Go‘dagim durkun o‘ssin desangiz
Uni ona sutidan bebaHra Qoldirmang
Tabobat ilmi sultoni, mashhur vatandoshimiz, qomusiy alloma Abu Ali ibn Sino ham o‘zining tibbiy risolalarida ona sutining go‘dak mijoziga qanday ijobiy ta’sir etishi xususida yozib qoldirgan.
Chaqaloq tug‘ilganidan boshlab dastlabki ikki yil mobaynida ona sutidan bahramand bo‘lib turishi uning har tomonlama ruhiy va jismoniy kamol topishida juda katta ahamiyat kasb etadi. Go‘dakning o‘sib va ulg‘ayishi uchun kerakli barcha organik va noorganik moddalar faqat ona sutida mavjud. Jajji vujud o‘z ehtiyojlarini ko‘krak suti bilan qondiradi. Shu jihatdan ayrim hayvonlarning (sigir, qo‘y, echki, ot, tuya hamda boshqa jonzotlar) suti ona suti kabi bo‘la olmaydi.
To‘qqiz oy davomida ona vujudida mittigina hujayradan barcha a’zo va to‘qimalarga ega bo‘lgan bir butun organizm shakllanib, tug‘ilishi hamda uning keyingi o‘sib rivojlanishi ham tegishli tartibda genetik jihatdan dasturlangan bo‘ladi. Mana shu dasturning amalga oshirilishida bolaning iste’mol qiladigan ozuqa moddasi, ya’ni ona suti hal qiluvchi ahamiyatga ega. Uning tarkibida aynan shu bola organizmi uchun zarur bo‘lgan uning barcha fiziologik va biokimyoviy talablariga mos keladigan oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, makro va mikroelementlar, vitaminlar hamda ko‘plab biologik faol moddalar kerakli miqdorda shuningdek, nisbatda bo‘ladi.Ulardan ayrimlarining qisman ko‘p yoki kam bo‘lishi, boshqacharoq nisbatda bo‘lishi, murg‘ak organizmning birinchi navbatda sog‘ligiga va rivojlanishiga atrof-muhitga moslashishiga, aqliy hamda jismoniy shakllanishiga sezilarli holda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sutning tarkibi va xususiyatlarini bola organizmi ehtiyojlari hamda talablariga bunday mos kelishi odamdan tashqari boshqa sut emizuvchi hayvonlarga ham tegishli bo‘lib, ular sutida har xil oziq moddalarning miqdori ular bolasining rivojlanish xususiyatlari chambarchas bog‘langan. Agar ona sutida oqsillarning umumiy miqdori 1,25 foiz bo‘lsa, sigir sutida bu ko‘rsatkich ikki baravardan ham ko‘p (3,2 foiz). Bir vaqtning o‘zida ona sutidagi oqsil kazein sigir sutidagiga nisbatan kam (0,5 foiz) bo‘lib, unda qon zardobidagi oqsillarga o‘xshash 18 xil oqsil uchraydi. Bu oqsil zarrachalari o‘zining biokimyoviy va biofizikaviy xususiyatlari bois bola hazm a’zolarida osongina o‘zlashtiriladi.
Ona suti tarkibidagi yog‘ miqdori ham hayvonlarninkiga qaraganda ancha farq qilib, ularning tarkibida tez va oson hazm bo‘ladigan, vitaminsimon, to‘yinmagan yog‘ kislotalari sezilarli darajada ko‘p bo‘ladi. Jumladan, olein va lenol yog‘ kislotalari ona sutida 37,4 va 10,6 foizni tashkil qilsa, sigir sutida bu ko‘rsatkich 17,7 va 2,1foizga teng, xolos. Qiyin hazm bo‘ladigan to‘yingan palmitin yog‘ kislotasi esa sigir sutida (38,6 foiz) ona sutidagidan (26,7foiz) ko‘p bo‘ladi.
Tirik organizmni energiya (quvvat) bilan ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan oziq modda – uglevodlarning odam va hayvon sutidagi farqi yanada yaqqolroq seziladi. Agar sigir sutida uglevodlar asosan sut shakari-laktoza shaklida uchrasa (4,5foiz), ona sutida uglevodlar bunday disaxaridlardan tashqari yana mono(glyukoza, galaktoza) va trisaxaridlar (fukozidolaktozadlar) ko‘rinishida ancha serob bo‘ladi (7,8foizgacha). Yana shu narsa ham muhimki organizmning mijoziga mos va sifatli sut bilan ta’minlanishida uning tarkibidagi asosiy oziq moddalarning (oqsillar, yog‘lar va uglevodlar) bir-biriga nisbati muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan ona sutida ushbu nisbat 1,0:1,3:4,2 (ya’ni, 1 hissa oqsil, 1,3 hissa yog‘ va 4,2 hissa uglevodlar) bo‘lsa, sigir sutida u 1,0:1,2:1,5 nisbatda bo‘ladi.
Ona va sigir sutining kimyoviy tarkibidagi bunday tafovut chaqaloq va buzoqning o‘sib voyaga yetishi uchun ketadigan vaqt bilan dasturlangan. Ya’ni, agar odam bolasi misolida bu vaqt 15-20 yilga teng bo‘lsa, buzoqning yetuk qoramolga aylanishiga esa bor yo‘g‘i 1,5 yil yetarli. Bu qisqa vaqt ichida uning voyaga yetishi uchun albatta ko‘proq oqsil talab etiladi. Agar chaqaloqni doimiy ravishda sigir suti bilan oziqlantirib borilsa, uning organizmida uglevodlar taqchilligi kuzatiladi. Aksincha oqsillar nisbatan organizmga ko‘p tushganligi sababli go‘dak organizmining rivojlanishi va salomatligida turli nuqsonlar vujudga kelishi mumkin. Shularni e’tiborga olgan holda yosh bolalarga beriladigan sigir sutiga oz miqdorda shirinlik va qaynatilgan suv qo‘shib ichirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunday shirinlik sifatida tabiiy va toza asal ishlatilsa yanada yaxshiroq. Chunki, asal o‘zining tarkibidagi mikronutriyentlari (mineral moddalar, vitaminlar, fermentlar va boshqa biologik faol moddalar) bilan inson qoniga juda yaqin turadi. Shuning uchun ham uning foydali tomonlari boshqa shirinliklardan ustun turadi.
Demak, ona sutida umumiy uglevodlar hissasi boshqa asosiy oziq moddalariga nisbatan sezilarli darajada ko‘p bo‘lib, bu hol o‘z navbatida odam bolasining barcha energetik ehtiyojlari uchun birinchi navbatda aynan shu oziq modda zarurligini ko‘rsatadi.
Ko‘krak suti va sigir sutlari bir-biridan tarkibidagi mineral moddalar bilan ham farq qiladi. Chunonchi, ona sutida bu moddalarning umumiy miqdori 1,0 g/litr bo‘lsa, sigir sutida ular ushbu ko‘rsatkichdan 3,5 baravar ortiq. Sut oqsillar, yog‘lar, ma’danli moddalar va shu bilan bir qatorda hayot uchun nihoyatda zarur bo‘lgan vitaminlarga ham boy bo‘lgan qimmatli oziq modda hisoblanadi. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra ona suti tarkibida A, Ye, S vitaminlari sigir sutidagiga qaraganda sezilarli darajada ko‘p bo‘ladi. Sigir suti qaynatib iste’mol qilinganligi uchun undagi ko‘pgina vitaminlar miqdori ancha kamayib ketadi. Hozir sotuvda go‘daklarning yoshiga moslab turli sun’iy sutli aralashmalar va quruq qadoqlangan sifatli yormali bo‘tqalar chiqarilgan. Ular ham chaqaloqlarni oziqlantirishda qo‘l keladi.
Shoniyoz Qurbonov,
biologiya fanlari doktori, professor
Gulnoza BO‘ronova,
biolog, Qarshi davlat universiteti