OILA — QO‘Sh USTUNLI AYVON

Turfa xil go‘zalliklarga oshiyon bo‘lgan hayot zavqini albatta tani sihatlikda tuyasiz. Kishi xasta bo‘ldimi ko‘ziga dunyo tor ko‘rinadi. Bemor ko‘nglida yashashga bo‘lgan umid uchqunlarini alangalatib o‘ksik dilga quvonch tuyg‘ularini hadya etolgan shifokor chindanda najot farishtasidir.

Ha, egnidagi oq xalati misol pok qalbi, shirin zaboni, boy bilim tajribasi bilan ko‘plab bemorlarning dardiga davo topayotgan oilaviy shifokorlar — Bahodir Mamajonov va Robiyaxon Mamajonova haqida gap ketgudek bo‘lsa, ular sha’niga iliq fikrlar bildiriladi. Chunki el salomatligi yo‘lida hamisha kamarbasta bo‘layotgan bu insonlarning mehnati maqtasa arzigulik.

O‘rta maktabni tugatib Andijon Davlat tibbiyot oliygohida tahsil olgan Bahodir aka dastlab Qo‘qondagi 1-shahar shifoxonasida internaturani o‘tagach, Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidagi Rapqon qishloq shifoxonasida terapevt lavozimida ishlay boshlaydi. Qo‘li yengil shifokor qishloq aholisi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida tinimsiz izlandi. El nazariga tushdi.

Keyinchalik Bahodir Mamajonov Andijon Davlat tibbiyot oliygohi “Ichki kasalliklar” kafedrasida katta o‘qituvchi, so‘ngra Toshkent Tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialining “Ichki kasalliklar” kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimlarida ish faoliyatini davom ettiradi. 2000 yildan boshlab Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Shoshilinch Kardiologiya bo‘limida vrach-kardiolog lavozimida, 2004 yildan shu markazning Erta Reabilitatsiya bo‘limida bo‘lim mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Otasi Sobirjon Mamajonov singari shifokor degan sharafli kasbni ulug‘lashga intilib yashayotgan Bahodir aka bo‘lim faoliyatiga to‘xtalib shunday dedi: “Aholi orasida yurak kasalliklari tez-tez uchrab turadigan xastaliklar sirasiga kiradi. Tekshiruv jarayonida har bir bemorga alohida davolash usullari qo‘llaniladi. Bemorlarni davolashda fizioterapiya usullaridan keng foydalanayapmiz. O‘ziga xos uslub bilan davolash, og‘riq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi uqalash muolajalari, qisqa to‘lqinli tok yordamida davolash, bu borada qo‘l kelmoqda. Birgina bu emas yurak qon tomiri kasalliklarida taomnoma tartibiga qat’iy rioya etish talab etiladi. Bemorni shirin so‘z bilan davolash muhim ahamiyatga ega. Shifokor qanday holatda bo‘lmasin qabuliga kelgan bemorning hayoti uchun javobgar hisoblanadi. Bo‘limdagi har bir shifokor muntazam ravishda aholi o‘rtasida bo‘lib turli xil kasalliklarning oldini olish borasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasidagi targ‘ibot va tashviqot ishlarimiz o‘z samarasini bermoqda”.

Yana o‘qing:  “SOG‘LOM AVLOD” KUNLARI

Bahodir akaning turmush o‘rtog‘i Robiyaxon Mamajonova ham ichki kasalliklar bo‘yicha oliy toifaga ega. Maktabni a’lo baholarga tugatgan Robiyaxon Andijon Tibbiyot oliygohida tahsil olgan. Farg‘ona viloyatining “Nursux” qishloq vrachlik punktida dastlab ichki kasalliklar shifokori, so‘ngra qariyb o‘n yil mobaynida esa ushbu QVP mudiri vazifasida ishladi. Qishloq aholisining sog‘lig‘ini mustahkamlash yo‘lida olib borgan halol mehnati bois el orasida obro‘-e’tibor topdi. Shirinso‘z, izlanuvchan, jonkuyar shifokor hamisha kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘lib, huzuriga shifo izlab keluvchilarning ko‘ngliga yo‘l topdi. Qishloq ayollarining eng yaqin maslahatchisiga aylandi. Ayni vaqtda Respublika Shoshilinch Tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida ichki kasalliklar shifokori lavozimida faoliyat olib borayotgan Robiyaxon Mamajonova onasi tibbiyot xodimi O‘ktamxon aya orzusidagidek ham oilada, ham sevgan kasbida e’zoz va hurmatga sazovor bo‘ldi. “To‘g‘risini aytsam”, — deya ta’kidlaydi Robiyaxon opa, – yoshing katta bo‘lsada yangi jamoada ish boshlashdan biroz iymanib turar ekansan. Respublika Shoshilinch Tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida ichki kasalliklar shifokori lavozimiga tayinlanganimda yangi jamoaning bir oila farzandi singari ahil-inoqligidan, bir-birini qo‘llab-quvvatlashidan boshim ko‘kka yetdi. Ayniqsa markaz rahbari Odiljon Umarovning hamisha yangilikka intilishi, tinib-tinchimasligi bizni yanada ko‘proq o‘qib-o‘rganishga, zamonaviy tibbiyot usullaridan foydalanishimizga, o‘z ustimizda tinimsiz ishlashga undaydi. Shifokorlik kasbini tanlab orzuimga erishganimdan baxtiyorman”.

Ha, ayol kishi uchun bundanda ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Turmush o‘rtog‘i oliy toifali shifokor Bahodir Mamajonov bilan to‘rt nafar farzandni oq yuvib oq tarab voyaga yetkazdilar. Gulnoza, Dilnoza, Boburmirzolar ayni vaqtda oliygohlarda tahsil olishmoqda. Dildoraxon esa kollej o‘quvchisi.

Ha, ertasini bugunidan boshlab berayotgan nurafshon kunlar shukuhi oilaviy shifokorlarni qaynoq mehnat qo‘yniga chorlaydi. Biz esa el salomatligi yo‘lida kamarbasta bo‘layotgan qo‘li yengil shifokorlarga omad tilaymiz.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: