BEShINCHI BORA
Filippin poytaxti Manila shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi tashkil etilganining 60 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda joriy yilgi futbol mavsumining turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari taqdirlandi.
Vatandoshimiz Ravshan Ermatov Eron vakili Ali Rizo Fag‘oniy va bahraynlik Navof Shukrulloh nomzodligini ortda qoldirib yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan holda “Osiyoning eng yaxshi hakami” bo‘ldi.
Shu tariqa Ermatov beshinchi bora Osiyoning eng yaxshi hakami deb tan olindi. Shuni ta’kidlash joizki, u 2008, 2009, 2010 va 2011 yillarda ham xuddi shunday muvaffaqiyatga erishgan edi.
Eslatib o‘tamiz, hamyurtimiz yozda Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati vaqtida to‘rtta o‘yinni boshqarib, mundiallardagi uchrashuvlari sonini 9 taga yetkazgan va bu borada rekord o‘rnatgan edi.