sms-turniket orqali har kuni kechgi soat 18:00gacha bolangizga qanday topshiriqlar berilgani to‘g‘risida telefoningizga sms keladi. Farzandingizning dars tayyorlashiga yordam berib, kundaligidagi besh baholardan xursand bo‘lasiz. Ta’lim tizimida yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar istiqbolli kelajakni ta’minlaydi.
Sms-turniketlar maktablardagina emas kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida ham o‘rnatilmoqda.
– Tarbiyada ozgina bo‘lsada e’tiborsizlik katta fojealarni yuzaga keltirishi mumkin, – deydi Mirobod tumani kompyuter texnologiyalari kolleji direktori Bo‘stonali Tojiboyev. – Ish faoliyatnimni boshlagan paytlarim bir o‘quvchi yigitimiz darsga kelmay qo‘ydi. Yaqin do‘sti “betob bo‘lgani uchun kelolmayapti” deb aytgandan so‘ng xabar olish uchun uyiga qo‘ng‘iroq qildik. Otasi bir pastda yetib keldi va farzandining har kuni o‘qishga ketayotganini aytdi. Uni topib qat’iy choralar ko‘rdik. Ma’lum vaqtdan keyin o‘quvchimiz xatosini anglab tengdoshlari safiga qo‘shildi. Kollejni eng namunali o‘quvchilar qatorida tamomladi.
Sms-turniketning o‘rnatilgani yuqoridagi kabi ko‘ngilsizliklarni bartaraf etmoqda. Kollejimizda 1 ming 27 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. To‘rt yo‘nalishda kompyuter texnologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bino hududida va sinfxonalarda jami 32 ta video kameralar o‘rnatilgan. O‘quvchilarimizning o‘z kasbining ustasi bo‘lib yetishishi hamda yaxshi tarbiya topishi bizning yutug‘imizdir. Shu bois sms-turniketlar va qo‘shimcha choralar joriy etilmoqda.
Darhaqiqat, darsdan “qochish”lar o‘quvchilar orasida uchrab turadi. Ayniqsa, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar, xususan oliy o‘quv yurti talabalarining chuqur ta’lim olishiga hech bir sabab halal bermasligi lozim. Kelajak bilimli yoshlar qo‘lida ekan ular uchun barcha shart-sharoitlardan, barcha imkoniyatlardan unumli foydalanilmoqda. Birgina O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat institutida ham sms-turniketlar o‘rnatilgan.
– Oliy o‘quv yurtida turniketlarning o‘rnatilgani davomatni nazorat qilish bilan birga dars jarayoniga boshqalarning xalal bermasligini ham ta’minlamoqda, – deydi O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat instituti rektorining moliyaviy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Asliddin Boboxo‘jayev. – Viloyatlardan kelib tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari farzandidan ko‘ngli xotirjam. Olisdan bo‘lsada, bolasining qay paytda darsga kelayotganidan xabardor. Qolaversa, sms-turniketlar talabalarimizga ham qulaylik yaratayapti.
Institutimizga qarashli talabalar turur joyi hududimizda joylashgan bo‘lib, xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Kirish eshigida mas’ul xavfsizlik xodimlaridan tashqari turniketlar ham o‘rnatilgan. Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan yigit va qizlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklardan xoli. Turniketlar yordamida hududga faqatgina institut talabalari kiradi, notanish shaxslar esa zarur bo‘lgandagina maxsus ruhsatnoma bilan kirishi mumkin.
Ha, yaratilayotgan bu kabi qulaylik natijasida ta’lim sifati ortish bilan bir qatorda, o‘quvchilar tarbiyasi ham izchil nazorat qilinyapti. Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan sms-turniketlar asta-sekin boshqa ta’lim muassasalarida ham joriy etilmoqda.
Muxtasar aytganda, davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor samarasida kelajagimiz egalari har sohada yuqori cho‘qillarni egallamoqda. Yoshlarimiz istiqbolli manzillar sari ildamlab borar ekan mustaqilligimiz ham barqaror bo‘ladi.
Dildora QARSHIBOYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri