SPORTSEVAR BUVIJONLAR

Sir emaski, sport salomatlikning asosidir. Inson doimiy harakatda bo‘lib, muntazam sport bilan shug‘ullansa tetik va sog‘lom bo‘ladi. Zero, sport yordamida inson mushaklari chiniqib, qon aylanish tizimi faollashadi. Bu salomatlik uchun koni foyda. Ammo ba’zida aholining, ayniqsa, ellik yoshdan oshgan ayollarimizning kam harakatliligi, o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborsizligi bois turli xastalikka chalinayotganligi ham shifokorlarimiz tomonidan qayd etilmoqda. Buni qarangki, bir qator faol ayollarimizning tashabbusi bilan tashkil etilgan «Sog‘lom nazar» guruhi ham ayollarimiz orasida sportni targ‘ib etish barobarida ulardagi mavjud xastalikdan xalos etishga ko‘maklashmoqda.

Toshkent shahrining Chilonzor, Olmazor, Uchtepa, Mirobod, Yakkasaroy, Sergeli, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod tumanlaridagi 26 ta mahalladan turli millat vakillaridan iborat 135 nafar xotin-qizlar bir yerga jam bo‘lishdi. Ularga bosh-qosh bo‘lib, sport bilan shug‘ullanishlariga ko‘maklashayotgan guruh tashkilotchisi va bosh murabbiysi «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi» Maxfirat Qurbonova hisoblanadi. Mazkur guruh ayollarimiz tomonidan iliq kutib olindi. Hozirgi kunda guruhning Toshkent, Zarafshon, Farg‘ona shaharlari, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida ham filiallari faoliyat ko‘rsatib, 200 nafardan ziyod ayollar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqdalar.

– Maxfirat Qurbonova tomonidan o‘tkazilayotgan mashqlar turli yoshdagi, har xil jismoniy imkoniyatga va qobiliyatga ega kishilarga foyda keltirayotganini eshitib men ham Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da tashkil etilgan «Sog‘lom nazar» guruhi a’zolarining bajarayotgan mashqlarini bir necha kun kuzatdim, – deydi «Kamolon» mahallasidan 75 yoshni qarshilagan Qunduzxon aya. – Bajarilayotgan mashqlar menga ma’qul bo‘ldi. Mana guruhda ishtirok etayotganimga ikki oydan oshdi. Mashqlarni qiyinchiliksiz, to‘liq va bemalol bajarayapman. Kun sayin o‘zimni kechagidan yaxshiroq va kuchliroq sezaman.

Shunisi ahamiyatliki, sport guruhida o‘tkazilayotgan jismoniy mashqlar mutlaqo bepul tashkil etilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar ertalabki 6-00dan boshlanib, bir soatu 20 daqiqa davomida o‘tkaziladi. Bu esa ayollarning kun davomida tetik va bardam bo‘lishlariga yordam berar ekan. Mashqlar har bir ishtirokchining mavjud holatiga qarab belgilanadi. Guruh qatnashchilari uchun so‘rovnoma tashkil etilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zlarini bezovta qilayotgan og‘riqlar haqida bayon etishgan. Guruh murabbiylari mazkur so‘rovnomani o‘rganib chiqib, ularning tanasidagi ma’lum og‘riqlarning oldini olish hamda bartaraf qilish maqsadida jismoniy mashqlar majmuini ishlab chiqilgan.

Yana o‘qing:  Fidoyilik saodati

Shunga muvofiq har bir xotin-qizlarning istak va xohishiga binoan jismoniy tarbiya mashqlari ohista, sokin va tartib bilan ketma-ketlikda olib borilib, o‘tkaziladigan jismoniy tarbiya mashqlari majmui «Jismingiz toza bo‘lsin», «Sog‘lom bo‘lishning o‘nta siri», «YOGA tana va ruhni davolashning oson usullari», «Gimnastika», «Qarimaslik sirlari» qo‘llanmalaridan foydalangan holda tuzilgan bo‘lib, umumiy rivojlantiruvchi mashqlar birgalikda bajarilib, mashg‘ulotlar oralig‘ida dam olish daqiqasi, xotirani kuchaytirish mashqlari o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarda ruh va tan uyg‘unligi nihoyatda muhim bo‘lib, har bir belgilangan mashqlarda shunga alohida urg‘u beriladi. Organizmdagi bunday yangilanish jarayoni kuchga kirganida, esa qarish jarayoni sekinlashib, yosharish jarayoni boshlanadi. Xastaliklar asta-sekinlik bilan jismni tark etib boradi.

– Umurtqa sohamda paydo bo‘lgan churra bo‘yicha shifokorlarga murojaat etganimda uni operatsiya qilish zarurligini aytishdi, – deydi Xorazm viloyatidan Gavhar Matnazarova. – Sog‘lomlashtiruvchi mashg‘ulotlarini bajarishni boshlaganimdan buyon umurtqa sohamdagi og‘riqlar qoldi. So‘nggi tekshiruvdan o‘tganimda menga operatsiyaning keragi ham yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa «Sog‘lom nazar» guruhida olib borilayotgan mashqlar har bir ishtirokchining yoshiga qarab to‘g‘ri yo‘naltirilganligidan dalolatdir.

Ishtirokchilarning so‘zlariga ko‘ra mashqlar orasida «Yosharish sirlari» sog‘lomlashtirish dasturining beshta zaruriy mashqlari o‘zining samaraliligi jihatidan alohida ajralib turadi. Mashqlar organizm immunitetini kuchaytirishda tez samara berib, uning uchun ko‘p vaqt talab etilmasligi, mablag‘ va sport jihozlaridan foydanilmasligi bilan ahamiyatlidir. – Mazkur mashqlarni uy sharoitida bajarish mumkin va barcha yoshdagi insonlarga mosdir, – deydi guruh bosh murabbiyi Maxfirat Qurbonova.

Shunisi e’tiborliki, «Sog‘lom nazar» xotin-qizlar sport-sog‘lomlashtirish guruhida nafaqat jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, balki hafta kunlarining har bir kuni alohida nomlangan. Oila, ro‘zg‘or borasidagi suhbatlar va tajriba almashinuvlar tashkil etilgan bo‘lib, «Salomatlik kuni», «Go‘zallik kuni», «Donishmandlik kuni» kabi ko‘plab mavzulardagi suhbat ayollarga taqsimlab berilgan va har bir ayol o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

«Yangiobod» mahallasidan 62 yoshli Noiba opa Shokirova, 52 yoshli Gulnora Sultonmurodova, Yakkasaroy tumanidagi 67 yoshli Gavhar Muhammedova kabi guruh ishtirokchilarining so‘zlaridagi ko‘tarinkilik ochig‘i kishining havasi keltiradi.

Aytishadiki, dunyoda eng katta yangilik kishining ko‘nglidagi, o‘y-tafakkuridagi yangilanishdir. Zero, obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Ezgulik bilan yo‘g‘rilgan ayol ko‘nglidan turmushimiz obod, xonadonlarimiz faqat va faqat charog‘on bo‘lishi tayin.

Yana o‘qing:  Dardni yashirsang...

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: