BOLA NEGA YOMON ISHGA QO‘L URADI?
Oilada go‘dak dunyoga keldi. Uning “inga-inga”si ota-onasining qalbiga olam-olam quvonch, hayajon olib kiradi. Shu damda ularning yuragida chek-chegarasiz orzular uyg‘onadi. Kelajakda bu jigarbandining hayoti nurafshon bo‘lishini hoxlaydilar. Ammo har doim ham ular istaganidek bo‘lavermaydi.
Insonning kamol topishi, hayotda o‘z o‘rniga, el-yurt ichida izzat-hurmatga ega bo‘lishi, yuksak axloq-odob qoidalarini o‘zida mujassam etishida oila asosiy poydevordir. Oilada yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli tashkil etish, ularni aqliy va jismoniy mehnat orqali tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar mushtarakligi vositasida o‘z vazifalariga nisbatan mas’uliyatini oshirish har bir ota-onaning asosiy burchidir. Oilada amalga oshiriladigan tarbiya mazmuni farzandda o‘z ota-onasi, oilasi, avlod-ajdodlari tarixi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan o‘lkasi, tili, dini, an’analariga hurmat paydo qilish va uni shakllantirishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.
2010 yilda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilingan edi. Mazkur qonun doirasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, u orqali jamiyatda hech bir bolaning e’tibordan chetda qolmasligi, ertangi kunimiz davomchilari bo‘lmish yoshlarimizga yanada e’tiborliroq bo‘lish nazarda tutilgan.
Savol tug‘iladi. Bolaning huquqbuzarlik qilishiga sabab bo‘luvchi omillar nimalardan iborat?
– Bolalarning yomon xulqi oiladagi muhit yoki tashqi muhitdan yuzaga keladi, – deydi psixolog Zamira Bobonazarova. – 2-6 yoshlardagi bolalar orasida yomon xulqning ba’zi shakllari, ularning ruhiy va hissiy o‘zgarishlari natijasidir. Ota-ona va boshqa oila a’zolari mazkur o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi va tarbiyada qo‘polliklarga iloji boricha yo‘l qo‘ymasligi lozim. Haddan tashqari ishonchsizlik, so‘kish, haqorat va jismoniy jazo o‘zlari haqida ijobiy fikrga ega bo‘lmagan bolalarda o‘g‘irilik qilishga moyilik yaratadi. Ana shunday holat kuzatilganda bolaning kun tartibi bilan qiziqish kerak. Salbiy omillarni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash lozim. Sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib, avval o‘z xatolari haqida gapirib, keyin bolani tanqid qilish lozim. Uning kichik bir yutuqlarini ham qo‘llab-quvvatlash foydali. Agar oilada birgalikdagi faoliyat mavjud bo‘lmasa, bu holda munosabatlarda buzilish vujudga keladi. Bu o‘z navbatida bola shaxsi taraqqiyotiga ta’sir etadi.
Ko‘cha-ko‘yda “Senga tarbiya bergan ota-onanga rahmat” degan so‘zni eshitgan bola oilada shunday tarbiya topganidan g‘ururlanishi aniq.
Qiz bola onadan, o‘g‘il bola esa otadan andoza oladi. Bola – oilaning oynasi. Uning xulq-atvoridan u tarbiya topgan oilaning aksi ko‘rinadi.
E’tibor NORBO‘TAYEVA