MILLAT BUYUKLIGI VA BIRLIGINING TIMSOLI

Til – insoniyatga ato etilgan benihoya mo‘’tabar ne’mat. U millatni o‘z atrofida birlashtirib, olg‘a boshlovchi muqaddas mayoqdir. U odam bolasi uchun beminnat dastyor, xokisor hamroh ekanligi bilan ham qadrlidir. Dunyoda ma’lum-u mashhur har tilki bor, unda millatning o‘tmishi, buguni va ertasi mujassam. Onadek mo‘’tabar ona tilimiz ham har qancha e’zoz-u ehtiromga, arzigulikdir.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan qutlug‘ sana munosabati bilan har yili yurtimizda tilga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar, adabiy kecha va tadbirlar bo‘lib o‘tadi. “O‘zbek tiliga Davlat tili maqomini berish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qlinishi Ona tilimizning maqomi yuksalishiga xizmat qildi. Ming yillik xalq tilining xira tortgan ko‘zlari qaytadan ochildi. Albatta, ko‘p yillik bu orzuga yetishish oson kechmadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning o‘tgan asrning 80-yillarida Yozuvchilar uyushmasida o‘tgan bir asar muhokamasi bilan bog‘liq voqeani eslamay bo‘lmaydi: adiblarimizdan birining o‘zbek tilida nashr etilgan asari muhokamasi o‘zbek tilida olib borilar edi (albatta, majlis ishtirokchilarining barchasi o‘zbek bo‘lgani sababli). Nogahon rusiyzabon farrosh ayol kirib qolgani bois yig‘ilish rus tilida davom etadi. Bu, qanchalar achchiq bo‘lmasin, haqiqat. Shukrki, bugun unday qilishga hojat yo‘q: o‘zligimiz – o‘zbekligimiz qayta tiklandi. Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, “o‘tgan davr mobaynida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, uni tom ma’nodagi milliy qadriyatga aylantirish yo‘lida ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan ulkan ishlar amalga oshirildi. Istiqlol yillarida o‘zbek tilining qo‘llanish doirasi amalda nihoyatda kengaygani, uni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlar, tilimizning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan ilmiy va ommabop kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari, yangi-yangi lug‘atlar ko‘plab chop etilayotgani jamiyat tafakkurini yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda”.

Ma’lumki, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir.

Islom KARIMOV

Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unda respublikamizdagi boshqa tillarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Aksincha, ularning o‘zbek tili bilan teng rivojlanishi uchun qonuniy huquq berilgan. Bu haqda “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida quyidagilar qayd qilinadi: “Qabul qilingan qonunda davlat tili bilan birga yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tillarini rivojlantirish, davlat yo‘li bilan himoya qilish, tili, dini va millatidan qatiy nazar, har bir fuqaroning o‘z ona tilida ta’lim, axborot, kerakli ma’lumot olish kabi huquqlarini kafolatlash masalalari aniq belgilab qo‘yilgan edi. Bu qonun o‘sha paytda boshqa respublikalarda qabul qilingan tilga oid hujjatlardan o‘zining demokratik mohiyati bilan ajralib turishini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, mazkur Qonun davlat idoralarida ishlash, ta’lim olish, mansab lavozimlari bo‘yicha ko‘tarilish, fuqarolik singari masalalarda odamlarning huquq va erkinliklarini kamsitadigan turli shartlar va “tsenz”lardan xoli ekani bilan jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan talab va qoidalarga to‘liq javob berar edi. Shuning uchun ham u ko‘pmillatli xalqimiz tomonidan ijobiy kutib olingani bejiz emas”.

Яна ўқинг:  ДОРИ ВОСИТАЛАРИНИНГ НОЖЎЯ ТАЪСИРИ

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu qonun va respublikamizda olib borilayotgan islohotlar tufayli hozirgi o‘zbek tilshunosligida tilni o‘z sohibi bilan o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu uni “aloqa vositasi”gina degan tamg‘adan xalos qilib, xalqning ko‘hna, boy madaniyati va ma’naviyatining ramzi, insonga xos tabiiy tuyg‘ularining ifodachisi, tarixi va bugunini kelajakka avlodga meros sifatida yetkazuvchi vosita kabi ko‘pdan-ko‘p vazifalarini tadqiq qilish yuksalib borayotganida ko‘rish mumkin. Shu ma’noda tilshunosligimizda etnolingvistik, sotsiolingvistik, lingvokulturologik tadqiqotlarning ko‘payib borayotgani quvonarli hol. Ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlarning ko‘payishi bir tomondan, o‘zbek tilining tugal tadqiqiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, jahon ilmi – tilshunosligi integratsiyasiga qo‘shiluviga, uni boy nazariyalaridan oziqlanishi va unga o‘z hissasini qo‘shishiga olib keladi.

Xulosa shuki, o‘zbek tili xalqimizning bebaho boyligi sifatida zavol bilmay yashayveradi. Hali bu tilda ne-ne avlodlarga allalar aytiladi, ne-ne baytlar bitiladi. Negaki, uning egasi, kelajagining sohibi bor. Bu til, ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, millatimizning dunyoda borligini, abadiy yashashini ko‘rsatadigan oyinai hayoti, milliy ruhiyatining ifodasi bo‘lib qolaveradi.

Yorqinjon ODILOV,

Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti ilmiy xodimi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: