Ezgulik hamjihatlikda
Yaxshilik o‘zgalarga hayot in’om etish demakdir. Har safar jamoamiz bilan Yakkabog‘ tumanida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yolg‘iz qariyalarga muruvvat yordamlarini yetkazib berar ekanmiz yuqoridagi so‘zlarning nechog‘li haq ekaniga yana bir bor amin bo‘lamiz. Ko‘ngli yarim insonlarning holidan xabar olish barobarida ularning chehralariga quvonch, qalbiga umid, hayotga ishonch hissini ham tortiq etayotganimizni ularning yuz ifodasidan anglash qiyin emas.
Aytish joizki, bu ezguliklarda Prezidentimizning sa’y-harakatlari bosh omil bo‘layotir. Zero, 1992 yilda Yurtboshimizning “O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati haqidagi” farmoniga binoan tashkilotimiz mustaqil insonparvarlik jamoat birlashmasi maqomiga ega bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda istiqlol yillarida mehr-muruvvat ko‘rsatishning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi.
Tashkilotimizning asosiy yo‘nalishi tumanimizda faoliyat olib borayotgan barcha ishchi xodimlarni jamiyatimizga a’zo qilib, a’zolik badalini yolg‘iz qariyalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tarqatish, favqulodda holatlarga aholini tayyorlash, aholini donorlikka keng jalb etish kabi ishlardan iborat. Birgina tumanimiz misolida oladigan bo‘lsak, hozirgi kunda Yakkabog‘ tuman Qizil Yarim Oy jamiyatining 4 ta boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritib, so‘nggi yillarda tuman hokimligi, tibbiyot birlashmasi, kasb-hunar kollejlari, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi yordami bilan faoliyatimizning ko‘rsatkichi viloyat bo‘yicha sezilarli darajada yuqorilab bordi. Yaxshi insonlarning ko‘magi va yordami bilan aholining quyi qatlamiga muruvvat yordami ko‘rsatilib borilmoqda. Ammo bu ezgu ishlarga bevosita aholining o‘zi tashabbus ko‘rsatib, jonbozlik qilsa ayni muddao bo‘lardi.
Saxovat, mehr-muruvvat sarhad bilmaydi. Uning ortidan ko‘plab dardman kishilarga shifo, muhtojlarga ko‘mak, ko‘ngli yarimlarga dalda bo‘lish mumkin. O‘ylaymizki, har qanday ulug‘ ishlarda hamjihatlik, ko‘plab ezgu rejalarni amalga oshirishimizda muhim poydevor bo‘ladi.
Shuhrat ChORSHANBIYEV,
Yakkabog‘ tuman Qizil Yarim Oy jamiyati raisi