Oiladagi sog‘lom muhit
ajdodlarga munosib avlod shakllanishida bosh omildir
Jahon xalqlari, yurtimizga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar O‘zbekiston nomini eshitganda, avvalo, buyuk allomalar, olim-u fuzalolar yurti, ilm-fan rivojlangan ma’rifat va madaniyat o‘chog‘i, sivilizatsiya tamadduni bo‘lgan mamlakatni ko‘z oldiga keltirishini, yuksak muvaffaqiyatlarimizni bot-bot e’tirof etishadi. Bugun yoshlar qo‘lga kiritayotgan g‘alabalar ham hamdo‘stlik mamlakatlari tomonidan katta olqish bilan qarshilanmoqda.
Yaqinda Janubiy Koreyaning Tedjon shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari fan musobaqasida O‘zbekiston sha’nini himoya qilib, bellashuvga chiqqan 4 nafar yoshlarimiz 31 davlatdan kelgan 600 nafarga yaqin o‘quvchi orasidan faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Yulduz Ne’matova ana shu kuchli to‘rtlikning bir vakilasi. U Kitob tumani Palandara qishlog‘ida yashaydi. Qishloqning bahavo muhiti, odamshinavanda insonlarini ta’riflashning hojati yo‘q. Tong otmasdan uyg‘onib ro‘zg‘or tashvishlariga unnaydi, yana bo‘sh vaqt topib do‘ppini boshdan olib, kitob mutolaa qiladi. Ana shunday kishilardan, aniqrog‘i oilalardan biri – qahramonimizning ota-onasi Qosim aka Qudratov va Saodat Himmatqulova o‘zi yashayotgan qishloq maktabida matematika fanidan bolalarga saboq beradi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlaridek Yulduz bolaligidan matematikaning sir-asrorlarini o‘rganishga kirishgan.
– Qizim ikkinchi sinfda o‘qiyotgan paytida to‘rtinchi sinf masalalarini bemalol ishlay olardi, – deydi Qosim aka. – Uyda akasi bilan dars yuzasidan baxslashardi. Uning zehni o‘tkirligi, fanlarni yaxshi o‘zlashtirayotganidan quvondik va beshinchi sinfga o‘tganida matematika bo‘yicha malakali ustoz “mehnat shuhrati” ordeni sohibi Baxtiyor Abdiуev yoniga olib bordim. Malakali o‘qituvchi qizimdagi iqtidorni darrov anglab, u bilan yanada ko‘proq mashg‘ulotlar olib bordi. Qizimni ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qitayotganim uchun ayrimlar “shart emasdi, qiz bola birovning uyiga ketadigan…” va yana shunga o‘xshash gaplarni aytishgan. Biroq men bunday fikrni yoqlamayman. Qizmi, o‘g‘ilmi o‘qitish lozim, yaxshi ilm olishi uchun sharoit yaratib berish vazifamiz. Men hozir aqlli, bilimdon, yurtimizni sharaflayotgan qizalog‘im bilan faxrlanaman. Bir ota uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!
Darhaqiqat, bolaning shaxs sifatida kamol topishida, kuchli, irodali, mustaqil fikrga ega bo‘lib ulg‘ayishida atrofdagilarning e’tibori va g‘amxo‘rligi muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, ta’lim tizimini isloh qilish, o‘qituvchilar malakasini yanada oshirish, o‘quv maskanlarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, o‘n ikki yillik uzviy ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilgani ta’lim sifatini yaxshilashga xizmat qilayotir. Kitob tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internati zamon talabiga javob beradigan qulayliklarga hamda malakali ustozlarga ega. U yerda tahsil olayotgan bolalarning bilim saviyasi qay daraja ekanini birgina Yulduz Ne’matovaning qo‘lga kiritgan yutuqlari misolida ko‘rishimiz mumkin.
Xalqaro olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlari ancha oldin boshlangan bo‘lib, dastlab viloyat bosqichlarida saralash o‘tkazildi. Unda faxrli birinchilikni qo‘lga kiritgan Yulduz respublikaga yo‘l oldi va bu yerda ham yuqori o‘rinlarga munosib topildi hamda to‘rt nafar eng kuchlilar safidan o‘rin oldi. Bir oydan ziyod vaqt davomida iqtidor egalari malakali o‘qituvchilar nazoratida bo‘lib, bilim saviyasini yanada boyitib bordi. 21-26 iyul kunlari Janubiy Koreyaga yo‘l oldi. U yerdagi taassurotlar haqida qahramonimiz shunday deydi:
– Bilasizmi, men qishloqda hovliga suv sepishni, non yopishni, onamga ro‘zg‘or ishlarida qarashishni yaxshi ko‘raman. Ota-onamdan yuqqan bo‘lsa kerak, matematika faniga o‘zgacha qiziqishim bor. Yo‘lda yurganimda ham xayolan biror masalaning yechimini qidirib yuraman. Otam va onam o‘quvchilarning uyga vazifalarini tekshirayotganda ularga yordamlashaman. Ustozim Baxtiyor Abdiyev ham bizga ilm ziyosini taratishdan charchamaydi. Ayni paytda erishgan muvaffaqiyatlarimda ota-onam va ustozimning ko‘p mehnati singgan.
Olimpiadada ishtirok etarkanman qalbimda qo‘rquv, hayajon sezmadim. Turli davlatlardan kelgan bolalar ham huddi o‘zimizdek, farqli jihati yo‘q. Ular bilan tezda do‘stlashib ketdik.
Bellashuv dastlab yakka, so‘ng jamoaviy tartibda bo‘lib o‘tdi. Shiddatli bahs jarayonida faqat bir narsani o‘ylardim, yurtimizdagi minglab iqtidorli yoshlar orasidan meni tanlashdi. Demak, men o‘sha ishonchni oqlashim shart. Bellashuv nihoyasida 600 nafarga yaqin ishtirokchilar orasidan faxrli ikkinchi o‘rinni egallaganimizda biroz hayajon bo‘ldi, biroq shohsupaga chiqqanimizda Vatanimiz bayrog‘i ko‘z oldimda yuqorilayotganida sevinchdan ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmadim, qalbimda to‘fon ko‘tarilgandek yuragim orziqib ketdi. Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifodalay olmayman. Uyga qaytganimda ota-onam meni bag‘riga bosib “Sen bizning faxrimizsan!” deyishdi. Mustaqil yurt farzandi ekanimdan, yetarlicha bilim olayotganimdan cheksiz iftixor tuydim.
Ha, Yulduzxon kabi Al-Xorazmiy avlodlari ajdodlarga munosib izdosh desak, xato bo‘lmaydi. Bundayin vatanparvar yoshlar bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Tinchlikning musaffo havosidan bahra olayotgan avlodning qalbi beg‘ubor, taffakuri teran, ongi sog‘lom voyaga yetmoqda. Yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan yoshlar bugunning, ertaning davomchilari. Ular xalqimiz g‘ururi, ular istiqlol farzandlari.
Dildora MURODOVA