SOKIN HARAKATLAR JOZIBASI

Yoga mashqlari sog‘lom va xotirjam bo‘lishingizga yordam beradi

Manbalarda qayd etilishicha, eramizdan oldingi V-IV asrlar yoga ta’limotining ilk shakllanish davri bo‘lgan. Buni boshqacha ibora bilan birinchi yoglar davri, desak ham xato qilmaymiz. Haqiqatdan ham Hindistonda vedalar va yoglar tushunchasi eng qadimiy so‘zlardan hisoblanadi. Qadimiy yoglar o‘z xudolariga talpinishlari va ibodat qilishlari natijasi o‘laroq o‘z jismoniy va ruhiy qobiliyatlarini oshirganliklari sir emas. Nega deganda insonlar o‘zlari qo‘rqqan yoki bo‘lmasa shafqat so‘ragan ma’budalariga qattiq ishonganlar. Shu munosabat bilan o‘sha qadimiy yoglar o‘ta tabiiy bo‘lgan bu harakat mashqlarini har kuni takrorlab turganlar.

Yoganing kashfiyotchisi kim?

Bugungi kungacha tan olinib, lekin ayrim holatlarda shubhalanib kelinayotgan Patranjali (eramiz boshida yashagan) nomi e’tiborni tortadi.

Yozib qoldirilgan ikkita asar yoga ilmining boshlang‘ich nuqtasidir. Bular “Yoga sutra” va “Raja yoga” deb nomlanadi. Ushbu mo‘jaz va tarixiy hisoblanadigan bebaho asarlarning qay biri oldin yozilganligi esa hozircha jumboq bo‘lib kelmoqda.

“Yoga sutra” hozirgi kunda ko‘z bilan qaraganda, mukammal asar hisoblansa-da, unda yoglar va yoga mashqlari to‘g‘risida qiziqarli va umumiy ma’lumot bor.

Ikkinchi kitob “Raja yoga” – qirol uchun yozilgani ma’lum. Ya’ni, muallif o‘z kitobi qirol bajaradigan yoga mashqlarini tizimli shaklga solib, mukammal bir turkum shakliga keltirgan. U eski sanskrit tilida yozilgan. Darvoqe, buddaviylik ta’lmimoti bilan bog‘liq barcha kitoblar ham ana shu tilda bitilgan.

Patranjalining yuqoridagi asarlari bugungi kunda ham katta ahamiyat kasb etadi.

Yoga degani nima?

Yoga so‘zi sanskrit tilidan olingan bo‘lib, birlashuv ma’nosini bildiradi. Bu birlashuv – insonning tanasi va ruhi bilan Yaratgan o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘rinadi. Yoga ilmi asosan sakkizta mukammal turkumdan iboratdir. Bular quyidagilar; Yama, Niyama, Asana, Pranayama, Pratyahara, Dharana, Diyana, Samadi.

Yama – haqiqat, o‘zgani ranjitmaslik, qanoatlilik, o‘g‘ri bo‘lmaslik va qizg‘anchiq bo‘lmaslik shartlariga bo‘ysunadi.

Niyama – ozodlik, o‘zlikni boshqara bilish, shukr qilish, diniy kitoblarni o‘qib o‘rganish hamda barcha harakatlarimizning boshqaruvchisi – Qodirga bosh egishni o‘zida mujassamlashtiradi.

Asana – bu universal ruhiy qoidalar majmui bo‘lib, bunda inson o‘z tabiiy kuchi va aql-idroki yordamida yanada katta kuch-qudrat yig‘adi.

Yana o‘qing:  Suvaraklarning odam salomatligi uchun qanday xavflari mavjud?

Pranayama – alohida mashqlar turkumidan iborat.

Pratyahara – fikr va sezgilar faoliyatini to‘g‘ri boshqarishni o‘rgatadi.

Dharana, Diyana va Samadi – o‘zaro yaqin va uzviy bo‘lgan uchlik turkumidir. Dharanada fikrni yo‘naltira bilish tartibi o‘rganiladi. Undan keyingi davrlar, ya’ni Diyana va Samadida esa kamolot tanishuvi sodir bo‘ladi. Bunda oliy darajadagi individual anglash hosilasi – kishi tanasi va ruhini batamom o‘zgartiradi.

Yama, Niyama, Asana, Pranayama Yoganing asosiy – harakat qismini tashkil etadi. Bularda insonning jismonan kuchlanishi va fikran sog‘ayishi – Yaratgan oldidagi ibodat sifatidagi ayrim shartli harakatlar, ya’ni mashqlar orqali namoyon bo‘ladi.

Pratyahara va Dharana yoganing ilmiy jihatlarini o‘z ichiga oladi.

Diyana va Samadi turkumlari esa inson tanasi, fikr-o‘yi, aqli va ruhini Xudo bilan birlashtirishga ko‘maklashadi, deyiladi yoglar ta’limotida.

Yoga ilmining asosiy maqsadlaridan biri inson va tabiat mutanosibligini ochib berishdan iboratdir.

Yog O‘zi kim?

Ko‘pgina manbalarda, jumladan 1988 yilda nashr etilgan “Hindiston ensiklopediyasi”da izoh berilishicha, Yog bu – Yoga mutaxassisligini mukammal egallagan shaxsdir. Uning dunyoqarashi va fikrlashi odatdagi sportchinikidan tubdan farq qiladi. Ikkinchidan esa u o‘z mashqlarini ibodat tarzida amalga oshiradi.

Mashhur yoglardan biri B.K.Liyangarning fikriga ko‘ra, Yoga mashqlari sport yoki jismoniy tarbiya mashg‘ulotlaridan bir necha bor ustun turadi.

Sportchi belgilangan mashqlarni bajarish jarayonida kuch yo‘qotishi mumkin. Chunki, bunday jismoniy harakatlarni amalga oshirgach, tabiiyki, charchaydi. Bundan tashqari sportchi mashg‘ulotlardan keyin o‘zini ovqatga tashna, och sezadi.

Yoga esa o‘z mashqlaridan xotirjamlik topadi. Mashg‘ulotdan so‘ng ovqatlanish haqida o‘ylamaydi. Umuman moddiyat haqida hech ham qayg‘urmaydi. Yoga mashqlari insonni har tomonlama o‘sib-ulg‘ayishiga undaydi. Ishda, o‘qishda yoki oilada bekamu-ko‘st shaxs bo‘lishga, hatto, kafolat beradi. Chunki yoga ta’limoti har doim tinchlik, osoyishtalik va xotirjamlikni taqozo etadi.

Darvoqe, e’tirof etilishicha, o‘zimizning musulmonchilikda ham Yoga ta’limotining ayrim tomonlariga qiyos-qilsa bo‘ladigan jihatlar mavjud. Misol uchun namoz o‘qilishi jarayonidagi ba’zi harakatlar yoga mashqlariga birozgina bo‘lsada o‘xshab ketadi. Nasib qilsa,bu haqda keyingi sonlarda alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Ushbu ma’lumotnomani yozishdan avval yoga bilan shug‘ullanuvchi ayrim hindistonlik zamondoshlarimiz suhbatida bo‘ldik. Yangi Dehlida istiqomat qilayotgan Rave Rama Krishna, Ajay Varma va Bharat Babu ismli shaxslar ana shular jumlasidandir.

Yana o‘qing:  Shifobaxsh gilos

Ko‘pchilikning fikriga tayangan holda shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, mazkur ta’limot insonda ruhiy erkinlik hamda kamolotga talpinish ishtiyoqini uyg‘otadi. Hozirgi kunda Hindiston mamlakatida Yoga falsafasini o‘rgatuvchi ikkita oliy maktab faoliyat olib bormoqda. Bulardan biri Bombey Yoga instituti deb ataladi. Ikkinchisi esa poytaxt Dehlining qoq markazida joylashgan bo‘lib, Xalqaro psixo-fizik yoga terapiyasi instituti nomi bilan dunyoga mashhur.

Har ikkala institutda bir paytning o‘zida jahonning 50 ta mamlakatidan kelgan o‘n mingdan ziyod talaba ta’lim-tarbiya olmoqda. Oliy bilim dargohlarining boy kutubxonalarida turli diniy kitoblar qatori aniq va gumanitar fanlarga oid bir millionga yaqin kitoblar saqlanadi.

“Kundalik yoga mashQlari” ilk bor O‘zbek tilida

Bundan sal kam yigirma yil oldin tayyorlangan Yoga mashqlari haqidagi risolam, nihoyat 2012 yilning yanvar oyida kichik tirajda bo‘lsa ham dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu mashqlar keng ommaga, jumladan, talabalar, ishchilar, ofis xodimlari, ishbilarmonlar va katta yoshdagi insonlarga mo‘ljallangan. Bu turkum boshqa yoga harakatlariga qaraganda ancha oson bo‘lib, ularni bajarish uchun maxsus maktabni bitirish yoki alohida kurslarda qatnashish shart emas. Mashqlarni uy sharoitida ham bemalol o‘zlashtirib olish mumkin. Ularning yoshidan, jinsidan qat’iy nazar istalgan odam kuniga bir ikki marotaba, ertalab va kechqurun bajarsa bo‘ladi.

Yoganing ayrim mashqlari murakkab jismoniy tayyorgarlikni talab etishi sababli ular homilador ayollar, turli bemorlar yoki yaqinda jarrohlik operatsiyasini o‘tkazgan kishilarga tavsiya etilmaydi. Rameshvar Dass Gupta asari asosida qayta ishlangan xatxa-yoga mashg‘ulotlari dastavval “Oila va jamiyat” gazetasining 1995-1996 yillardagi sonlarida e’lon qilingan edi. So‘ngra ularni risola shaklida nashrga tayyorlash jarayonida, ya’ni 2011 yilning oktyabr-noyabr oylarida oldingi matnga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. Ochig‘ini aytganda, men bu risolada mehnatsevar xalqimizning sog‘lom turmush tarzini yanada oshirish orqali ularning umrlariga-umr qo‘shishni o‘zimga niyat qilganman. Muhimi shundaki, “Sog‘lom va xotirjam bo‘lay desangiz” rukn ostida bosilgan “Kundalik yoga mashqlari” nomli ushbu mo‘jaz kitobchaga o‘quvchilarimiz befarq qarashmadi.

Kamina biroz muddat hind diyorida ta’lim olgan davrimda amaliy “Yoga mashqlari”ni bevosita o‘rgandim va keyinchalik ularni yaxlit to‘plam holida ilk bor ona tilimizda tayyorladim. Asosiysi, mazkur kitobcha sog‘lom va xotirjam bo‘lishni niyat qilgan aziz yurtdoshlarimizga manzur bo‘ladi, deb umid qilaman.

Yana o‘qing:  Temir moddasi yetishmovchiligi eshitish qobiliyatining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi

Mutaxassislarning fikricha, sanoati yuqori darajada rivojlangan mamlakatlarda ko‘pchilik aholining sog‘lig‘iga gipokineziya (kamharakatlilik) katta xavf solmoqda. Darhaqiqat, insonning har tomonlama sog‘lom, baquvvat va xotirjam bo‘lishida jismoniy mukammallik, doimiy harakat muhim rol o‘ynaydi.

Yoglar amal qiladigan gigiyenik, ma’naviy-ahloqiy qarashlar negizida esa ana shu uyg‘unlikni ko‘rish mumkin.

Shunday qilib, yuqorida qayd etilgan risola orqali o‘rganiladigan Xatxa-yoga ma’lum tartibdagi oddiy jismoniy mashqlarni o‘z ichiga oladigan yaxlit tizimdir.

Aytmoqchi, shu yil bahor faslida “Kundalik yoga mashqlari” haftaning har juma kuni hindshunos ustozim Ahmadjon Qosimov tashabbusi bilan “Yoshlar” radiokanalining “Namaste Hindiston” eshittirishida e’lon qilib borildi.

E’tiborli tomoni shundaki, ushbu mashqlar mamlakatimizning turli burchaklarida istiqomat qilayotgan zamondoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Xususan, Surxondaryo viloyati Angor shahridan Munira aya Zokirova, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidan Nanmuluna Vahobova, Samarqand viloyati Urgut tumani A’loxotin qishlog‘idan Hulkaroy Suvonova “yoga mashqlari haqiqatan ham ularning sog‘lom va xotirjam bo‘lishlari”ga ko‘maklashayotganligini e’tirof etib, minnatdorlik maktublarini yo‘llashdi.

Beruniy ALIMOV,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: