TO‘G‘RI OVQATLANISH – HAZM TIZIMI KASALLIKLARINING OLDINI OLADI
Kuz fasli o‘zining to‘kinligi bilan ko‘zni quvontiradi. Ammo uning jozibasi bilan birga bu faslda xiltlar ham qo‘zg‘alib, surunkali kasalliklar bemorlarni bezovta qiladi. Ana shunday xastaliklar jumlasiga hazm tizimi kasalliklari kiradi. Quyida biz ushbu kasalliklar xususida ma’lumot berib ketamiz.
Hazm tizimi og‘iz bo‘shlig‘idan boshlanadi. Chunki, bu tizim uchun muhim bo‘lgan so‘lak ajralishi shu joyda so‘lak bezlari yordamida amalga oshiriladi. Ovqat og‘iz bo‘shlig‘idan halqum orqali qizilo‘ngachgacha tushadi. Qizilo‘ngach ichidan shilliq parda, tashqarisidan esa seroz parda bilan qoplangan mushakli naydan iborat bo‘lib ovqat luqmasini me’daga o‘tkazib beradi.
Kasallik tashqi va ichki muhitning juda kuchli salbiy ta’sirlari tufayli organizmning me’yordagi faoliyatining buzilishidir. Organizm himoya kuchlarini safarbar etishiga qaramasdan uning moslanuvchanligining susayib ketishi bilan xarakterlanadi. Tashqi omillar jumlasiga infeksion, mexanik, fizik harorat, kimyoviy (ishqor kislota), ovqatlanishning buzilishi, oilaning ijtimoiy holati(kam ta’minlanganlik), salbiy his-hayajonlar, allergik omil va irsiyat kabilar kiradi. Masalan, gastrit(me’daning yallig‘lanishi)da me’dada ovqatning turib, dimlanib qolishi, ovqatlanish rejimining buzilishi va yana unga infeksiyaning qo‘shilishi, allergik, salbiy his-hayajonlar ham salbiy rol o‘ynaydi.
Me’da tashqi tomondan biriktiruvchi to‘qimadan iborat seroz parda bilan qoplangan. Uning ichki devori shilliq pardalardan iborat. Me’daning seroz qoplami va shilliq pardasi o‘rtasida mushak qatlam joylashgan. Tananing o‘rta chizig‘idan ko‘proq chapda joylashgan me’da, uning davomi-o‘n ikki barmoq ichak, me’da osti bezi, jigar, o‘t qopchasi va qizilo‘ngachning pastgi bo‘limiga juda yaqin turadi.
Me’daning boshlang‘ich ya’ni, yuqori qismidayoq bu yerga qizilo‘ngachdan tushadigan ovqat tarkibida xlorid kislotasi bo‘lgan me’da shirasi bilan aralasha boshlaydi. Bu shirani me’da shilliq pardasida joylashgan bezlar ishlab beradi. Me’da shirasida shuningdek, pektin fermenti bo‘lib, u go‘sht va boshqa oqsil moddalarning hazm bo‘lishiga imkon beradi. Me’da bezlari faoliyatiga asab tolalari impulslari ta’sir qiladi. Insonning ruhiy(emotsional omil) holati, ovqat qabul qilish vaqtidagi sharoit hazm jarayonida katta rol o‘ynaydi. Ovqatning miqdori va sifati-me’da shirasi ajralishini kuchaytiruvchi yoki pasaytiruvchi jiddiy omillardan hisoblanadi. Me’da osti bezi ishlab beradigan pankreatik shira uglevodlarning hazm bo‘lishiga imkon beradi. U o‘n ikki barmoq ichak bo‘shlig‘iga maxsus yo‘l orqali tushadi.
Pankreatik shira jigar ishlab chiqaradigan va o‘t qopchasida yig‘iladigan o‘t suyuqligi bilan birga yog‘larning hazm bo‘lishiga jiddiy ta’sir qiladi.
Yara kasalligida, gastritda og‘riq to‘sh ostida, jigar va o‘t qopchasi kasalligida o‘ng qovurg‘alar ostida, ingichka ichak kasalliklarida kindik atroflarida, yo‘g‘on ichak, to‘g‘ri ichak kasalliklarida og‘riq qorin pastki qismida joylashadi. Ishtahaning o‘zgarishi ko‘p jihatdan me’da sekretsiyasi va kislotalili darajasiga bog‘liq. Ishtahaning ochilib ketishi me’da sekretsiyasi va kislotasining oshishi bilan bog‘liq. Bemorning ayrim oziq-ovqat mahsulotlaridan yuz o‘girishi esa uning pasayishi bilan bog‘liq.
Og‘izdan yoqimsiz hid kelishi va ta’m buzilishi me’da shilliq pardasi yallig‘langanida, achchiq maza-jigar va o‘t qopchasi kasallanganda, metall ta’mi esa ovqatdan zaharlanishning ayrim turlarida bo‘ladi. Ko‘ngil aynishi-to‘sh osti sohasida yoqimsiz sezgi paydo bo‘lishidir. Qayt qilish me’daning evakuator(o‘tkazib berish) ishining buzilishi natijasida yuzaga keladi. Masalan, kofe quyqasi aralash qusish me’dadan qon oqqanda, nahorda shilimshiq aralash qusish-surunkali gastritda, o‘t suyuqligi aralash qusish-o‘t yo‘llari patologiyasi(nuqsonlari)da kuzatiladi. Kekirish me’dadan qizilo‘ngachga havo o‘tganda paydo bo‘ladi. Och qoringa kekirish me’da suyuqligida xlorid kislotasi kamayib ketganda kuzatiladi. Bunday holatda bemor kekirganda og‘zidan palag‘da tuxum (vodorod sulfid) hidi keladi. Ovqat yeyish vaqtida kekirish ayniqsa, xastalikka to‘g‘ri tashxis qo‘yishda katta ahamiyatga ega. Bu me’daning ovqat massasi yoki suyuqlikni o‘tkazib berish faoliyati buzilganligidan dalolat beradi.
Zarda qaynashi-to‘sh usti yuqori qismida, xanjarsimon o‘siq ostida va to‘sh orqasida (bu qizilo‘ngachning pastki qismiga mos keladi) kuchli achishish sezgisi paydo bo‘lishi. Bu noxush holat ko‘p hollarda me’dadan qizilo‘ngachga nordon me’da suyuqligi otilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Qizilo‘ngachning eng ko‘p tarqalgan kasalliklari ezofagit-yallig‘lanish boshqa patologik o‘zgarishlar: spazm(siqilish), stenoz(torayish), chegaralangan kengayish hisoblanadi.
Uning spazmi odatda funksional buzilishlar natijasida, yallig‘lanishi-surunkali ta’sirlanuvchilar asosida, masalan muntazam ravishda juda qaynoq yoki sovuq ovqat va ichimliklar iste’mol qilinganda paydo bo‘ladi.
Qizilo‘ngachdan qon oqishi venalarning varikoz kengayishida kuzatilib, bu jigar sirrozida yoki qizilo‘ngach xavfli o‘smadan zararlanganda kuzatiladi.
Uning kimyoviy (ishqor kislota) zararlanish yoki termik kuyishi natijasida chandiqlar paydo bo‘lib, torayishi (stenoz)ga olib keladi.
Ko‘pincha uzoq vaqtgacha ovqatni kam iste’mol qilish natijasida me’daning kichrayishi kuzatiladi. Birdaniga ko‘p tanovul qilish esa o‘tkir gastrit rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bu xastalikning ehtimol tutilgan ikkinchi sababi-urinib qolgan (muzlatgichda turgan ikki-uch kunlik ovqat kabi)mahsulotlarni iste’mol qilishdir. Turib qolgan ovqatda hosil bo‘lgan zaharli moddalar me’da shilliq pardasi yallig‘lanishiga olib keladi. Bundan tashqari uzoq vaqt saqlangan ovqatda patogen mikroorganizmlarning rivojlanish xavfi ko‘payadi. Ular ovqatdan zaharlanishni keltirib chiqarishi mumkin.
Tamaki (sigaret), nos chekish me’da shilliq pardasiga nihoyatda zararlidir. Chekish jarayonida tamakidan juda zararli qatronsimon modda hosil bo‘ladi. Me’da shilliq pardasiga tobiga yetkazib pishirilmagan ovqat (chala pishgan va qovurilgan go‘sht, jigar, murch, baliq) shuningdek, sirka, xantal(gorchitsa), xren(erqalampir), qalampirni suiste’mol qilish yoqimsiz ta’sir ko‘rsatadi. Bu ziravorlar me’da shilliq pardasini, ayniqsa uning kichik egriligi sohasida asseptik yallig‘lanishga olib keladi. Me’dadagi o‘tkir o‘zgarishlar aksariyat patogen mikroorganizmlarning organizmdagi turli surunkali o‘choqlaridan (otit, gaymorit, tonzillit, xoletsistit, appenditsit, kolit va hokazolar.) tushishi oqibatida sodir bo‘ladi. Bemorlar to‘sh ostidagi g‘oyat noxush sezgilar, og‘irlik, ko‘pincha achishishdan shikoyat qiladilar. Og‘riq sababli og‘iz bemaza bo‘ladi va undan yeyilgan ovqat yoki palag‘da tuxum hidi, achimsiq hid keladi. Zarda qaynaydi, ichak faoliyati buziladi (qabziyat yoki ich ketishi), axlatda hazm bo‘lmagan ovqat qoldiqlarini topish mumkin. Ishtaha juda pasayib ketadi.
Keyinchalik o‘tkir gastritda, odatda, patologik jarayonga o‘t yo‘llari, jigar, me’da osti bezi, ichaklar qo‘shiladi. O‘t suyuqligi (safro) aralash qayt qilish belgilari ana shunga bog‘liq. Kasallikning boshlanib kelish davrida tilni oqimtir pardali karash qoplagan, kindik yuqorisida to‘sh osti sohasida yoqimsiz og‘riq, qorin dam bo‘lishi kuzatiladi. Bemor e’tiborsizlik bilan yursa (yoqmaydigan ovqatlar yeyish, ichkilikni suiste’mol qilish, nahorda sigaret, nos chekish) gastrit surunkali turga o‘tadi. Qorinni to‘lib ketganidek his qilish to‘sh ostidagi og‘irlik kasallikning boshlang‘ich belgilaridan hisoblanadi. Yallig‘langan shilliq parda har qanday mexanik ta’sirlanishlar natijasida (ovqat luqmalari) og‘riq manbai bo‘lib qoladi. Agar o‘n ikki barmoq ichakka me’da shirasi bilan konsentrlangan xlorid kislotasi tushsa va u o‘n ikki barmoq ichakning ishqoriy eritmasi bilan neytrallanmasa, bu holda shilliq parda uzoq vaqtgacha ta’sirlanib erroziya-yara hosil bo‘lishiga hamda spazm-siqilish sababli kuchli og‘riqqa sabab bo‘ladi. Me’da kasalligiga tashhis qo‘yish bemorning uchun zond yutishining ahamiyati katta.
Axlatda yashirin qon borligini tekshirish g‘oyat muhim. Bu me’da va o‘n ikki barmoqli ichakda yashirin qon ketayotganligini aniqlashga imkon beradi. Bemor gastrofibroskopiya yordamida to‘liq tekshiruvdan keyin davolansa bo‘ladi.
Har bir bemor uchun individual davo tadbirlari tavsiya qilinadi. Davo mehnat va dam olish hamda kun tartibini me’yorga keltirishdan boshlanadi:
Bemor ovqatni oz miqdorda nisbatan qisqa vaqt oraliqlarida (kuniga 4-6 marta) ma’lum soatlardagina yeyishi kerak. Jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan saqlanish zarur. Xasta kishi uyida ovqatdan keyin o‘rinda yotganicha qorniga iliq grelka qo‘yib dam olishi kerak. Shifokor me’dani xonaki usulda-zondsiz yuvishni tavsiya qiladi. Bu davo chorasi qator kasallik sezgilarini paydo qiladigan ko‘p miqdordagi shilimshiqni me’dadan sun’iy qustirish yordamida chiqaradi. Buning uchun ozroq natriy karbonatni (har bir stakan suvga 1/2 choy qoshig‘ida) 4-6 stakan qaynagan iliq suvda eritiladi. Bemor 4-6 stakan eritmaning hammasini ichadi. Shundan so‘ng barmoqlari bilan til ildizini ta’sirlantirib qayt qiladi. Me’dasi yuvilgan bemor 5-10 daqiqagacha qorniga grelka qo‘yib yotishi kerak. Uni qoringa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ymay, ikki qavat qilib buklangan sochiq ustidan qo‘yish kerak. Surunkali gastriti qo‘zigan bemorga dastlabki kunlarda ovqat yeyishga ruxsat etilmaydi.
Gastritda ertalabki nonushta har doimgi yeyiladigan ovqatning yarmini tashkil etishi zarur. Shuningdek, bu taom hajm jihatidan katta bo‘lmasligi kerak. Chunki, uyqudan keyin hazm shiralarining ajralishi birmuncha sekinlashgan bo‘ladi. Nonushtaga yaxshisi manniy bo‘tqasi yoki guruchli bo‘tqa, bug‘da pishgan kotlet yeyish, bir stakan qaynoq bo‘lmagan, suyuqroq ko‘k choy ichish kerak. Yana kartoshka yoki sabzili pyure, bug‘da pishgan oqsilli omlet, yog‘siz qaynatilgan mahsulotlar (baliq, karam, lavlagi) tavsiya etilishi mumkin.
Bemorlar kofe va kakao ichmasliklari kerak. Chunki, bu ichimliklar me’da shilliq pardasiga yomon ta’sir qiladi. Qalampir, xantal, tuzlamalar hamda sarimsoqpiyoz va xom piyoz, sirka taomnomadan chiqariladi.
Ovqat intoksikatsiyasi(zaharlanish), sanoat va maishiy zaharlanishdan ehtiyot bo‘lish va ichish-chekishdan tiyilish ham kasallikning oldini olishda muhim omildir. Gastritga davo qilishda oqilona ovqatlanish va parhez ovqatlarning katta ahamiyatga ega ekanligini unutmaslik kerak.
Bahodir Hamidov,
ToshPMI dotsenti,
Xalqaro inson va tabiatni ekologik xavfsizligi Ilmiy akademiyasi muxbir a’zosi, oliy toifali jarroh,
Mirmaqsud Norov,
magistratura rezidenti