KUZNING SURATI
Hayajonlarim xayolga tutqich bermaydi. Dunyoga sig‘amanu, o‘zimga sig‘mayman. Xayolim semurg‘ qushlar yanglig‘ parvoz qiladi: ko‘zlagan manzilin ixtiyor etadi… yetdim deganda yo‘l hali olisligini anglaydi. Mening musavvir ko‘nglim shunday! Qo‘limga qalam tutgan onlarimdan rang axtaraman – uni bo‘yoqlarda emas, holatlarda sirli shivirlashini istayman. Oddiygina muhrlagim keladi: samoyu zaminning bag‘ri birlashib, oltinrangga aylanadi.
Dunyoning eng mo‘ysafid ertakchisi cho‘pchak aytayotgandek: “Chirt-chirt” uzilayotgan yaproqlar kuzning ogohlantiruvchi ilk maktublari. Junjiktiruvchi shamollar kutilgan va yo‘llangan xabarnoma. Tomchilar zamin orziqib peshvoz chiqqan obi zamzam…
Poyoni adoqsiz kengliklarga razm solaman: shamol musiqasiga raqs tushayotgan yaproqlar sadosi alla aytayotir go‘yo. Kuzning azaliy qo‘shiqlarining abadiy naqorotidek… Ko‘zlarga muhrlangan qo‘shiqlar bu! Unda shamolning etaklarida yomg‘ir bolalaydi… shamolning etaklarida qo‘l ushlagan yaproqlar aylanadi, aylanaveradi – bolalikning doira o‘yinidek adoqsiz. Bebosh yellarga dosh berolmagan yaproqlar o‘mbaloq oshadi – qishloqning bolasidek.
Kuzning suratini chizmoqchi bo‘laman…
Izlaganim izlariga asta bo‘yoq tortaman. Bobom ming yillik nasihatini takrorlaydi: Kuz qishning darakchisi, bolam. Daraxtning barglari pastidan to‘kilsa qish iliq keladi, tepasidan to‘kilsa sovuqqa tadorik ko‘rish kerak. Buvim ham anoyi emas, kecha aytgani yodida bo‘lsada, yana eslatib qo‘yadi, qushlar past va yoyilib uchsa qish iliq o‘tadi…
Kuzning suratini chizmoqchi bo‘laman…
Kechki payt turgan shamoldan Onam derazalarni asta ochadi: — Yomg‘irning hidi kelyapti, joningga huzur bag‘ishlaydigan…
Tongda Otam romli ayvonning oynaklarini ochib yuboradi — yomg‘irning salqini “gup” etib urilsada junjiktirmaydi. Rohatbaxsh epkin esadi…
Kuzning suratini chizmoqchi bo‘laman…
Yomg‘irpo‘sh kiyib, soyabon tutgan bolakay kovushchasi suvga to‘lganidan bexabar sakraydi: kimning og‘ziga yetti tomchi yomg‘ir tushsa sehrgarga aylanarmish…
Ko‘pqavatli uylarning erka nabirasi oyoqlari orasidan boshini chiqarib “yo‘l ko‘radi”. Boboyu buvining quvonchi qo‘sh bo‘ladi. Nabirasini yanayam suyib qo‘yadi:
– Bugun qishloqdan mehmon keladiganga o‘xshaydi, ko‘zlaringga tumor bo‘lay bolam…
Cholu kampirning gaplari tugamasdan eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Avval ostonada olma, anor, yong‘og‘u qovoqlar solingan savatlar, keyin mehmonlar ko‘rinishadi. Xonani to‘kin bog‘larning isi tutadi.
Kuzning suratini chizmoqchi bo‘laman…
Dilfuza ShOMALIKOVA