Sport xabarlari (2014/32)
TENNIS. Mamlakatimizning mahoratli tennischilaridan biri Farrux Do‘stov Kanadaning Vankuver shahrida o‘tgan “Chelenjer” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalga qadar yetib bordi.
U turnirda mezbon tennischi Rayan Uilyamsni 6:0, 3:6, 6:4, italiyalik Andrea Kollarinini 6:2, 6:2, AQSH vakili Ostin Kraychekni 4:6, 6:1, 6:0 va buyuk britaniyalik Jeyms Vardani 7:6, 6:3 hisobida yengdi. Finalda esa kiprlik Markus Bagdatis bilan bo‘lib o‘tgan qizg‘in bahsda 6:7, 3:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
TAEKVONDO. Rim shahrida 43 davlatdan kelgan 500 nafardan ziyod sportchi ishtirokida o‘tkazilgan an’anaviy taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida mamlakatimiz vakillari munosib ishtirok etdi.
Vatanimiz sharafini himoya qilgan Artyom Li kompleks mashq bajarish bo‘yicha oltin, yakkama-yakka bahslarda kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Baxtiyor Odilov vazni 80 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Umidli yosh taekvondochilarimizdan Jahongir Rashidov va Diyor Shavkatov bronza medal bilan taqdirlandi.