KICHIK XARIDORLARGA KATTA TUHFA
Yangi o‘quv yili arafasida joylarda tashkil etilgan maktab bozorlari o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Ular bir vaqtning o‘zida ham maktab formalari hamda kerakli o‘quv qurollarini xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘layapti.
“Chorsu” bozorining markazida joylashgan “Maktab bozori” savdo shahobchalarini aylanar ekanmiz, xaridorlar talabiyu mahsulot sifati bilan qiziqdik:
– Biz Buxoro shahridanmiz. Uch nafar farzandimiz bor. Toshkentga sayohat bahonasida farzandlarimizga “Chorsu” bozoridan maktab uchun zarur o‘quv qurollarini xarid qildik. Sevinch qizimizga olgan mana bu bejirim sumkani ko‘ring, narxi ham qimmat emas. Bolalarimizga yaratilgan shunday imkoniyatlardan quvonib ketasan, – deydi buxorolik Ikrom Boboyev.
Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud 1514 ta matbaa korxonalaridan 21 tasi daftar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib ular ichki bozorni daftar bilan to‘la ta’minlash imkoniyatiga ega.
“Maktab bozori” rastalarida qator ilingan o‘quvchi-yoshlar uchun maktab formalarini xarid qilayotgan ota-onalarning ko‘pchiligi yurtimizda ertamiz egalari uchun yaratilgan mavjud sharoitlardan mamnunligini izhor qilishdi:
– Oyim bilan yangi o‘quv yili uchun daftarlar, bo‘yoq-qalamlar sotib oldik. Mana bu rasm daftarimni o‘zim tanladim, rasm chizishga qiziqaman, – deydi kichik suhbatdoshimiz 65-maktabning 2-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Oripova.
Xaridorlar bilan suhbatlashar ekanmiz, bundan bir necha yil oldin muqovasiga sharqona tarbiya jarayoniga, milliy urf-odatlarimizga mos kelmaydigan suratlar aks ettirilgan daftarlar va rasm daftarlari savdo rastalaridan chiqarib tashlanganidan ularning quvonchini his qildik.
– Biz sotayotgan o‘quv qurollarining barchasi o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Sifatli, bezaklari bejirim, eng muhimi xaridorgir mahsulotlar. Daftar muqovasidagi turli xil o‘quvchi-yoshlarning tahsil jarayoniga halal beradigan, tarbiyasiga yod bo‘lgan suratlar o‘rniga buyuk allomalarimiz siymosi aks ettirilgani ayni muddaodir, – deya suhbatimizga qo‘shildi sotuvchilar Muyassar Ma’mirova hamda Hamidjon Ikromovlar.
Darhaqiqat, savdo rastalaridagi muqovasi qalin umumiy daftarlarni varaqlar ekanmiz ularning sifatli, oppoq qog‘ozdagi chiziqlarning ravon hamda yorqinligining guvohi bo‘ldik. Daftar varaqlarining hoshiyalari bir tekis tortilgan, o‘quvchilarning ruhiga mos hamda ko‘rish a’zolari salomatligiga ta’sir qilmaydi. “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, “ARENA-HOLDING GROUP” ingliz-o‘zbek qo‘shma korxonasi, “PERFECT CHOICE GROUP” MCHJ kabi o‘nlab matbaa korxonalarining sifatli mahsulotlari haqli ravishda kichik xaridorlarni o‘zlariga chorlab turibdi. Bir so‘z bilan aytganda ekologik sofligi, bezak va muqovalarining risoladagidek ko‘rinishda bo‘lgan o‘quv qurollarining barchasi ertamiz egalari bo‘lmish bolajonlarimiz uchun yangi o‘quv yiliga munosib tuhfadir.
Jamila HAYDAROVA