MA’RIFAT FIDOYILARIGA EHTIROM
“Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad yo‘lida halol va fidokorona mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylar xalqimiz ardog‘ida. Bir necha yildan buyon yurtimizda 1 oktyabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanayotgani mas’uliyatli va sharafli kasb egalarining obro‘-e’tibori yanada yuksalib, mehnati qadr topayotganining yorqin ifodasidir.
Ta’lim sohasi rahbarlari, faol o‘qituvchi va murabbiylar 30 sentyabr kuni poytaxtimizdagi hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan zamonaviy inshootlar, ta’lim, madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
Shu kuni “Turkiston” saroyida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, murabbiylar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari rahnamoligida istiqlolning dastlabki kunlaridanoq barkamol avlodni tarbiyalash, malakali kadrlar tayyorlashning muhim vositasi sifatida ta’lim sohasini tubdan isloh etishga alohida e’tibor qaratildi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarning hayotga keng joriy etilishi, bu borada amalga oshirilgan ezgu chora-tadbirlar ko‘lami va mazmun-mohiyati bilan mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan va kam bo‘lmaydigan navqiron avlodni voyaga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi asosida mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarining deyarli barchasi kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy andozalar asosida yuzlab yangi maktablar qurildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maxsus maktab-internatlar, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, sport, musiqa va san’at maktablari, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, ularning faoliyati davr ruhiga mos tarzda yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda ta’lim axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va masofali ta’lim asosida rivojlanmoqda. Bu innovatsion jarayonda faol ishtirok etishni taqozo etayotir. Shu bois avvalo o‘qituvchini ilg‘or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan unumli foydalanadigan ijodkor-ustoz darajasiga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki bugungi o‘quvchiga yangi fikr, yangi ma’lumot, yangi uslub kerak.
O‘qituvchilarning malaka va mahoratini oshirish, samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, mehnatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jihatlar xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan o‘qituvchilar faoliyatida o‘z ifodasini topmoqda. Pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish borasidagi g‘amxo‘rlik tufayli o‘tgan yillar mobaynida umumta’lim, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimidagi yuzlab ustoz va murabbiylar Vatanimizning yuksak unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo‘ldi. Ular orasida O‘zbekiston Qahramonlari borligi yanada quvonchlidir.
– O‘qituvchidek sharafli va zahmatli kasb egalarining mehnati istiqlol yillarida e’zoz va ehtirom topdi, – deydi Andijon viloyati Oltinko‘l iqtisodiyot kolleji direktori, O‘zbekiston Qahramoni Shukurjon Mamatqulov. – Prezidentimizning ustoz-murabbiylarga ko‘rsatayotgan ana shunday e’tibori barcha pedagoglarni mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, farzandlarimizni komil insonlar etib tarbiyalashdek ezgu ishlarda ularga qanot bo‘lmoqda.
Pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirishga oid amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar natijasida o‘qituvchilarning o‘rtacha mehnat haqi 2006 yil 1 sentyabriga nisbatan 9 barobarga oshirildi.
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, xorijiy tillarni puxta biladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, bir qator tashkilotlar hamkorligida mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarining ingliz, nemis, fransuz tili o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, bilim va malakasini yuksaltirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 2014-2015 o‘quv yilida chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyoj tahlil etilib, amaldagi o‘qituvchilarning pedagogik yuklamalarini 1,5 stavkagacha oshirish, boshqa chet tili o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga kelishi hisobidan qoplash choralari ko‘rildi.
Chet tili o‘qituvchilari Davlat test markazi tomonidan doimiy ravishda sinovdan o‘tkazilib, ularning maoshiga qishloq joylarda 30 foiz va boshqa ta’lim muassasalarida 15 foiz miqdorida qo‘shimchalar berib borilmoqda. Bu mas’uliyatli va sharafli kasb sohiblarini o‘z ustida tinimsiz ishlashga, barkamol avlod tarbiyasida yanada faol bo‘lishga undamoqda.
Davlatimiz rahbarining 12 nomdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasidan iborat sovg‘asi tarkibida ingliz, nemis, fransuz tillarida yaratilgan darsliklar majmualari bo‘lib, bu yil 1-sinfga borgan 587 mingdan ziyod bolalarga tuhfa qilindi.
Prezidentimizning 2014 yil 29 sentyabrdagi farmoniga muvofiq mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ularga fan asoslarini hamda zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi jonkuyarligi, ta’lim-tarbiya sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi ta’lim fidoyilarining o‘zaro fikr almashishiga, o‘quv jarayoniga yangicha uslub va shakllarni tatbiq etishga imkon yaratmoqda. O‘z fani bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan, har bir darsni o‘quvchilarning yoshiga mos, qiziqarli hamda turli ko‘rgazmali vositalar bilan o‘tayotgan ilg‘or pedagoglar mehnati tufayli yurtimiz ta’lim tizimi, o‘quvchilarning bilim darajasi tobora yuksalmoqda.
Tantanali yig‘ilishda mazkur tanlovlarning 2014 yilgi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Mazkur ko‘rik-tanlov ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor pedagoglar tajribasini keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda, – deydi tanlov g‘olibi, Chilonzor tumanidagi 162-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Shirin Niyozmetova. – Bu ta’lim-tarbiya mazmunini yanada takomillashtirish bilan birga ustozlarni yosh avlod tarbiyasidek murakkab va sharafli ishga mas’uliyat bilan yondashishga, yanada faol bo‘lishga, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlarning qadriga yetishga undayotir.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida barcha umumta’lim maktablarida “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ma’rifiy-ma’naviy ishlar sifatini doimiy tahlil etib borish, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqini kuchaytirish, 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilarni ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ertamiz egalari bo‘lgan navqiron avlod hayotdan munosib o‘rnini topsa, turmushidan, Vatanidan rozi bo‘lib, umr bo‘yi bunyodkorlik ruhi bilan yashaydi. Bugun yurtimizda zamonaviy ta’lim standartlari asosida jihozlangan 1,5 mingdan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejida yoshlarga o‘zi tanlagan yo‘nalish va soha sirlari o‘rgatilmoqda. Ularga kuchli raqobatni yenggan, yuqori ball to‘plagan yoshlar qabul qilinmoqda. Ta’lim jarayoniga yuksak kasb mahorati va tajribaga ega muhandis-pedagoglarning jalb qilingani, ularning mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani, “kollej – korxona” hamkorligi doirasida o‘tkazilayotgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uzviylik kasb etayotgani ta’lim samaradorligini oshirmoqda.
Istiqlol yillarida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli xalqaro standartga o‘tkazildi.
Marosimda Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati direktori, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Shohida Oripova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova, boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zosi, o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev va boshqalar ta’lim-tarbiya, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni Vatanimizga, buyuk ajdodlarimizga munosib farzand etib tarbiyalashdek ezgu maqsadga yo‘naltirilganini ta’kidladi. Ushbu ezgu maqsadga butun borlig‘ini baxsh etayotgan kasb sohiblarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov, Qonunchilik palatasining Spikeri D.Toshmuhamedova, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev ishtirok etdi.
Dilshod KARIMOV,
O‘zA muxbiri