Kavkaz tog‘larida: O‘zbekiston

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda).

Dombay – Elburs tog‘larining etagi

– Qorachoy-Cherkas Avtonom respublikasining sharqida joylashgan bu qishloq Kavkazdagi eng baland Elburs cho‘qqilariga tutashib ketadi. Bu yerdan yozning jaziramasida to‘rtta osma yo‘l orqali 3 ming metr balandlikka chiqib, saratonda qish bilan uchrashasiz. Oppoq qor kechsiz quvonch baxsh etadi. Tog‘ bag‘rida 25 ming turdagi giyohlar bilan tanishasiz, – deydi sanatoriyning oshxonasi foyesida doimo dam oluvchilarni sayohatga chorlab turuvchi ekskursavod.

Domboyga Qumboshi dovoni orqali o‘tiladi. Qumboshi dovoni xushmanzara joy bo‘lib, tamaddi qilish, biroz yo‘l charchog‘idan forig‘ bo‘lish uchun qulay sharoitga ega maskan.

Sayohatchilarga qorachoy millatiga mansub yigit-qizlar xizmat qiladi. Ular bilan bemalol ona tilimizda suhbatlashdik, go‘mmadan is’temol qildik. Mahalliy oshpazlar tayyorlagan taomlarning nomlari ham aynan tilimizdagidek. Masalan, go‘mma, ayron…

Yo‘l-yo‘lakay Yevropadagi eng toza suv deb nom olgan billurdek tiniq Uli Muruju daryosi bilan tanishib o‘tdik. E’tibor bersak, Xorazm shevasida ham ulli so‘zi bo‘lib, u katta, ulug‘, degan ma’noni anglatadi. Yana shu sayohatda tog‘lar orasidagi Qorako‘l havzasi bo‘yida to‘xtab dam oldik. Uning suvi shu qadar tiniqki, suzib yurgan baliqlarini kuzatish mumkin. Darhaqiqat, u mamlakatimizning butun dunyoga mashhur qorako‘l terilaridek tovlanib turadi. Ulli Murujoy, Qorako‘l, Qumboshi, go‘mma, ayron… bularning bari qorachoylarning nafaqat tili, balki, urf-odatlari, taomlarida ham o‘xshashlik borligini anglatadi. Yo‘lboshchimiz Andrey ularning tarixi, insonparvarligi, mehmondo‘stligi haqida to‘lqinlanib hikoya qildi.

Domboy qishlog‘idagi mehmonxonalarning, oshxonalarning peshtoqidagi nomlar ham ona tilimizni, yurtimizni yodga soladi. Beixtiyor Nosiruddin Rabg‘uziyning “Payg‘ambarlar qissasi” asarini esladim: “Dunyodagi barcha odamizot Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan” deya yozadi. Mamlakatimizdan uzoq joyda yurtimga, odamlariga, tiliga, urf-odatlariga xos belgilarni ko‘rar ekanman, yuragim hapqiradi. Yurtga, elga bo‘lgan muhabbat, sog‘inch tuyg‘usi qalbimda jo‘sh uradi…

Yo‘lboshlovchi Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkarda bobolarimiz bu joylarda bo‘lganini gapirib o‘tdi. Darhaqiqat, Jaloliddin Manguberdi Kavkaz xalqlarini birlashtirib, tinchlik, osoyishtalik o‘rnatgani tarix kitoblarida ham bitilgan. Amir Temurning turkiylar saltanatini barpo etganini jahon yaxshi biladi.

Kavkaz xalqlarining rivoyatlarini yig‘ib, ular asosida “Kislovodsk va Kavkaz rivoyatlari” nomli kitob yozgan yozuvchi Vladimir Savchenko Samarqandda uch yil yashagan. U shunday deydi: “Kavkazdagi ko‘plab rivoyatlar turkiy xalqlar bilan bog‘liq bo‘lgani, bizning o‘lkalarda Amur Temur, Jaloliddin Manguberdi haqida rivoyatlar ham mavjudligi, meni ana shu yurtni ko‘rishga undadi. Samarqandda muxbir bo‘lib uch yil ishladim”, – deydi u. Darhaqiqat, bu muallifning rivoyatlari bilan tanishsangiz ularning ko‘pchiligi turkiylar hayotidan olib yozilganligini anglash mumkin.

Yana o‘qing:  Eng keksa dengiz qushi 66 yoshida jo‘ja ochdi

Narzan” bulog‘i

Kislovodsk shifobaxsh suvi – “Narzan” bilan mashhurdir. Atirgullar vodiysi va hayotbaxsh “Narzan” bulog‘i haqida mahalliy aholi orasida ko‘plab rivoyatlar yuradi. Shulardan biri “Burgut va Jahonoy” hikoyasi el orasida ko‘p tarqalgan. Emishki, Burgut bilan Jahonoy oila qurib 6 qiz, 6 o‘g‘il farzand ko‘rishibdi. Bu baxtiyor xonadonga zaharxanda jodugarning hasadi kelibdi. Botir Burgutboy va uning farzandlarini jodu qilib burgutga aylatirib qo‘yibdi. Suyangan tog‘i va farzandlarining ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini ko‘rib, Jahonoy oh-faryod tortibdi. Kunlardan bir kuni uy tepasida ulkan burgut parvona bo‘libdi. Merganlikda tengi yo‘q ona miltiq bilan qushni urib tushiribdi. Jon taslim qilayotgan burgut nogoh insonga, Jahonoyning suyukli yori Burgutboyga aylanibdi. Visoldan so‘ng Jahonoy farzandlari haqida so‘rabdi. Turmush o‘rtog‘i bo‘lgan voqealarni so‘zlab beribdi. Jahonoy farzandlarini sog‘inib shunchalar fig‘on qilibdiki, u chekkan nadomatlaridan, ohu zorlari sabab burgutga aylanib qolibdi. Tog‘lar tomon parvoz qilib, farzandlarining diydoriga to‘yibdi. So‘ng ilon tusiga kirib olgan zaharxandani izlab topibdi. Qo‘qqisdan unga tashlanib, panjalari orasiga qisib olib, balandlikdan toshga uribdi.

Gazanda yerga urilgach, kaltakesakka aylanib toshdek qotibdi. Bugungi kunda atirgullar vodiysidagi timsoh ana shu yalmog‘iz ekan.

Onaning o‘z bolalarini qaytadan insonga aylantirish orzusi xayolidan ketmabdi. Odamlar, parranda-yu darrandalar boradigan ko‘plab suvlarni, bulog‘u chashmalarni totib ko‘ribdi. Intilish-izlanishlari behuda ketmabdi, atirgullar orasidan billurdek tiniq suv sizib chiqib turganini ko‘rib qolibdi. Ular hayotbaxsh suvdan ichib insonga aylanibdi. Yana ahil-inoq, hayot kechira boshlabdi.

Bu rivoyat. Biroq, rus xalqining sevimli shoiri Lermontov bolaligida juda nimjon va kasalvand bo‘lgani uchun buvisi yilda ikki-uch marta shu yerga olib kelib, “Narzan” bulog‘i suvidan ichirib unga cho‘miltirib durkun yigit qilib tarbiyalagani, yigit yoshida dvoryanlarga xos tarzda armiyada xizmat qilganini tarix sahifalari tasdiqlaydi.

Biz ham yaxshi tilaklar bilan ushbu shifobaxsh suvdan har kuni uch marta is’temol qildik. U shundaygina sanatoriyning yonida joylashgan.

“O‘zbekiston” sanatoriysining old tomondagi darvozadan chiqsangiz xalq amaliy san’ati mahsulotlarining yarmarka-bozori mavjud. U yerda asosan ayollar tomonidan to‘qilgan turli kiyim-kechaklar, ochiq rangdagi gazlamalardan tikilgan bejirim nimchalar, toza teridan ishlangan shippaklar sotiladi. Ularni bir-bir tomosha qilib, “Narzan” shifobaxsh bulog‘iga kirib borganingizni bilmay qolasiz. Xullas, bu yerdagi barcha yo‘llar shifobaxsh suv tomon olib boradi.

Yana o‘qing:  Til – ko‘ngil mulki

Musiqali favvora

Shifobaxsh ne’mat – “Narzan” suvidan bahramand bo‘lgach, uning old tomonidagi maydonga qo‘yilgan supachalarda o‘tirib, biri-biri bilan bo‘ylashgan archa daraxtlari, qiyg‘os gullab turgan lavanda ifori ostida dam olasiz. Maydon atrofidagi do‘konlarni kezayotganda sharqona taqinchoqlarga mahliyo bo‘lasiz.

Bu manzilga avval kelganimdan buyon 23 yil o‘tdi. Biz o‘zbekistonliklar u paytlarda shahar markazidagi rangli favvorani tomosha qilgani chiqardik. Ayniqsa bu favvoralar o‘g‘lim Ravshanjonga xush yoqardi. Turfa ranglarda tovlanayotgan go‘zal ohanglarga boy favvoraga tikilib, zavqlanardi. Zero, u paytlarda mamlakatimiz poytaxti Toshkentda hali rangli favvora yo‘q edi. Bu safar kelganimda ana shu bizni hayratga solgan favvorani izladim. Uning o‘rnida oddiy rangsiz favvora bo‘lib, tiniq suvlarida bolalar cho‘milib yurishardi.

Bundan yigirma uch yil burun bizni hayratga solgan rangli favvoralarni bugungi kunda mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, viloyatlar markazlari, tumanu qishloqlarida ko‘plab uchratish mumkin. Bir kuni oqshom tushganida “Sebzor” mahallasini nevaralarim bilan kezganim ko‘z oldimdan o‘tdi. Bu yerdagi rangli favvoralar atrofida bir-birini quvalashib yurgan bolakaylarni, yoqimli taralayotgan musiqa ohanglari ostida dam olib o‘tirgan onaxonu otaxonlarni, muzqaymoqqa shaydo yoshlarni uzoq kuzatgan edim. O‘shanda biz o‘zbeklar xush ko‘rgan Kislovodskdagi favvora ko‘z oldimda gavdalangandi…

Favvoralar bugungi kunda Toshkent shahriga ko‘rk qo‘shib turgan yuksalish va obodlikning ramzidir. Ko‘kka intilib, yana yerga tushib, atrofga orombaxsh salqinlik ulashayotgan, go‘zal tovlanib turgan favvoralar go‘yo yurtga baland shuhratu shukuh tilab turgandek, ular insonparvar, e’zozli qadriyatlarimizni, an’analarimizni eslatadi.

Kasbdoshlar bilan tanishuv

Mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu kun munosabati bilan biz kasbdoshlarimizni ko‘rish uchun “Kislovodskaya gazeta” tahririyatida bo‘ldik. Nashrning bosh muharriri, Kislovodsk kurort-shahar dumasi deputati Natalya Ivanova bilan milliy va jahon jurnalistikasi xususida uzoq suhbatlashdik. Tajriba almashdik. So‘z orasida u o‘zi Navoiy shahrida tug‘ilib katta bo‘lganligini va bizning tashrifimiz qadrdon joylarini yana bir bor eslatganini quvonch bilan ta’kidladi: – Ota-onamning qabrini ziyorat qilgani u yerga tez-tez borib turaman. Har borganimda O‘zbekistondagi ulug‘vor o‘zgarishlardan lol qolaman. Ayniqsa, mening kindik qonim to‘kilgan Navoiy viloyati sanoat shahriga aylanganligi, bu joyning erkin iqtisodiy hudud deb e’lon qilinganligi meni bag‘oyat xursand qildi. Qayerda yursam men O‘zbekistonda tug‘ilganligimni faxr bilan aytaman, – deydi u. Biz kasbdoshlar huzuriga kirganimizdan, O‘zbekiston tarbiyalagan farzandlar o‘zga yurtlarda qanot qoqib, o‘sha shaharning yuzi-ko‘zi bo‘lib yurganidan faxrlandik. Vatanimizning suvi ham, nonu havosi ham muqaddasligini his qildik.

Yana o‘qing:  ONA ZAMIN MO‘JIZASI

Darhaqiqat, sayohat – ulkan, beqiyos kuch. U dunyo kezishga, xalqlarni, elu yurtlarni tanishga ko‘mak beradi. Odamlarning tafakkurini boyitadi, aqlu zakovatini charxlaydi, iroda va imkoniyatini baquvvat qiladi. Ma’naviy barkamollikka undaydi. Bejiz xalqimiz, “Yurgan – daryo, o‘tirgan bo‘yra”, deya naql keltirmaydi…

Ra’no Zaripova,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: