O‘xshasam, onamga o‘xshayman
– Hilola nega qo‘g‘irchog‘ingni ko‘tarib olding, bittasini o‘ynasang bo‘lmaydimi? Qo‘lingdan tushib ketsa, ko‘ylaklarini kir qilib qo‘yasan, – deya ko‘chaga otlanayotgan singlisiga tanbeh beradi Ozoda.
– Yo‘q, bittasini Karimaga beraman, bugun aqlli qiz bo‘lmoqchiman. Oyijonim anuv kun arqonimni Lolaga bermaganim uchun, “aqlli qizlar dugonalaridan narsalarini qizg‘anishmaydi, saxiy bo‘lsang hamma seni birdek yaxshi ko‘radi”, degan edi. Ha, aytgancha bilasizmi, kecha o‘zi hamma meni yaxshi ko‘rsin deb, – dazmolimizni qo‘shnimiz Mohira opaga bergani uchun dadamning ko‘ylagini dazmollay olmadi. Shuning uchun ertalab dadam ishga qovog‘ini solib indamasdan ketdi. Menimcha dadajonim oyijonimning qizg‘anchiq emasligini bilmadi-da, shundaymi, opajon? Men esa bugundan boshlab xuddi oyijonim singari hamisha saxiy bo‘lmoqchiman, – dedi Hilola darvoza oldiga yetib borar ekan.
Biyron singlisining javobidan lol qolgan Ozoda boshini sarak-sarak qilganicha uning orqasidan qarab qoldi.
* * *
– Shafoat, yuzingga qayoqdan qora chaplab olding, qara ko‘ylagingga ham ishqab olibsan, qiz bola ham shunday yuradimi? – oyisining bergan tanbehidan boshini quyi egib olgan qizcha lom-mim demadi. Hay, senga gapiryapman, og‘zingga talqon solib oldingmi? – deganicha Mastura opa qizining qo‘lidan yetaklab, uning yuz-ko‘zlarini yuvib, toza ko‘ylagini kiydirdi. Shu payt Shafoat ikki qo‘li bilan yuzini bekitganicha “qiqir-qiqir” kula boshladi. – Nima bo‘ldi? – oyisining savoli tugar-tugamas Shafoat tilga kirdi. – Oyijon choshgohda tandirga o‘t qalaganingizda buvijonim “hay nima bo‘ldi, kelin yuzingizga qora chaplabsiz, etagingiz ham qop-qora bo‘libdi”, – deganida og‘zingizda talqon bor edimi? Buvimga javob bermadingiz. O‘shanda “nima og‘zingizda talqoningiz bormi”, – deganicha buvim ortingizdan qarab qoldi. Men ham gapirmasdan sizga o‘xshab oldim. – Buvingga gapirmadimmi? – bir muddat kalovlanib qolgan Mastura opa o‘z-o‘zidan uyalib ketdi.
* * *
– Mo‘tabar, qaychini joyiga qo‘y. Uni nima qilasan? – Anzirat buvi nabirasini koyigan bo‘ladi.
– Beshikchamga oyimnikiday yaltiroq yoping‘ich tikmoqchiman, – bijillaydi buvisiga javoban qizaloq.
– O‘zim o‘rgilay chevar qizimdan, avval oyingday katta bo‘lib olgin, keyin tikasan, – nevarasining gapidan shodlanadi buvisi.
– Men kattaman-ku, buvijon, oyi ham bo‘lganman. Qarang, Sarvinoz qizim bor, – qo‘g‘irchog‘iga ishora qiladi nabirasi Anzirat buviga e’tiroz bildirib.
– Bo‘lmaydi, bo‘ying past, bo‘ying tikish mashinasiga yetishi kerak, – bir qo‘li bilan og‘zini yopganicha o‘zini kulgudan zo‘rg‘a tiyadi buvisi.
– Buvijon tushuning, kecha sizga oyijonim nima degan edi. Men bitta gapiraman, siz avval gapni yaxshilab eshitib olingda keyin xulosa chiqaring, bo‘lmasa kulguga qolasiz, – degan edi. Men ham sizga bitta gapiraman, oyimning ko‘ylagini kiyib oyog‘im tagiga stulcha qo‘ysam, bo‘yim o‘sib ketadi, keyin xulosa chiqarasiz. Shunda kulguga ham qolmaysiz. Nabirasining aytgan so‘zlaridan Anzirat xolaning bir zum qoshlari chimirilib turdi-da, bilag‘on nabirasi borligidan quvonib, asta-sekin yoyilib kuldi.
* * *
– Oyijon menga ham xamiringizdan zuvala uzib bering, patir qilaman.
– Keyinchi, – qiziqib Shahloni so‘roqqa tutgan bo‘ladi oyijoni Inobat opa.
– Keyin nima bo‘lardi, zuvaladan patir yasab yuziga chakich uraman-da oyi bo‘lib tandirda yopib, xuddi sizdek qo‘g‘irchog‘im Marjona bilan Nafisalarnikiga mehmonga boraman. Ular meni keling-keling, – deb shirin shokoladlar bilan kutib olishadi.
– Keyinchi?
– Buvimga o‘xshab hadeb “keyinchi”layvermay o‘zingizga o‘xshab, bitta-bittalab so‘rang.
– Men bitta-bittalab so‘rarkanman-mi, kim aytdi?
– Kim bo‘lardi, buvijonim-da! Kecha buvimga “Oyijon, nima ovqat qilay?, Suyuqmi quyuqmi?, Mastava qilsam ichasizmi?, Sizga qatiq solaymi yoki qaymoq”, – debsiz. Buvim bo‘lsa qaysi bir savolga javob berishni bilmay, gangib qoldim dedi.
– Buvijoning shunday dedimi, endi uncha ko‘p savol bermayman, novvot qizim-ey, – deganicha o‘zini kulgudan tiya olmagan Inobat opaning yonida turgan Shahlo ham oyisiga qo‘shilib qiqirlab kula boshladi.
* * *
– Bilasizmi oyijon, bugun bog‘cha opam meni ozoda qiz, – deya maqtagan edi, qo‘shnimizning qizi Gulasal biroz xafa bo‘ldi.
– U nega xafa bo‘ladi? – ajablandi Nazira opa qizi Nilufarga boqib.
– Nega bo‘lardi, u o‘ynayotganimizda hamma o‘yinchoqlarni tartibsiz sochib tashlaydi. Ovqat yeyayotganimizda nuqul ko‘ylagiga to‘kib oladi. Soch to‘g‘nog‘ichini esa sochidan olib qayga qo‘yganini bilmasdan yig‘lab yuradi.
– Voy-bo‘ o‘rtog‘ing bilmasdan shuncha ayb ish qilar ekan, o‘rgatsang bo‘lmaydimi?, – dedi Nazira opa qiziga sinovchan boqib.
– Hm-mm-mm, o‘rgatib nima qildim, o‘zingiz birovlarning ishiga aslo arlashma, deysiz-ku, yoki bittagina Gulasalning ishiga aralashsam bo‘ldimi? – ajablanib oyisiga boqadi qizaloq.
– Nega bo‘lmas ekan, albatta bo‘ladi, – deya zo‘rg‘a so‘zlayotgan Nazira opa qizining tarbiyasi borasida qilgan xatosini bir zum tushunib yetdi chog‘i, o‘zini tutib olgan ko‘yi birdaniga, jon qizim ertaga o‘rtog‘ingga noto‘g‘ri qilayotgan ishlarini sekin tushuntir, sochto‘g‘nog‘ichni hadeb sochdan olaverish yaxshi emasligini ham aytgin, – dedi baralla.
* * *
– Assalomu-alaykum, hormang oyijon, kir yuvyapsizmi, keling men ham qarashib yuboraman, – deganicha Lobar opa tomon shoshib odimlaydi Surayyoxon.
– Vaalaykum assalom, o‘zimning g‘ayratli qizimdan, avval kiyimlaringizni almashtirib oling, keyin yordam berasiz, – deydi Lobar opa jilmayib qiziga qararkan. Apil-tapil kiyinib olgan qizaloq ko‘ylaklarini joy-joyiga taxlab qo‘yar ekan, – xuddi oyisi singari “ana bo‘ldi”, deya ta’kidlashni ham unutmaydi. Kichkina tog‘orachasiga bir juft paypog‘ini solib, ustiga iliq suv quyib, suvga obdon botirib sovun surganicha yuva boshlaydi.
– Ob-bo chaqqonoy-ey, biram usta bo‘libdiki mening qizim, shodlanib Surayyoxonni alqaydi oyisi.
– Oyijon nega buvim ko‘rinmayapti?, – savol beradi qizaloq chor-atrofga boqib.
– Buving amakingnikiga mehmonga ketgan. Nega buving shu tobda kerak bo‘lib qoldi?.
– Ey-yy-yy, oyijon, buvim yo‘q kuni nega kir yuvdingiz? Axir men buvijonimdan siz va dadamga rahmat olib bermoqchi edim.
– Bu nima deganing qizim, – ajablanib qiziga boqadi Lobar opa.
– Shuniyam bilmaysizmi, buvijonim meni sizga o‘xshab ish qilayotganimni ko‘rib, tarbiya bergan ota-onangizga rahmat, degan bo‘lardi. Oyijon ertaga buvim kelganida yana kir yuvaylik xo‘pmi, – ta’kidlaydi qizaloq bir zum ishidan to‘xtab.
– Xo‘p bo‘ladi oppog‘im, ertaga tag‘in kir yuvamiz, buvingning paypog‘ini esa albatta sen yuvasan, – deganicha qizini bag‘riga bosadi Lobar opa.
Jamila HAYDAROVA