TILSIZ YOVNING QILMISHI YOMON
Har yili qish faslida isitish moslamalariga bo‘lgan ehtiyoj bir muncha ortadi. O‘z navbatida gaz va elektr jihozlaridan ehtiyotsizlik bilan foydalanish oqibatida yong‘in kelib chiqishi ham keskin oshadi.
Ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan joriy yilning 20 noyabridan 20 dekabriga qadar respublika miqyosida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini, shuningdek aholi turar-joylarini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq holga keltirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Fuqarolarning yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishini nazorat qilib borish hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan talafotlarning oldini olish yong‘in xavfsizligi xodimlariga muhim vazifalarni yuklaydi. Jumladan, ular yil davomida aholi turar joylarida uchrashuvlar tashkil qilib, fuqarolarni maishiy texnika vositalaridan to‘g‘ri foydalanishlari uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi. Hududlarda mas’ul xodimlar har bir xonadonni ko‘zdan kechirib, yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etadi.
Yong‘in xavfsizligi oyligi davomida mas’ul xodimlar bilan bir qatorda fuqarolar ham faol ishtirok etishlari zarur. Biroz e’tiborsizlik natijasida nafaqat o‘zimizni, balki, yaqin atrofimizda istiqomat qiluvchilarga ham jiddiy zarar yetkazishimiz mumkinligini unutmaslik lozim.
F. ARIPBOYEV,
12-HYOXO 24-HYOXQ katta inspektori