SAYLOV VA AYOLLAR

Ayollarning saylov jarayonidagi ishtiroki va ularga berilgan huquq va imkoniyatlar haqida bilishni istardik.

Dilbar Sharipova,

Urganch shahri

Saylovlar demokratik jamiyatning asosi hisoblanadi. Demokratiya bu xalq hokimiyatchiligi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish tizimidir. Shuning uchun har qanday saylov tizimining asosiy vazifasi saylov jarayonlarini imkon qadar ochiq o‘tkazish va unda mutlaqo xolislikni ta’minlashdan iboratdir. Saylovlar ko‘pchilik xohish-irodasini shakllantirish va qarama-qarshiliklarni demokratik hal etishning to‘laqonli mexanizmidir. Shu bilan birga yangi siyosiy namoyandalarni shakllantirish vazifasini ham bajaradi. Partiyalarning maqsad va dasturlarini, manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga safarbar etish vositasiga aylanadi. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashishga qodir bo‘lgan amaliy muxolifatni shakllantiradi.

Saylovlar orqali aholining keng qatlami va hatto, siyosiy maydondan uzoq bo‘lgan kishilar siyosiy jarayonga tortiladi. Saylovlar muayyan darajada aholining siyosiy ta’limi maktabiga aylanadi. Saylovoldi kurash maydoni siyosiy partiyalar, hatto ijtimoiy faol bo‘lmagan fuqarolarning e’tiborini jamiyat hayotining turli sohalaridagi muammolarini o‘ylashga jalb etishi bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida kechayotgan muhim palla – O‘zbekiston Respublikasi vakillik organlariga saylovlarni o‘tkazish jarayoni, shubhasiz, barcha fuqarolardan alohida mas’uliyat talab etadi. Zero, yurt kelajagi, millat taqdiri ayni jarayondagi siyosiy faolligimizga ko‘p jihatdan bog‘liq ekanligini har bir kishi, jumladan, yoshlar va ayollar ham unutmasligi lozim. Chunki, mamlakatimiz aholisining 51 foizidan ortig‘i ayollardir.

Ayollarning saylov jarayonidagi ishtiroki va ularga berilgan huquq va imkoniyatlar haqida gapirganda avvalo O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan huquqiy normalarga e’tibor beramiz. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida: “ O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart” deb belgilab qo‘yilgan.

Bosh qonunimizning “Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari” nomli X bobining 46– moddasida esa:”Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deyiladi. Albatta, bu yerda saylov haqida gap bo‘lmasada, ushbu satrlar bevosita saylovlarga ham daxldordir.

Konstitutsiyamizning 117-moddasida esa saylash va saylanish huquqlari kafolatlangan. Jumladan, unda shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi”. Ushbu huquqiy norma o‘n sakkizga kirgan har bir ayolning saylash huquqini kafolatlaydi. Zero, jahondagi ba’zi mamlakatlarda ayollar saylash huquqini qo‘lga kiritish uchun intilmoqdalar.

Yana o‘qing:  Bolamga qanday sovg‘a olsam ekan?..

Endi ayollarning saylanish huquqiga kelsak, bu borada milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqib, parlament va mahalliy hokimiyatlarga saylovlarda ayollarga kvota belgilanganligidir. Prezident tashabbusi bilan Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlariga nomzod ko‘rsatishda har qaysi siyosiy partiya tomonidan xotin-qizlarga kamida 30 foiz o‘rin ajratish sharti belgilab qo‘yilganligi siyosatchi ayollar tayyorlashga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining “Deputatlikka siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ko‘rsatish” nomli 22-moddasida hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining “Deputatlikka siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan nomzodlar ko‘rsatish” bo‘limining 22-moddasida. “Xotin-qizlar soni siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi lozim” deb belgilab qo‘yilgan.

Saylov qonunchiligimizning bu tariqa takomillashtirilishi milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqadi. Yangi joriy etilgan kvota tizimiga ko‘ra siyosiy partiyalar hokimiyatning qonun chiqaruvchi va vakillik organlariga nomzodlar ko‘rsatilishi 2004 yilgi saylovlarda birinchi marta qo‘llanildi. Natijada ayollarning Milliy qonunchilikdagi faol ishtirokini ta’minladi. Ushbu kvota belgilanganligi tufayli parlament a’zolari bo‘lgan ayollar soni avvalgi parlament sayloviga ko‘ra ikki baravarga ko‘paydi. Oliy Majlis qonunchilik palatasida 21 nafar ayol deputat (18 foiz ) va 15 nafar ayol (15 foiz) Senatda faoliyat yuritdi.

Hozirgi paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 33 ayol deputat (22 foiz) va 15 nafar ayol (15 foiz) Senatda faoliyat yuritayapti.

Mamlakatimizda joriy yilning 21-dekabr kuni hokimiyatning qonun chiqaruvchi va mahalliy vakillik organlariga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Saylovlar ayni qizg‘in pallaga kirgan payti. Respublika Markaziy saylov komissiyasining matbuot anjumanidagi xabariga ko‘ra esa ro‘yxatga olingan nomzodlarning 31,8 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Saylanish huquqida imtiyozlar belgilanganligi tufayli MDH mamlakatlari orasida bu borada O‘zbekiston ancha ilgarilab ketdi. Kvota berilgan paytdagi davrlarni qiyoslaydigan bo‘lsak Rossiya parlamentida ayollar ikki saylov davrida 8 va 10 foizni, Qozog‘istonda 11 va 12 foizni tashkil etdi. Bu borada jahonda Shvetsariya parlamentini namunali desa bo‘ladi. Parlamentda ayollar ishtiroki 48 foizni tashkil qiladi. Oldingi parlament saylovlarida ular 43 foiz edi. Ushbu ko‘rsatgich Polsha parlamentida 18 va 23, Pokiston parlamentida 17 va 18 foizdir.

Yana o‘qing:  BOSHIMNI SILADI VATAN QO‘LLARI

Amalga oshirilgan ishlardan ko‘rib turibsiz, ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni bajarish boshqa mamlakatlarga qaraganda bizning yurtimizda anchagina yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Jahonga yuz tutgan O‘zbekistonimizda parlament islohotlarini amalga oshirish haqiqiy fuqarolik jamiyatini barpo etishning chinakam kalitidir. Saylovlar esa ochiqlik va xolislikni bildiradi.

Mamlakatimiz uzluksiz rivojlanmoqda. Taraqqiyot jarayoni esa yangilanishlar va tub islohotlarni anglatadi. El farovonligi, yurt tinchligi, mamlakat taraqqiyotini ko‘zlab qonun chiqaruvchi ikki palatali parlamentimizning faoliyatini yanada yuksalishiga katta ishonch bildiramiz.

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: