MAVSUM YAKUNLANMOQDA
biroq, oromgoh zavqi hamon dillarda
Oromgohlar mavsumi ham tugab, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik boshlandi. Yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish maqsadida bolalar oromgohlarga jalb qilindi. Ko‘plab oromgohlar o‘z bag‘rida bolalarni ham ma’nan ham jismonan chiniqishlarini ta’minladi. Qator davlat va nodavlat tashkilotlari ham bu faoliyatdan chetda qolmadi. Har bir bola mehr va e’tiborda bo‘lgan yurtimizda “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanayotgan bolajonlar ham yozgi oromgohlarda hordiq chiqarishdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari hamda “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari uchun qaynoq yozni so‘lim tabiat qo‘ynida, tog‘ yon bag‘rlarida joylashgan oromgohlarda o‘tkazish imkoniyatini yaratdi.
Tog‘ga tutash joylashgan “Konstruktor” oromgohi ham ana shunday muassasalardan biridir.
Oromgohdaga to‘rt mavsum davomida jami 1 ming 749 nafar bola hordiq chiqargan bo‘lsa, shulardan 460 nafari Orolbo‘yi mintaqasidan kelgan.
“Sog‘lom avlod uchun” fondi tomonidan “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanuvchi 75 nafar bola oromgohda dam olish uchun bepul yo‘llanma bilan ta’minlandi.
– Oromgohimizda dam olayotgan bolalarning barchasiga mehr va e’tibor ko‘rsatishga, ularga barcha sharoitlarni yaratib berishga qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz, – deydi biz bilan suhbatda oromgoh rahbari Yelena Yarigina.
Oromgohda tashkil etilgan turli ma’naviy-ma’rifiy va sport to‘garaklari bolalarning mazmunli hordiq chiqarishlarini ta’minlamoqda. Mavjud shaxmat, shashka, futbol, voleybol, suzish, stol tennisi, yengil atletika, yugurish, balandlikka va uzunlikka sakrash to‘garaklari bolajonlar bilan gavjum. Shu bilan birga ma’naviyat-ma’rifat, mohir qo‘llar, “Happy English” va she’rxonlik to‘garaklari ham bolalarning qobiliyatlari va iste’dodlarini kerakli yo‘nalishda shakllantirishga xizmat qilmoqda.
– Sport – salomatlik garovi. Buni barchamiz yaxshi anglagan holda faoliyat olib bormoqdamiz, – deydi oromgoh bosh yetakchisi O‘tkir Sobirov. – Bolalarni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom qilib tarbiyalash borasida oromgohimizda alohida dastur ishlab chiqilgan va shunga ko‘ra turli tadbirlar tashkil etmoqdamiz. Birinchi mavsum davomida 250 nafar bolani qamrab olgan “Mustahkam do‘stlik” nomli tadbirimiz “Do‘stlik – g‘alabaga yetaklaydi” shiori ostida o‘tkazildi.
Bunda tashqari oromgohda “Ekologiya va salomatlik”, “Sport tanni toblaydi”, “Kuch – birlikda” mavzularida ham tadbirlar tashkil etildi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan poytahtimizdagi 23-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari ham xordiq davomida o‘zlarining iste’dodlari bilan barchani xayron qoldirishdi. Tarbiyalanuvchisi Marsel Zagitov “Chotqol do‘stlarni chorlaydi” tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bugun bolajonlarimiz uylariga qaytib yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ularga butun o‘quv yili davomida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz. Zero, ta’til davomida hordiq olish jarayonida o‘rganganlari ularga bir umr as qotishi shubhasiz.
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri