TARADDUD
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 23 yillik shodiyonalari tobora yaqinlashmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyomni munosib kutib olish maqsadida shahar va qishloqlarda, mahallalar, mehnat jamoalarida tevarak-atrofni tartibga keltirish, obodonlashtirish, ariq-zovurlar, xiyobonlarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, mahallalar, aholi punktlari, ko‘pqavatli uylar, hovlilar, bog‘ va saylgohlarni tartibga keltirish, ko‘pqavatli uylar atrofidagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, ularning o‘rnini obod qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Butun mamlakatimiz bo‘ylab “Obodonlashtirish va tozalik oyligi”ni, uning doirasida 16-17 avgust kunlari bo‘ladigan umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada, keng aholi qatlamlarining faol ishtirokida o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bu boradagi ishlarni izchillik bilan tashkil etish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida ishchi guruhlar shakllantirildi.
Tozalik va obodonlashtirishni yuksak qadrlaydigan, har bir ezgu ishni pok niyat bilan boshlaydigan xalqimiz eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz mustaqilligining 23 yilligini ana shunday ezgu maqsad bilan kutib olmoqda. Bunday tadbirlar yurtdoshlarimiz qalbida yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nodir QODIROV,
TATU talabasi