MO‘JIZA YARATAYOTGAN QO‘LLAR
Xosiyat Mirzaliyevaning yumushi bir qarashda sodda va oddiy tuyulsa ham, u egallayotgan hunar tamoman qo‘l mehnatiga asoslanadi. Va u o‘z mehnati, intilishlari ortidan ko‘pgina yutuqlarga erishdi. Mahallada, tengdoshlari orasida, san’at ixlosmandlari ichida tanildi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida tug‘ilgan san’atsevar qiz amaliy san’atning munchoq bezagi yo‘nalishida ijod qiladi.
Bu san’atning ustasi bo‘lishda munchoqning chiroyi kamdek. Aytaylik, bunda go‘zallikning nozik pardalarini his etish, kutilmagan manzaralar yarata olish mahorati kerakdek, chamamda.
Bu hunar qahramonimizni bolaligidayoq hayratga solar edi. Bir kun kelib u o‘zidagi xohishni kuchli istakka, istakning esa hunarga aylanishini kutmagan bo‘lsa, ne ajab.
Xosiyat dastlab Navro‘z bayrami munosabati bilan tuman miqyosida o‘tkazilib kelinadigan tanlovlarda qatnashdi. O‘sha yillari u qo‘l mehnati yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmada 1-o‘rin sohibasi bo‘ldi. Bu uning birinchi yutug‘i edi. Ushbu e’tirof qalbida san’atga bo‘lgan muhabbati alanga ololmay turgan qizchaga katta ishtiyoq baxsh etdi. Keyinchalik u maktabda o‘tkaziladigan “Hosil bayrami” ko‘rgazmasida muvaffaqiyatli qatnashdi, tumanda o‘tkazilgan “Kamalak-2010” tanlovida 1-o‘ringa loyiq topildi. O‘sha yili “Kamolot” YOIH tomonidan o‘tkazilgan “Qo‘li gul tikuvchi” yo‘nalishidagi g‘oliblik ham aynan Xosiyatga nasib etdi.
2011 yil shahar miqyosida o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan” tanlovida ham uning omadi keldi.
Xosiyat Mirzaliyevaning respublika ko‘rik-tanlovlaridagi ishtiroki uning ijodiy imkoniyatlarini tobladi. Xususan, 2012 yil Buxoroda o‘tkazilgan “Jilvador yog‘dular”, 2013 yil Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan “Yosh dizayner” ko‘rik-tanlovlarida uning ijodi alohida e’tirof etildi hamda birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
Bu yutuqlar hozirda Respublika rassomchilik kollejida tahsil olayotgan qizning hayotidan bir lavha. Hali oldinda qo‘lga kiritilmagan marralar, yaratilishi rejalashtirilgan san’at asarlari, e’tiboru e’tiroflar…
Aslini olganda, insonlar uchun ahamiyatsizdek ko‘ringan har bir mashg‘ulotni muhim ahamiyatga sazovor qilish mumkin. O‘ylab ko‘ring, daryo sohillarida minglab mitti chig‘anoqlar tartibsiz sochilib yotadi. Ular hech kimning e’tiborini o‘ziga jalb etmaydi. Ammo ularni saralab, bir tizginga solsangiz yoki biror buyumni bezashda foydalansangiz chig‘anoqlarning asl go‘zalligi ko‘zga tashlanadi.
Xosiyat ham ana shu yo‘ldan boradi. Biz hayratlanmaydigan buyumlarni shunday ustalik bilan bezatadiki, san’tiga beixtiyor tasannolar aytasiz. Uning o‘zi bu haqda shunday deydi:
– Asl mo‘jizalar oddiylikda sodir bo‘lishi haqida eshitgan edim. Buyumning bahosini uning bezagi oshirishi, shubhasiz. Agar matoga oltin suvi bilan naqsh bitsangizu, u qalb qo‘ri bilan chizilmagan bo‘lsa – foydasiz. Har yili yuzlab sayyohlar mamlakatimizning tarixiy qadamjolariga tashrif buyuradi. Bunga asl sabab osori atiqalarimizning yuksak san’at va saviya bilan yaratilganligidir. Ayniqsa, ulardagi sharqona ohanglar va naqshlar kishi xayolotiga o‘zgacha sokinlik va iliqlik olib kiradi. Men milliy matolarimizda tabiatning eng go‘zal va sof chizgilarini tasvirlashga harakat qilaman. Anor, bodom kabi daraxtlarning gullariga hech e’tibor berganmisiz. Ular juda nafis bo‘ladi. O‘tmishda ularga tinchlik, farovonlik ramzi sifatida qarashgan. Ularni matolarda aks ettirar ekanman, uning zamirida tinchlik, oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni aks ettirishga harakat qilaman.
Xosiyatning san’ati haqida yana ko‘p iliq so‘zlar aytish mumkin. Hatto, joriy yilda Olmazor tumanida o‘tkazilgan “Mahallaning eng orasta qizlari” ko‘rik-tanlovida uning tashakkurnoma bilan taqdirlanishi ham bejiz emas. Eng muhimi, bir yurak va bu qo‘llar o‘z istaklarini bajarish yo‘lida tinim bilmay mehnat qilmoqda.
Muyassar JUMAMURODOVA,
O‘zMU talabasi