MUVAFFAQIYAT pillapoyasi

Dastlab shunchaki qiziqish tufayli ikki uya asalari parvarishlashni boshlagan Bunyodbek endilikda yigirma uya asalarisi bor tadbirkorga aylangan.

Andijon viloyatining Izboskan tumanining tabiati boshqa go‘shalari kabi so‘lim va betakror. Lavhamiz qahramoni Bunyodbek To‘xtasinov shu go‘sha farzandi hisoblanadi. Andijon Mashinasozlik instituti qoshidagi 2-son akademik litseyni tamomlagan bu izlanuvchan yigit yosh bo‘lishiga qaramay, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan va joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan “Mening biznes rejam” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Natijada Mikrokreditbanki tomonidan 9 million 600 ming so‘mlik kredit olishga muvaffaq bo‘ldi. Berilgan mablag‘ni samarali sarf etib, darhol asalarichilik yo‘nalishida yosh tadbirkor sifatida o‘z faoliyatini boshladi.

– Kishi qaysi bir ishga mehr bilan yondashsa, buning natijasi albatta muvaffaqiyatli bo‘ladi, – deydi u.

Bunyodbekning so‘zlariga ko‘ra yosh tadbirkor bejiz asalarichilik yo‘nalishiga qiziqmagan. Uning aytishicha, bu kasb oilaviy “hobbi”ning rivojlanishi mahsulidir. Hayrulla To‘xtasinov xonadonida ikki uya asalari bo‘lib, uni ko‘p yildan beri parvarishlashadi. Xullas, oilaviy an’ana Bunyodbekning kelajakdagi maqsadiga aylandi. Va tabiiyki, davlatimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar barcha yoshlar qatori uning orzu maqsadlari ro‘yobini ham ta’minladi.

Chindan ham, hozirgi kunda yoshlarimiz qaysi sohada bo‘lmasin o‘z iqtidorini namoyish etib, maqsadlari sari dadil odimlamoqda. Birgina “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Yosh tadbirkor – kelajakka poydevor”, “Mening biznes g‘oyam” kabi tanlovlarning o‘tkazilishida ko‘plab yoshlar o‘zining mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘yishi ham davlatimiz rahbarining “Biz o‘z iste’dodli, fidoyi bolalarimiz, farzandlarimizga bilim va kasb cho‘qillarini zabt etishi uchun qanot berishimiz kerak”, degan so‘zlarining amaliy isbotidir.

– Zargar tilla izlagani kabi biz ham asalarilarimiz uchun gulzor va chamanzorlarni izlaymiz. Vatanimiz, jumladan tumanimizning har go‘shasi chamanzorligi bois, hosilimiz rejadigidan ham ko‘p bo‘ldi, – deydi Bunyodbek. – Asalarichilikdan olinadigan foyda yetti xazinaning biri tabiiy toza bol bo‘lsa, ikkinchisi paxtazorlardagi hosilning mo‘lligi hisobalanadi. Kuzatuvlarga qaraganda, aynan asalari uyalari o‘rnatilgan paxtazorlardagi hosil boshqa maydonlaridagiga ko‘ra anchagina ko‘p. Sababi arilar gullarning changlanishiga yordam berar ekan.

Mustahkam bilim va ish ko‘zini bilish biznes sohasida nihoyatda kerakli fazilatdir. Ana shundagina boshlagan ish davomli va istiqbolli bo‘lishi aniq. O‘z rejasi bilan ishtirok etgan Bunyodbek To‘xtasinovning loyihasi respublika miqyosida ishtirok etgan 168 nafar yoshning biznes rejalari orasida eng puxta va aniq tuzilgan beshta biznes loyiha qatoridan joy oldi. Va 18 oyga foizsiz kredit olishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘lga kiritilgan mablag‘ni maqsadli sarf etish uchun Toshkent viloyatidagi Chimyon oromgohida tashkil etilgan uch kunlik o‘quv-seminar esa yosh tadbirkorning malakasi oshishiga ko‘mak berdi.

Yana o‘qing:  SOKIN HAYOT ZAVQI

– Bankdan berilgan mablag‘ni arilar va ular uchun kerakli bo‘lgan jihozlarni sotib olishga sarf etdim. Zero, qulay shart-sharoit rivojlanishning asosi hisobalanadi, – deydi Bunyodbek To‘xtasinov.

Yosh tadbirkorning aytishicha, asalarilarning asal yig‘ishi 4 mavsumga bo‘linadi. Birinchi mavsum bahor oylarida bo‘lib, ikkinchi mavsum yozning ilk oylariga to‘g‘ri keladi. Uchinchi mavsum esa, sentabrda amalga oshiriladi. Shunisi qiziqki, shifobaxshlilik darajasi yuqori bo‘lgan asal ana shu uchinchi mavsumda yig‘ib olinar ekan. Sababi arilar uchun bu mavsuda bol yig‘ish anchagina oson va qulay hisoblanar ekan. Bejizga aytishmaydi-da tabiiylik – eng katta kuch, deya. To‘rtinchi mavsumning asali esa yig‘ib olinmasdan, bu hosil arilarning qishligi uchun saqlanib qo‘yiladi.

Sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq Bunyodbek 20 uya asalaridan hozirga qadar 240 kgga yaqin asal olishga muvaffaq bo‘ldi. Biz yosh tadbirkordan mahsulot savdosi haqida so‘raganimizda u “Asal mahalla-ko‘y, qishloq, qo‘shni tuman va viloyatlardan ortmaydi”, deydi. Bunyodbek rejalari haqida gapirarkan, bu kasb uning daromad manbai ekanini, kelajakda Andijon mashinasozlik institutining Mahsulot sifat menejmenti fakultetiga o‘qishga kirish istagini bildirdi. Uning so‘zlarini tinglab, “Yigitga qiriq hunar oz”, degan so‘zlar nechog‘li haqiqat ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: