HUQUQIY MADANIYAT VA MA’RIFAT YUKSALMOQDA
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 24 oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma yillik sanasini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq, aholi o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois mamlakatimizda xalqaro andozalarga mos milliy qonunchilik asoslarini yaratish bilan birga ularning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashning tashkil etilgani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir. O‘tgan vaqt davomida kengash tomonidan yuridik ta’limni rivojlantirish, malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni takomillashtirish konsepsiyasi, konferensiya, seminar va davra suhbatlarini o‘tkazishga oid uslubiy qo‘llanmalar tayyorlandi.
Lex.uz — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi aholini huquqiy axborot bilan ta’minlash sifati va qamrovini yanada kengaytirdi. O‘zbek va rus tillaridagi 25 mingga yaqin hujjat jamlangan ushbu bazadan fuqarolar bepul foydalanmoqdalar.
Matbuot anjumanida huquqiy ta’lim, huquqshunos kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, yuridik adabiyotlarni nashr qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
N.ABDURAIMOVA,
O‘zA muxbiri