AN’ANAVIY TURNIR

iQtidorli bolalarni saralaydi

Kecha poytaxtimizdagi “Qushbegi” sport majmuasida stol tennisi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” kubogi uchun o‘tkazilayotgan XI o‘smirlar turnirining respublika bosqichi musobaqalariga start berildi.

Sport – salomatlik garovi. U ruhning tetikligini, tanning salomatligini ta’minlaydi. Tabiiyki, sog‘lom va har tomonlama barkamol avlod tarbiyasida sportning o‘rni beqiyosdir. Shu sababdan yoshlarni sportga oshno qilish, jismoniy tarbiya bilan faol shug‘ullanishlari va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda yoshlarni ommaviy tarzda sportga jalb etish maqsadida turli-tuman musobaqalari tashkil etilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Respublika stol tennisi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan 56 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etmoqda.

Tadbirda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi raisi Svetlana Inamova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda bolalarni sog‘lomlashtirish, ularni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishga oid ezgu ishlar salmog‘i ortib, bu yo‘nalishdagi sharoit va imkoniyatlar yil sayin kengayib borayotganini ta’kidladi.

Yurtimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida kamol topishlarini ta’minlash, iqtidori va qobiliyatlarini to‘la namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan.

Sport tadbiri dastlab badiiy chiqish bilan boshlandi. Betakror raqs va akrobatik chiqishlar tadbir ishtirokchilarining ko‘ngliga bayramona shukuh bag‘ishladi. Shundan so‘ng musobaqalariga start berildi. Ishtirokchilar juftlik va yakka tartibdagi bahslarda o‘zaro bellashdi.

– Bunday musobaqalar sportga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshiradi, oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishishda kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muhriddin Rajabov. – Uch yildan buyon stol tennisi bilan muntazam shug‘ullanaman. Kelgusida xalqaro musobaqalarda ona Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish orzusidaman.

Yurtimizda stol tennisi Federatsiyasining 118 ta bo‘limi mavjud. Sportning mazkur turi bilan respublikamizda 14 ming nafardan ortiq bola shug‘ullanadi va ularning soni yildan-yilga ortib bormoqda. Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri sportchilari xalqaro turnir va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini himoya qilmoqdalar.

Yana o‘qing:  Ertak eshitmay ulg‘aygan bola... yo‘q

– Sport insonning irodasini toblaydi, o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yib, unga erishish yo‘lida barcha qiyinchilik va mashaqqatlarni yengishga o‘rgatadi, – deydi Sirdaryo viloyati terma jamoasi murabbiyi Dilrabo Umrqulova. – Ayni vaqtda mamlakatimizda sportning barcha sohalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik esa kishiga o‘z ishidan faxrlanish va faqat va faqat oldinga intilishga undaydi. Shu bilan bir qatorda sportchilarda ham o‘zlariga bo‘lgan mas’uliyatning ortishiga yordam beradi. Bugun tashkil etilgan bahslarda ishtirok etayotgan shogirdlarimga mazkur bellashuvlar kelajakda xalqaro miqyosdagi musobaqalardagi g‘alabalar uchun poydevor bo‘lishi shubhasiz.

Amalga oshirilayotgan bunday izchil ishlar tufayli sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengayib, ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i muttasil ortmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” kubogi doirasida bo‘lib o‘tayotgan musobaqalar bugun o‘z nihoyasiga yetadi.

N. NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: