Zulfiyaning “Oltin kuz” she’ridan
Sevaman, oltin kuz, sevaman jondan,
Atlas tabiatli go‘zal chog‘ingni.
Daraxtlar libosi rango-rang, gulgun,
Ko‘zni erkalagan chaman bog‘ingni.
Men g‘amgin boqmayman, ko‘nglimda bahor,
Oltin yaproqlarga qarab tolmayman.
Yasant kelinchakday har bir daraxtni
Sevaman! Nigohim uza olmayman.
To‘zoni yuvilgan barglar shamolda,
Rangini ko‘z-ko‘zlab qilganda huzur,
Hozir tingan yomg‘ir tomchilarida,
Oltin yaproqlarda yonib toza nur –
Gavhar marjon kabi yaltirab tursa,
Meni ham o‘raydi she’riy hayajon!
Quyoshni qarshilab chiqib ayvonga,
Nurlarga ko‘milib yuraman shodon.
Sevaman oltin kuz, sevaman jondan!
Tovusday bezangan daraxt, bog‘larni!
Yomg‘irli oqshoming, quyoshli tonging,
Xayolga cho‘mganim go‘zal onlarni!