OG‘IR ATLETIKACHILARIMIZ “OLIMPIADA O‘YINLARI-2016” YO’LLANMALARINI NAQD QILIB QO‘YDILAR
Joriy yilning 7-16 noyabr kunlari Qozog‘istonning Olma-ota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati bahslari o‘tkazildi.
Dunyoning 72 davlati vakillari ishtirok etgan mazkur nufuzli musobaqada jahonning bugungi kundagi eng kuchli og‘ir atletikachilari aniqlanishi bilan birga, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun dastlabki ochkolarni ham qo‘lga kiritadi.
Olma-otada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida erkaklar terma jamoamiz 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 7-o‘rinni, ochkolar bo‘yicha esa 9-o‘rinni egalladilar (erkaklar o‘rtasidagi musobaqada 52 davlat vakili ishtirok etgan) va Olimpiada o‘yinlarining 5 ta litsenziyasini deyarli naqd qilib qo‘yishdi. Ayollar terma jamoasi esa ochkolar hisobida 10-o‘rinni egallab (ayollar musobaqasida 47 davlat vakili qatnashdi) 3 ta yo‘llanmaga ega bo‘ldilar.
Terma jamoamiz muvaffaqiyatiga Ruslan Nurudinov (-105 kg.), Ulug‘bek Alimov (-85 kg), Ivan Yefremov (+105 kg), Sardorbek Do‘stmurodov (-105 kg), Doston Yoqubov (-69 kg), Muhammad Begaliyev (-85 kg), Adhamjon Ergashev (-62 kg), Marina Sisoyeva (-53 kg), Mahliyo Tog‘ayeva (-48 kg), Manzura Mamasoliyeva (-69 kg), Farangiz Shomurodova (-58 kg) va Lola Qodirova (-48 kg) hissa qo‘shdilar.
Jahon chempioni Ruslan Nurudinov dast ko‘tarishda 193 kg. natija bilan oltin, siltab ko‘tarishda 239 kg. natija bilan bronza, ikkikurash yakunlariga ko‘ra esa 432 kg. natija bilan kumush medal sovrindori bo‘ldi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Ruslan Nurudinov mazkur jahon chempionatida qayd etgan natijasi bilan o‘zining shaxsiy rekordini ham yangiladi.
Terma jamoamiz hisobiga yana bir kumush medalni Ulug‘bek Alimov siltab ko‘tarish musobaqasida 213 kg. toshni o‘ziga bo‘ysundirgan holda qo‘lga kiritdi.