Bola huquqlari davlat himoyasida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida 25 iyul kuni bola huquqlarini ta’minlashga oid milliy qonunchilikka xalqaro standartlarni joriy etish borasida O‘zbekiston tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Oliy sud va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Oliy sud hamda viloyat sudlarining sudyalari, vazirlik va idoralar xodimlari, huquqshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Qo‘chqor Tog‘ayev, YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Robert Fuderich va boshqalar O‘zbekistonda sud-huquq tizimi izchil isloh etilayotganini, bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, zamonaviy bilim olishi, o‘z qobiliyat va iqtidorini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bolalar huquqlari himoyasini yanada yaxshilash, ularni har tomonlama barkamol inson etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonda bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash mustahkam huquqiy asosga ega. Bu sohaga oid beshta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilingan, o‘ndan ortiq qonun qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekani kafolatlangan. Mamlakatimizda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi talablari, O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil joriy etilmoqda. Bu sohadagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy qilish va qonunchilikni takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslar, shu jumladan, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktika qilinmoqda, sudlarda va boshqa muassasalarda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyalanayotir.

Mamlakatimizda Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi (Jeneva, 1973 yil 26 iyun) hamda Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini ta’qiqlash va ularga barham berishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyalarga (Jeneva, 1999 yil 17iyun) ham qo‘shilgan va bu boradagi o‘z majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda.

Tadbirda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish jarayonida bu ishlar yanada yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda bolalar huquqlariga oid qonunchilik doimiy takomillashtirib borilayotgani, qonun ijrosi nazorati yo‘lga qo‘yilganini qayd etdilar.

Yana o‘qing:  YOZ VA MIJOZ

– O‘zbekistonda inson huquqlari tizimida faoliyat yurituvchi qator vazirlik va idoralar, tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishman, – dedi Bola huquqlari bo‘yicha ekspert Renate Vinter (Avstriya). – Mamlakatingizda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi hayotga to‘la tatbiq etilayotgani, bu borada mustahkam huquqiy baza mavjudligi e’tiborga molik. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston qonunchiligining doimiy takomillashtirib borilayotganini, sohada xalqaro hamkorlikka katta e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etishni istardim. Mazkur seminar o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan fikr va tajriba almashish imkonini berganidan juda xursandman.

Seminarda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda milliy qonunchiligimizning o‘rni, bu boradagi qonunchilik tizimiga joriy etilayotgan xalqaro standartlar xususida so‘z yuritildi. Sohada qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani, sud mexanizmlarini yanada takomillashtirish, bu borada xalqaro tajribani o‘rganishga oid masalalar muhokama qilindi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nodira MANZUROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: