Kichik insultlar – dardning kattalashayotganidan ogoh etadi
Barchamiz bilamizki, insult (miyada qon aylanishining buzilishi yoki miyaga to‘satdan qon quyilishi)ga e’tiborsiz qarab bo‘lmaydi. Chunki, bu kasallik lahzalik o‘lim bilan yakun topadi yoki uning asoratlaridan uzoq muddat davomida davolanib, asta-sekinlik bilan qutilish mumkin. Ba’zan insultlar to‘satdan bemorga zarba berishi mumkin. Ayrim holatlarda esa kasallik belgi beradi.
Tungi bazmu jamshiddan so‘ng o‘ziga zo‘rg‘a kelgan 48 yoshli bemor Muxtor so‘zlarining uluq-yuluqligi, qo‘li karaxt bo‘lib, o‘ziga bo‘ysunmayotganligidan qo‘rqib ketdi. Me’yorsiz ichkilikbozlik natijasida shu holatga tushdim deb o‘ylagan tadbirkor bir necha kun uyda yotib dam olsam ahvolim yaxshilanadi deb o‘ylaydi. Ammo, har ehtimolga qarshi shifokorga bir ko‘rinib qo‘yishni diliga tugdi. Ertasi kuni u shifokor-mutaxassisga uchraganida kasallik klinikasiga qarab tashxis qo‘ygan vrach uni zudlik bilan nevrologiya bo‘limida yotib davolanish uchun yo‘llanma berdi. Chunki, bemorga “miyada o‘tkir qon aylanishining buzilishi” tashxisi qo‘yilgan edi. Bo‘lim shifokorlari Muxtorga bir oy davomida yotib davolanishi zarurligini aytishganida u “arzimagan kasallik tufayli shuncha uzoq davolanish zarurmi”deya o‘ylandi. Biroq, uning kasalligi oddiy xastalik emasligini yaxshi bilmasdi.
Shifokorlar insult, kichik insult va bosh miyada qon aylanishining o‘tkinchi buzilishi haqida aniq chegara qo‘yishmaydi. Kasallikning kechish jarayoni faqatgina miya sohasida qay darajada chuqur o‘zgarishlar keltirib chiqarishiga bog‘liq. Agar miyaning ayrim sohalarida qisman hayotiy muhim funksiyalarni bajaruvchi bo‘lagi zararlangan bo‘lsa uning faoliyatini qo‘shni sohadagi qismi bajarishi mumkin. Shu sababli bemor ba’zan miyasidagi o‘zgarishlarni jiddiy qabul qilmay beparvo “ha, o‘tib ketadi” deb e’tiborsizlik qiladi.
Ammo kichik insultlardan so‘ng qisqa muddatlarda (60 foiz holatlarda) bosh miya ishemiyasi (qon aylanishining buzilishi natijasida bosh miyaning qonsizlanishi) esa o‘z navbatida juda jiddiy asoratlarga olib keladi. Shuning uchun kichik insultlardan so‘ng bemor, albatta, shifokor nazorati ostida to‘liq davolanishi zarur. Insultga olib keluvchi sabablar ko‘p. Ayniqsa, issiq va dim ob-havo ham bu xastalik rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi. Jaziramada odam ko‘p terlaydi va tana suvsizlanadi. Natijada qon quyuladi. Bu holat o‘z navbatida bosh miyada tromb (qon laxtasi-tiqilma)lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Yana issiq kunlarda qon bosimi ham oshadi. Arterial qon bosimining oshib turishi ham insult rivojlanishiga keng yo‘l ochib beradi. Shuningdek, keksa kishilarning quyosh tig‘ida dalada tinimsiz bosh ko‘tarmay ishlashlari ham insultga sabab bo‘ladi. Doimo yerga egilib, boshini quyi solib mehnat qilish ham bosh miyaga qon quyulishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bu holat yurak qon tomir tizimiga salbiy ta’sir etadi. Ayniqsa, keksalarda anevrizma kuzatilsa (arteriya qon tomiri devori mo‘rtlashib yoki cho‘zilib bo‘rtib chiqqan bo‘lsa, u yorilib ketishi mumkin) “qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish”dan ehtiyot bo‘lish zarur. Nafaqaga chiqqan keksalar o‘z vaqtida tibbiy ko‘riklardan o‘tib, shifokor nazorati ostida bo‘lishlari zarur. Ammo, ba’zi bemorlarning insult bo‘lishiga moyillik “peshonasiga yozilgan” deyish mumkin. Ya’ni, bemorda bosh miya qon tomirlari aterosklerozi kuzatilsa hamda uyqu arteriyasi egri-bugri joylashgan bo‘lsa bu kasallik ularda tez rivojlanadi.
Bunday bemorlar ushbu xastalikning oldini olish maqsadida neyroxirurg ko‘rigidan o‘tib bosh miyasini “Dopler” tibbiy uskunasida tekshiruvdan o‘tkazib, qon tomirlar holati haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Yana shifokor tavsiyasiga ko‘ra profilaktika maqsadida muolajalar olishlari zarur. Ayniqsa, transportga chiqqanda chayqalib ketadigan kishilar hamda vaqti-vaqti bilan boshi aylanadigan va ba’zan hushini yo‘qotib turadigan bemorlar doimo shifokor nazorati ostida bo‘lishlari kerak. Chunki, bu belgilar qon tomir tizimi faoliyati zaifligidan darak beradi.
Insultni aniqlashda tezkor test: qarshingizdagi kishidan uchta uncha murakkab bo‘lmagan hatti-harakatni bajarishni so‘rang.
1. Odam tabassum qilganida yuzining bir chekkasi assimetrik bo‘ladi. Bir tomon sal qiyshayib turadi.
2. Har ikkala qo‘lini ko‘targanda bemorda bir qo‘li beixtiyor pastga tusha boshlaydi.
3. Oddiy so‘zlarni xasta kishi takrorlaganida uning nutqi tushinarsiz bo‘ladi.
Kichik insult belgilari
1. Baland tovush yoki yorqin chiroq nuriga kuchli ta’sirchanlik kuzatiladi.
2. Sababsiz kuchli bosh og‘rig‘idan bemor aziyat chekadi.
3. Ko‘ngil aynishi va qusish xasta kishini behzur qiladi.
4. To‘satdan tananing biror qismida sezuvchanlikning yo‘qolishi va karaxt bo‘lib qolishi bemorni vahimaga soladi.
5. Bexosdan harakatning buzilishi, yurishda qiynalishning kuzatilishi hamda bosh aylanishi kichik insult belgilari hisoblanadi.
Sahifani Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi