ILK QO‘NG‘IROQ – YORQIN KELAJAK ChORLOVI
Mamlakatimizda barkamol avlod tarbiyasi yo‘lidagi ezgu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, bu yil investitsiya dasturi asosida 381 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan sport inshootlari, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga 209,1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Yangi o‘quv yili uchun 605 nomdagi 34,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, joylarga yetkazildi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida 7 nomdagi metodik qo‘llanma hamda ularning multimediali ilovalari tayyorlandi. Natijada umumta’lim maktablarining 1-sinflarida barcha fanlar to‘liq ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur jarayon bosqichma-bosqich barcha sinflarda davom ettiriladi.
Bu yil 587 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qiz maktablarning birinchi sinfiga o‘qishga bordi. An’anaga ko‘ra 12 nomdagi sifatli o‘quv anjomlari, darsliklar hamda o‘quvchi sumkasidan iborat Prezident sovg‘alari o‘quv yilining dastlabki kunida ularga tantanali tarzda topshirildi.
O‘z muxbirimiz