AHOLI SALOMATLIGI – TURMUSH OBODLIGI
Yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida aholi salomatligini muhofaza qilish va bu borada tibbiy xizmat sifati hamda samaradorligini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom avlodni shakllantirish borasida tibbiyot muassasalarida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 19 fevraldagi “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi to‘g‘risidagi, 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 25 avgustdagi majlis bayonnomasi ijrosini ta’minlash maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” fondi Tibbiy-ijtimoiy markazi tomonidan Toshkent shahar, Olmazor tumani “G‘alaba” mahallasida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Mahalladagi 71 nafar ayol (shundan 31 nafari tug‘ish yoshida va 40 nafari keksa ayollar), 35 nafar bola, 2 nafar erkak tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 30 nafar ehtiyojmand fuqaroga xayriya asosida dori-darmonlar tarqatildi. Bundan tashqari, mahalla maslahatchisi, uchastka shifokori bilan hamkorlikda 3 nafar – Abro‘y Tursunov I guruh nogironi, Nina Omelchenko, Tamara Boyliyeva kabi yakka-yolg‘iz va nogiron qariyalarning ahvolidan xabar olinib, manzilli yordam ko‘rsatildi.
“G‘alaba” mahalla idorasida “Salomatlik” burchagi tashkil qilinib, fondning O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan kelishilgan turli mavzulardagi buklet va tarqatma materiallari joylashtirildi. Shuningdek, tibbiy ko‘rik davomida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, zamonaviy kontratsepsiya vositalari va ulardan to‘g‘ri foydalanish to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qildi.
Mazkur ko‘rikdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishdan iborat.
Adham USMONOV