STOMATOLOGIYa POLIKLINIKASIDA BOLALAR BO‘LIMI FAOLIYATI KENGAYTIRILDI
Poytaxtimizdagi 4-sonli stomatologiya poliklinikasi so‘nggi yillarda jahon standartlari asosida kapital rekonstruksiya qilindi. Binobarin, muassasa zamonaviy ortopediya, stomatologiya, implantologiya va jarrohlik asbob-uskunalari bilan ta’minlangani tibbiy xizmat samaradorligini yuksaltirishga va bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yishga katta hissa qo‘shmoqda.
Xususan, hozirgi kunda poliklinikada kuniga 250 nafardan ziyod bemorga malakali stomatologik xizmat ko‘rsatilayotir.
Tibbiyot maskanida 65 nafar malakali shifokor faoliyat yuritadi. Muhimi, shifokorlarning barchasi o‘z toifalariga ega bo‘lib, mutaxassisliklari bo‘yicha nafaqat respublikamizda, balki jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi tibbiy muassasalarda bilim va ko‘nikmalarini oshirgan. Bu esa ish jarayonida tish kasalliklarining turli ko‘rinishlari va bosqichlarini o‘z vaqtida bartaraf qilishda qo‘l kelmoqda.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq poliklinikada qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Bolalar bo‘limining faoliyat doirasi kengaytirildi. Endilikda shifokorlar bolalarni belgilangan tartibda statsionarda va uylariga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishmoqda. Qolaversa, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogiron bemorlarga ham yashash joyida tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Ilgari mazkur bo‘limda atigi uch nafar shifokor faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda ularning soni o‘n nafarga yetdi. Boisi, ulg‘ayib kelayotgan o‘g‘il-qizlarning salomatliklarini asrashni yanada keng qamrov va yuqori sifatda amalga oshirishdan iboratdir.
Bir so‘z bilan aytganda, poliklinikamizda amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar farzandlarimizning har tomonlama sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetishlariga qaratilgan. Zero, sog‘lom avlodgina buyuk kelajakni qurishga qodir bo‘la oladi.
Ra’no SUBHONOVA,
poytaxtimizdagi 4-sonli stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori o‘rinbosari