TINCHLIK

Bola g‘ala-g‘ovur baqir-chaqirlardan uyg‘onib ketdi. Bir pas ko‘zlarini uqalab turdi-da, keyin atrofga alangladi. Ichkaridagi xonaga kirib ko‘z yugurtirdi. Xonada hech kim yo‘q. Shovqin ayvondan kelar edi. Bir muddat boshini quyi solgancha o‘tirdi. Otasining kunora ichib kelib janjal ko‘tarishi bola qalbini vayron qilar edi.

Nega? Axir hamma narsa yetarli bo‘lsa, onasi gap qaytarmasa, ayb ish qilmasa? Bolalarini yaxshi ko‘rsa! Nega janjal qilarkan-a? Bola chuqur o‘yga tolgandi. Ilgari ham shundaymidi?

Bola shu alfozda ancha o‘tirdi. Bu orada shovqin-suron ham tindi. O‘ziga savol beraverib charchagach, ovozlar eshitilmay qolganini sezib, o‘rnidan turdi. Ayvon tomonga yurmoqchi bo‘lib qadam tashladi, lekin fikridan qaytdi. Xonasi tomon yo‘naldi. Miyasiga kelgan fikrdan quvonib ketdi. Stol ustida turgan sumkasini oldi. Uni ochdi, ichidan qog‘ozga o‘ralgan bir nima oldi. Keyin ayvonga chiqdi. Ayvon bo‘m-bo‘sh edi. Hayriyat, otam uxlab qolibdi, shekilli, ayvonga kirmabdi demak u so‘rida, – deb o‘yladi bola. Ayvonga chiqdi. Taxtali shift ko‘ziga yaxshi ko‘rindi. Unga qo‘lini cho‘zdi. Yetmadi. Xo‘rsinib atrofga alangladi. O‘rtada xontaxta turardi. Uni ikki qo‘llab ushlab ichkariga surdi. Oxiri xontaxtaga chiqib, qo‘lidagi qog‘ozni ochdi. Kechagina o‘rtog‘i hadya etgan bo‘rni dast tutgancha shiftga cho‘zildi. Qo‘li yetganini ko‘rib, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Shiftning burchagiga chiroyli qilib, “bu oilada tinchlik”deb yozdi. Pastga tushdi. Yozganiga bir qur nazar tashladi. Xontaxtani joyiga surdi. Shift burchagini mo‘ljallab yotdi. Yozuvga tikildi. Qo‘lidagi bo‘r bilan havoda boyagi so‘zlarni yozdi. Yana boyagi savollar qurshovida qolishdan qo‘rqanday ko‘zlarini yumib oldi. Bir ozdan so‘ng yana ochdi, yana yumdi. Ko‘zini ochib-yumib uyquga ketganini o‘zi ham bilmay qoldi. Xona eshigi ochilib, ona kirdi. Horigan ko‘zlari bolasiga tushdi. Uni ko‘tarib olmoqchi bo‘lganida nimadir to‘p etib tushdi. Bolasining yelkasi osha qaradi. Bo‘r polda uqalanib yotibdi. Atrofga – devorlarga, xontaxta ustiga qaradi. Ko‘zi shift burchagidagi yozuvga tushdi-yu birdan bo‘shashgandek bo‘ldi. Bolani ko‘tarib joyiga yotqizdi. Qaytib ayvonga chiqdi. Burchakka yaqin kelib yozuvlarni kafti bilan sidirib, o‘chirishga chog‘landi. Boshidagi ikki so‘zni tezda o‘chirdi-yu, “tinchlik” so‘ziga tikilib qoldi. Bu so‘z qandaydir nur tarayotganga, sehrli so‘zga o‘xshadi-yu, qo‘lini tushirdi. Biroz turgach yana yozuvga qaradi. Ko‘ngli nedandir taskin topganday farzandi tomon oshiqdi…

Gulhayo O‘ROLOVA

Yana o‘qing:  Farzandimga kitob sovg‘a qilaman

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: