FOND faoliyatidan (2014/37)
TOSHKENT
Shahar tayanch maskani tomonidan Chilonzor tumanidagi “Cho‘pon ota” mahallasida Ko‘zi ojizlar jamiyati shahar kengashi hamkorligida xayriya aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida 20 nafar ishtirokchiga poyafzallar tarqatildi. Shuningdek, aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga ixtisoslashtirilgan 289-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
XORAZM
Fondning hududiy filiali tomonidan Xiva tumanidagi erkaklar “Muruvvat” uyi hamda 20-sonli “Mehribonlik” uyining tarbiyalanuvchilari uchun madaniy tadbir o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Kamolot” YOIH viloyat bo‘limlarining esdalik sovg‘alari topshirildi. “Sog‘lom avlod uchun” fondi tomonidan ushbu muassasalarga 500 quti quritilgan sabzavot sho‘rvasi va tibbiy anjomlar berildi.
QORAQALPOG‘ISTON
Fondning hududiy filiali tomonidan “Barkamol avlod” bolalar markazida va Qorao‘zak va Shumanay tumanlarida bolalar o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan turli sport musobaqalari o‘tkazildi. Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari hamda Xalq ta’limi vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armalari hamkorligida o‘tkazildi.
Abbosjon ERGASHEV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi matbuot kotibi