Qovoqli salat
Kuz mavsumi keldi deguncha, hamma birdek qovoqli taomlar tayyorlashga kirishib ketadi. Milliy oshxonamizda qovoqdan tayyorlangan taom va pishiriqlarni sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Shulardan biri bo‘lgan qovoqli salatni sizlarga tavsiya qilamiz.
Qovoq, qizil bulg‘ori va baqlajonni mayda somoncha shaklida to‘g‘rab, qizib turgan yog‘da 2-3 daqiqa mobaynida chala qovurib olamiz.
So‘ngra qaynatilgan tilni (go‘shtni) ham somoncha shaklida to‘g‘rab qovurilgan sabzavotlarga qo‘shamiz. Sarimsoqpiyoz va oshko‘klarni mayda to‘g‘rab, tuz, murch qo‘shib aralashtiramiz. Salat yanada mazali va chiroyli ko‘rinishli bo‘lishi uchun 2-3 osh qoshig‘ida o‘simlik yog‘i qo‘shamiz.
Tayyor bo‘lgan salatni likopchaga yoki salat uchun mo‘ljallangan maxsus idishga solib, dasturxonga tortamiz.