FARZANDINGIZ “2” OLSA, KOYIMANG
Shoir Usta Ochil shunday yozadi: “Odam bolasi bamisoli olovdagi qo‘rg‘oshin, undan har qanday shaklni yasasa bo‘ladi”. Agar bolada go‘dakligidanoq biror qobiliyat sezilsa, “Bo‘lar bola boshidan”, deya yaxshi orzu-niyatlar qilinadi.
Lekin, teskarisi bo‘lsa-chi? Yalqov, o‘yinqaroq, qobiliyatsiz va “ikkichi” bo‘lsa, qanday xulosa qilish kerak? Shunday bo‘lgan taqdirda ham umidsizlikka aslo o‘rin yo‘q. Avvalo, inson imkoniyatlarining cheki-chegarasi yo‘q. Qolaversa, kelgusida kimni nimalar kutishi – taqdir pardasi ortidagi ish. Hatto, payg‘ambarlar ham kelajak va taqdir haqida hukm chiqarishdan ko‘ra, yaxshi niyat qilishni afzal ko‘rganlar. Demak, barcha sabablar va natijalar – nisbiy, deyish mumkin. Inson imkoniyatlarining chegarasi esa xuddi sahrodagi sarob kabi omonat ko‘rinadi. Ya’ni, odam nimaniki chin dildan istab, harakat qilsa, ertami-kech shunga erishishi mumkin. Buyuk ishlarning amalga oshishiga jismoniy cheklanganlik, xastalik kabilar ham to‘siq bo‘la olmaydi.
Olamshumul “Nisbiylik nazariyasi”ning asoschisi Eynshteyn maktabda fizikadan “ikki”, matematikadan “uch”ga o‘qigan.
***
Isaak Nyuton yoshligida “o‘ta layoqatsizligi” uchun maktabdan haydalgan. Olamshumul kashfiyotlar qilgan olim 72 yoshga kirganidagina o‘z mehnatlariga so‘zboshi yozgan.
***
Buyuk kimyogar Lui Paster yoshligida kimyoni “eng zerikarli va jini suymaydigan fan” deb hisoblagan.
***
Lyudvig Van Betxoven umrining oxirigacha ko‘paytirish amalini bajara olmagan.
***
Gyote eng zo‘r asarlarini 50 yoshdan keyin yaratgan.
***
E.Gaon ismli shaxs o‘zi o‘qigan 2500 ta kitobni so‘zma-so‘z yoddan bilgan.
***
Ingliz adibasi Virjiniya Vulf o‘z kitoblarining aksariyatini tik turib yozgan.
***
L.Po ismli haykaltarosh butunlay so‘qir (ko‘r) bo‘lishiga qaramay, paypaslash orqali yuzdan ziyod ajoyib haykallar yasagan.
***
Sara Bernar 70 yoshga kirganida 13 yashar qizaloq rolini o‘ynagan.
Baxtiyor HAYDAROV