MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASASI – san’at, madaniyat va sport maskani

Bolajon!.. Uning beg‘ubor qalbi go‘zallikka oshyon. Jarangdor kulgusida bir olam shodlik mujassam. Ana shu ertamiz egalarining sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari borasida ta’lim va tarbiyaning boshlang‘ich tizimi maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos.

Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 423-“Orzu” nomli maktabgacha ta’lim muassasasiga kirib borar ekanmiz, dastlab zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan bino atrofidagi manzarali daraxtlar, yo‘laklarga tutash maydonchalardagi barq urib yashnab turgan rayhon-u jambillar diqqatimizni tortdi.

Mavjud 12 ta guruhda tarbiyalanayotgan 330 ga yaqin kichkintoy uchun yaratilgan shart-sharoitlar risoladagidek. Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi ayni vaqtda nafaqat tumanda, balki shahar miqyosida ham yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda.

– Muassasamizda faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarning har kuni o‘z ustida ishlashi, tajribasini oshirib borishi qat’iy nazoratga olingan. Chunki har bir bolaning o‘ziga xos dunyosi bor. Buni qalban his etgan xodimgina chin ma’noda tarbiyachi bo‘la oladi. Maskanimizdagi rasm, musiqa, ingliz tili, rus tili, turli sport to‘garaklari kichkintoylar iqtidorini shaklantirmoqda. Kichkintoylarga til o‘rgatish borasida ilg‘or tajribalar qo‘llanilayotgani bois ular ingliz, rus tillarini qunt bilan o‘rganishmoqda. Nafaqat bilimlar bellashuvida, balki sport sog‘lomlashtirish musobaqalarida ham tarbiyalanuvchilar ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Sog‘lom bola yili munosabati bilan o‘tkazilgan “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli el farzandlari sog‘lom bo‘lur” nomli gimnastrada musobaqasining tuman miqyosida guruh rahbari Feruza Mirmahmudova boshchiligida faxrli o‘rinni egallagan bolajonlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

“Sog‘lomjon, polvonjon”, “Biz shaxmat o‘yinini bilamiz” kabi sport musobaqalarida ham maskan tarbiyalanuvchilari yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan. Bolajonlarni tabiatni sevib uni ardoqlashga o‘rgatish maqsadida o‘tkazilgan “Gullar bayrami”, “Suv bayrami”da kichkintoylar tarbiyachilar boshchiligida o‘z mahoratlarini namoyish etishi barobarida borliq olamning bebaho boyliklari bilan yaqindan tanishdi, – deydi muassasa rahbari Sanobar Umbetaliyeva.

Xalqimizda “Izlagan imkon topar”, degan naql bor. Sanobar opa aytganidek, ushbu maskanda bolajonlarning har bir kuni qiziqarli mashg‘ulotlar bilan o‘tayotgani bois ular aslo zerikishmaydi. Guruhlarda bolajonlarning gulqog‘ozdan yasagan turli o‘yinchoqlari, chizgan rasmlari asosida ko‘rgazma tashkil etilgan bo‘lib, kichkintoylarning ijodkorligi shakllanmoqda. Turli ertak va multfilm qahramonlari haqida bilganlarini so‘zlab berish orqali ularning nutqi rivojlanayapti. Bu borada Lobar Ahmedova, Vasila Qudratova, Nargiza G‘aniyeva, Dildora Akramova, Maxsudaxon Toshpo‘latova kabi malakali tarbiyachilarning hissasi beqiyos. Maktabgacha ta’lim muassasasidagi mavjud tibbiyot xonasi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Bolajonlar sog‘lig‘i har kuni nazorat qilib boriladi.

Yana o‘qing:  TABIIY NE’MATLAR – ham ozuqa, ham shifo

Mazkur muassasa “Navbahor” mahallasi hududida joylashgan. MTMda mahalla bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi “Men o‘zbekning baxtli farzandiman” bayram ertaligida ham mahalladan tashrif buyurgan faollar bolajonlarni qutlab, ularning munavvar ertasi haqida so‘z yuritishdi. Shuningdek, tumandagi 8-madaniyat va aholi dam olish markazi qoshidagi Dilshod Qobilov rahbarlik qilayotgan ansambl a’zolari ham o‘z chiqishlari bilan bolajonlarni xushnud etishdi.

Tarbiyalanuvchilar bilan suhbatlashib bilimlarini sinovdan o‘tkazdik. Bir so‘z bilan aytganda yoshiga nisbatan dunyoqarashi keng, chaqqon, izlanuvchan bolajonlar ertamizning haqiqiy egalari ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: