Xizmatidan el mamnun
Yurtboshimizning 2007 yil 2 oktyabrdagi “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2014 yil – Sog‘lom bola yili munosabati bilan olis qishloqlar va mahallalardagi aholining tibbiy madaniyati oshishi, bu boradagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirilishi, ayniqsa, QVP va boshqa tibbiy punktlarning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi yuqumli kasalliklarga barham berish, onalar va bolalar o‘limining keskin kamayishini ta’minladi.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida besh yuzga yaqin zamonaviy tibbiyot muassasalari, sog‘lomlashtirish maskanlari, xususiy shifoxonalar va sihatgohlar aholi salomatligini yaxshilash yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatayotgani, viloyat miqyosida tibbiyot tizimini rivojlantirish uchun o‘tgan yilda 61,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani, 2014 yilda esa bu ko‘rsatgichning 15 foizga o‘sgani davlatimizning tibbiyot sohasiga qaratayotgan katta e’tibori namunasidir. Bu boradagi ishlar viloyatning Uzun tuman tibbiyot birlashmasini ham chetlab o‘tgani yo‘q.
– Hozirgi kunda birlashmamizda 13ta bo‘lim, jumladan, salomatlik markazi, ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonaga qarashli ayollar maslahatxonasi, teri tanosil va sil kasalliklari qismlari, tug‘ruqxona, umumiy jarrohlik bo‘limi, ko‘p tarmoqli poliklinika, bolalar va kattalar poliklinikasi, sil va yuqumli kasalliklar, laboratoriya, diagnostika, rentgen, fizioterapiya bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, tibbiyot birlashmasiga qarashli 17ta QVP 155 ming nafardan ziyod aholiga tibbiy-patronaj xizmati ko‘rsatib kelmoqda. Tibbiyot birlashmasida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 1550 nafar ishchi-xodimlarning 191 nafarini oliy toifali hamshiralar, 117 nafarini oliy toifali shifokor tashkil etadi, – deydi bosh shifokor Abduqodir Nomozov. – Tumandagi 724 nafar nogironning salomatligini tiklash ishlariga ham katta ahamiyat qaratilgan. Joriy yilda 16 yoshgacha bo‘lgan nogironlarning 9 nafariga bepul protez-ortopediya mahsulotlari yetkazib berilib, 300 nafari ambulatoriya va statsionar sharoitida davolanishlari ta’minlandi. 2 nafar nogiron bola “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ko‘magida Germaniyaga davolanishga yuborildi. Ruhiy kasallikka chalinganlarning imtiyozli dori-darmonlar bilan ta’minlanishi yaxshilandi. Joriy yilda mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda OITS, sil, ruhiy va onkologik kasalliklar bo‘yicha xastaliklari aniqlangan bemorlar ro‘yxatga olinib, davolanishlari ta’minlandi.
Viloyatning chekka hududi bo‘lsa-da birlashma bo‘limlaridagi ozodalik, batartiblik, muomala madaniyati va intizom diqqatimizni o‘ziga jalb etdi. Tibbiyot birlashmasi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan tug‘ruqxona, chaqaloqlar bo‘limi, jarrohlik, ginekologiya, shoshilinch yordam va unga qarashli terapiya bo‘limi jarrohlik qismi, travmatologiya bo‘limi, tez tibbiy yordamning sayyor 103 qismlarida malakali tibbiy xizmat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. U yerda zamonaviy tibbiy uskunlar yordamida jarrohlik amaliyotlari, rejali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Birlashma tibbiyot xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv salomatligini mustahkamlash, giyohvandlik va OITSning oldini olish mavzularida targ‘ibot ishlari, davra suhbatlari, ma’ruzalar tashkil etilgan.
Tibbiyot xodimlarining har yili malaka oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Respublika, viloyat va tuman miqyosida o‘tkaziladigan “Eng kuchli hamshira”, “Eng yaxshi muomala”, Eng yaxshi mutaxassis” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar, seminar va suhbatlar orqali tibbiy salohiyatni oshirishga erishilmoqda. Yosh kadrlarga bo‘lgan e’tibor, “Ustoz-shogird” an’analari o‘z samarasini beryapti. Joriy yilda 2 nafar hamshiraning viloyat miqiyosida o‘tkazilgan “Hamshira” ko‘rik-tanlovida faxrli o‘rinlarni egallagani buning yaqqol misolidir.
El salomatligi yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan shoshilinch tibbiy bo‘limi rahbari Safar Kokilov, jarroh Abdug‘ani Toshev, yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Xolmurod G‘ofurov, ko‘ptarmoqli poliklinika bosh vrachi Safargul Boboqulova, terapevt Ravzatullo Olimov, Fayzavo QVP vrachi Jumanazar Odinayev, jarroh Mamayusuf Bekboyev, ginekolog Soatmurod Bo‘riboyev, laborant Abdurasul Yusupov, hamshiralar Muhabbat Umirova, Qumri Mallayeva, Dilorom Hamrayeva, Lutfiya Kenjayeva tibbiyot muassasasining faxridir.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning sentyabriga qadar davlat dasturi asosida qurilib, tugallanishi ko‘zda tutilayotgan bolalar poliklinikasi Mustaqilligimizning 23yilligiga Uzun tumani aholisiga munosib sovg‘a bo‘ladi.
Maryam AHMEDOVA