ILM NURI YORITGAN UMR YO’LI
“Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat ila baquvvatdir. Insoniyatning qadri ilm bilan hosil bo‘ladi”, deganida buyuk alloma Sa’diy Sheroziy naqadar haq edi.
Qadimdan ziyoli insonlarga mehri bo‘lakcha bo‘lgan xalqimiz ularni qadrlab “kitob ko‘rgan” deya alqashgan. Ana shunday o‘zining mashaqqatli mehnatlari evaziga elda aziz bo‘lib, ustoz degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan buxorolik Habiba Qarayeva ham tom ma’noda baxtli yurtdoshlarimizdan biridir. Asli Xirs qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Habibaxon maktabda a’lo o‘qishi, xulqi odobi va tashabbuskorligi bilan ustozlari nazariga tushdi. Kimyo faniga bo‘lgan qiziqish uni Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ga yetakladi. Talabalik davrida ham sevimli mashg‘uloti kitob mutolaa qilish unga bir olam zavq bag‘ishlar edi. Tinimsiz o‘qib-o‘rganishlar, kutubxonalardan zarur ilmiy adabiyotlarni topib o‘qish, tunlarni tonglarga ulab, mavzuga doir referatlar yozish H.Qarayevaning kelgusidagi ustozlik faoliyati uchun mustahkam zamin yaratdi. Chunki, o‘qituvchi hamisha shiddatli va tezkor zamon hamda axborot asrida hamisha o‘quvchilardan bir qadam oldinda yurishi zarur.
H.Qarayeva salkam chorak asrdan buyon o‘quvchilarga kimyo fanidan saboq bermoqda. Ko‘p yillik tajribaga ega, bilimdon va yuqori malakali kimyo fani o‘qituvchisining shogirdlari hozirda dunyo miqyosida nufuzli musobaqalarda xorijlik o‘quvchilar bilan bellashib, o‘zlarining hech kimdan kam emasliklarini isbot qilmoqda.
Bola oila muhitida ota-onasiga ergashadi. Ko‘p bolali oilaning bosh farzandi bo‘lgan Habibaxon mehnatkash va og‘ir vazmin otasi Bebit aka hamda qo‘li gul chevar, hunarmand, tinib-tinchimas onasi Norsulton opaning og‘irini yengil qilib, ukalari va singlisi tarbiyasida ularga yelkadosh bo‘lishga harakat qildi. Uy va dala yumushlaridan ortib, oldiga oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishni qat’iy maqsad qilib qo‘ydi. Shu ezgu orzusining amalga oshishi uchun kitoblarni qo‘lidan qo‘ymay o‘qidi. Ota-onasining duolari va o‘zining sabr-toqat-la qilgan sa’y-harakatlari natijasida u talabalik maqomiga erishdi. Ustozlari ishonchini oqladi. Qishloqdoshlari oldida yuzi yorug‘ bo‘ldi. Hozirda unga nafaqat qishloqdoshlari balki ko‘pgina yurtdoshlarimiz ham havas qilsa arziydi.
Xalqimizda “palagi toza” degan ibora bor. Bu iborani lavhamiz qahramoniga ham qo‘llasak bo‘ladi. Zero, uni ota-onasi halol luqma bilan tarbiyaladi.
Habibaxon dastlab ish faoliyatini 1990-yilda Peshku tumanidagi 1-sonli maktabda boshlagan. Oliy toifali kimyo fani o‘qituvchisi H. Qarayeva Jondor tumanidagi 20-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internatida o‘quvchilarga saboq bera boshlagan davrdayoq o‘qituvchi psixolog ham bo‘lishi zarurligini anglab yetgan edi. U doimo o‘quvchilarga do‘stona munosabatda bo‘lib, ularning qalbiga yo‘l topishga harakat qiladi.
Doimo yangilikka intiluvchan iqtidorli o‘qituvchi H.Qarayeva 1999 yilda respublikada “Yangi pedagogik texnologiya” mavzusida o‘tkazilgan o‘qituvchilar uchun konferensiyada oliy o‘rinni egalladi.
Ustozning mehnatlari samarasi shogirdlari yutuqlarida aks etadi. 2003-2004 o‘quv yillarida H.Qarayevaning o‘quvchisi Anvar Sariyev xalqaro Mendeleev olimpiadasi saralash-sinov bosqichlarida ishtirok etib, Toshkent tibbiyot akademiyasiga imtihonsiz kirish huquqiga ega bo‘ldi. Muhriddin Shahriyev ham talabchan ustozining ishonchini oqladi. U nafaqat viloyat va respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, balki kimyo fani bo‘yicha nufuzli xalqaro 42-Mendeleev olimpiadasida bronza medali sohibi bo‘ldi. Bu sovrin unga Moskva shahridagi Lomonosov universitetiga imtihonsiz va imtiyozli ravishda o‘qishga kirishiga imkon berdi.
Xususan, o‘tgan besh yil davomida Habibaxon Qarayevaning shogirdlari viloyat fan olimpiadasida o‘n bitta, “Bilimlar bellashuvi” ning viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Jamoat ishlarida faol, tinib-tinchimas ustoz H.Qarayeva hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan munosib taqdirlandi. 2010 yilda u “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘ldi.
2013 yil Habibaxon hayotida unutilmas yil bo‘ldi. U “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida kimyo fani bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
H.Qarayevaning ayol va ustoz sifatidagi muvaffaqiyatlarida uning turmush o‘rtog‘i Qobil aka Hamroyevning ham munosib hissasi bor. Chunki, har bir insonning oilasida halovat va ko‘nglida xotirjamlik bo‘lsagina, shuningdek, yaqinlarining ruhiy madadi va qo‘llab-quvvatlashlarini his etib yashasagina u ulkan maqsadlar sari dadil odimlaydi. Qobil aka ham ziyoli inson. Buxoro viloyati Aloqa boshqarmasida katta muhandis bo‘lib ishlaydi. Ota-onasining kitobga bo‘lgan ayricha mehri va ilmu ziyoga bo‘lgan intilishlari bu oilada kamol topgan to‘rt nafar qizning tarbiyasiga ijobiy ta’sir etdi.
Oilaning bosh farzandi Safuraxon farmatsevtika oliygohini muvaffaqiyatli tugalladi. Mahbubaxon esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakulteti magistratura bosqichi talabasi. U ingliz tili fanidan o‘tkazilgan respublika olimpiadasida 1-o‘rinni egalladi va universitetga imtihonsiz qabul qilindi. Joriy yilda Mahfuzaxon Hindistonning biotexnologiyaga ixtisoslashtirilgan universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Kenjatoy Nilufar ham bilimdon opalari izidan borishga intilmoqda. Hozirda u kollej talabasi.
Yurtimizda mehnat qilib, elda e’zoz topayotgan baxtli oilalar bisyor. Birgina lavhamiz qahramoni muallima Habiba Qarayeva timsolida yurtdoshlarimizning hur O‘zbekistonda mustaqillik va mamlakatimizdagi tinchlik, farovonlik tufayli saodatli umr kechirayotganini ko‘rish mumkin. Zero, ozod va obod o‘lka farzandlariga hamisha omad yor bo‘laveradi.
Gulchehra ShIRINOVA,
Buxoro viloyati