Turmush tashvishi shirin, ERTA TURMUSHNING QISMATI ACHChIQ
Yaqinda to‘y bahonasida uzoq viloyatga kursdoshimning uyiga boradigan bo‘ldim. Yo‘l olis, shunday paytda yoningda odamoxun hamrohing bo‘lsa vaqt o‘tganini sezmay qolasan. Qirq yoshlar atrofidagi bir ayol bilan yaqindan tanishdim. Ayollarning suhbati asosan oila, farzandlar kelajagi haqida bo‘ladi. Sherigim o‘z bolalari to‘g‘risida gapirar ekan chuqur xo‘rsindida, bittayu bitta qizining achinarli qismatidan so‘zladi:
– Qizim kollejning birinchi bosqichini tamomlagan yili ostonamizni supurib sovchi kela boshladi. O‘tkinchi orzu-havaslarni o‘ylab, mahalla ko‘yning “hay-hay”lashiga qaramay qizimni yosh uzatdim. Oradan ko‘p o‘tmay, u ketma-ket kasallikka chalina boshladi. Uni o‘zim tanigan bir shifokor nazoratiga olib bordim. Qizimdagi turli kasalliklar organizmi hali ona bo‘lishga tayyor emasligi oqibati ekan. Kun sayin guldek qizimning rangi siniqib boraverdi. Ro‘zg‘or yumushlariga o‘ralashib, o‘qishi ham qolib ketdi. Ikki yil deganda homilador bo‘ldi. Bu vaqt ichida ne-ne zahmatlarni chekmadi bolam sho‘rlik.
Kutilayotgan farzand barchamizga quvonch bag‘ishladi. Ammo xursandchiligimiz ko‘pga yetmadi. Kamqonlik, buyrak kasalliklari sabab qizimning homilasi nobud bo‘ldi. O‘sha kuni qizimni erta turmushga uzatganim uchun ming bora afsuslandim. Ammo endi kech edi. Qizim uyga qaytib keldi. Na kuladi va na yig‘laydi. Nigohida mahzunlik, kelajakka intilish yo‘q, samimiy kulguni unutgan. U tengi dugonalari oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishyapti, o‘z vaqtida turmushga chiqib, bolasini bag‘riga bosib o‘tiribdi. Mening norasida qizim esa ikki yilda qarib qoldi. Buning uchun o‘zimni aslo kechirolmayman!!!
Hamrohimning so‘zlarini tinglab, yuragim uvishdi. “Qizlarni erta turmushga bermang, o‘qiting, kasb egasi bo‘lsin, sog‘lom ona – sog‘lom bola deganidir” kabi gaplar deyarli har kuni matbuotda, televideniye orqali takrorlanadi. Shifokorlar ham erta turmushning salbiy holatlari haqida bot-bot eslatishadi. Buni bilib turib ham ayrim ota-onalar katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Bundan tashqari, hali oila atalmish muqaddas dargohning asl mazmun-mohiyatini anglab yetmagan yoshlar turmushning og‘riqli damlariga bardosh berolmaydi. Qiyinchiliklar ham emas, mayda-chuyda qo‘ydi-chiqdilarni deb yosh oilalar parchalanib ketayotgani juda achinarli.
O‘qituvchi bo‘lganim sabab har kuni yuzlab yoshlar bilan uchrashaman, dars o‘taman. Ularning ko‘zlaridagi kelajakka intilish, shijoatni ko‘rib o‘zimning ham havasim ortadi. Aytingchi, olam-olam istaklar haqida jo‘shib gapirayotgan yoshlarni bu orzulardan mahrum qilishga haqqimiz bormi?
Mamlakatimizda erta nikohning oldini olishga qaratilgan tashviqot ishlari bejiz emas. 2013 yil 30 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, erta turmush qurishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 473-moddasi to‘ldirilib, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunni buzganlarga nisbatan jarima solish belgilangan.
Yuqorida hikoya qilingan voqealarni siz ham boshingizdan kechirmaslik uchun bu masalaga jiddiyroq yondoshsangiz maqsadga muvofiq bo‘lardi. Axir, hech bir ota-ona farzandining kelajagiga befarq emas. Yurtimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Ulardan oqilona foydalanib o‘qisin, izlansin, til o‘rgansin. O‘z kelajagini qursin, mehnat qilib bor narsaning qadriga yetsin, oilaning qanchalar aziz ekanini tushunib yetsin. Ana shundagina u mustahkam oilaning bekasi bo‘ladi.
Dildora JO‘RAQULOVA,
Toshken avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji psixologi