IJTIMOIY SOHA – USTUVOR MAQSAD
Mamlakatimiz Prezidentining 2014 yil 21 noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni biz talabalarni ham nihoyatda xursand qildi. Bu e’tibor yurtimizda ijtimoiy himoyaga, jumladan, biz yoshlarga katta ahamiyat berilib kelinayotganini o‘zida ifoda qiladi.
Ijtimoiy sohaga davlat byudjetidan bu yil qancha foiz ajratildi?
Oybek IBROHIMOV,
talaba
Darhaqiqat, bu xushxabarni yoshlar ham quvonch bilan kutib oldilar. Zero, Prezidentimizning “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi 2014 yil 31 iyul va 2014 yil 21 noyabrdagi Farmonlari aholiga bo‘lgan g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasidir. Fuqarolarning turmush darajasini oshirish borasidagi chora-tadbirlar tizimida talabalarga ham katta ahamiyat berib kelinayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, istiqlol yillarida mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirish, xususan, aholining daromadlarini yuksaltirishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Navbatdagi farmonda respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida 2014 yilning 15 dekabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 barobar oshirildi.
Mazkur yilning 15 dekabridan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam oylik ish haqi 118 400 so‘m etib belgilandi. Bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqalar, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga, pensionerlarga berilayotgan nafaqalar ham shunga mos ravishda oshirildi. Bu esa joriy yilda davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgani tufaylidir. Jahonda yuz berayotgan iqtisodiy tanazzulga qaramay, mamlakatimiz aholisining daromadlari o‘sib borayotgani iqtisodiyotimizning yuksalayotganidan darak beradi.
Amalga oshirilayotgan bunday izchil ishlar har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish va mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish uchun muhim poydevordir.
Umid NIYAZOV,
Pskent tumani davlat notarial idorasi notariusi