Hayajonlarga boy CHEMPIONAT YAKUNLANDI
Bir oy davomida Braziliya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati bahslari ham o‘z yakuniga yetdi. Mundialda kutilgan va kutilmagan natijalar ham bo‘ldi, rekordlar yangilandi. Ko‘plab iste’dodlar kashf etildi. Xullas, bir oy davomida ishqibozlarni hayajonda ushlab turgan musobaqa, futbol tom ma’noda millionlar o‘yini ekanini yana bir bor isbotladi.
Braziliyada yakuniga yetgan futbol bo‘yicha 2014 yilgi jahon chempionati uchrashuvlarini 3 million 429 ming 873 tomoshabin bevosita stadiondan turib kuzatdi.
FIFA Media tvitter-akkauntining qayd etishicha, bu jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi ikkinchi ko‘rsatkichdir.
Xususan, Germaniya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvini Rio-de-Janeyrodagi “Marakana” stadonida 74 ming 738 nafar muxlis kuzatib bordi.
Bu boradagi jahon chempionatlaridagi eng yaxshi ko‘rsatkich bundan 20 yil avval, aniqrog‘i, 1994 yili AQSHda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qayd etilgan. O‘shanda mundial bahslarini 3 million 587 ming 638 nafar muxlis stadiondan turib kuzatgan.
Germaniya terma jamoasi darvozaboni Manuel Noyer Braziliyada bo‘lib o‘tgan JCH-2014ning eng yaxshi darvozaboni deb topildi. “Darvozabonlar uchun atalgan” deya e’tirof etilgan bu galgi mundialda barcha hamkasblarini ortda qoldirgan Noyer bugungi kunda haqiqatdan ham dunyoning eng kuchli darvozaboni nomiga loyiqligini isbotladi.
Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi JCH-2014ning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Messi final o‘yinidan oldin jahon chempioni bo‘lish uchun barcha shaxsiy sovrinlaridan voz kechishga tayyorligini aytib o‘tgandi. Ammo, jahon chempioni bo‘la olmagan bo‘lsa ham yana bir shaxsiy sovringa ega bo‘ldi.
Kolumbiya terma jamoasi hujumchisi Xames Rodriges Braziliyada yakuniga yetgan JCH-2014 ning eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Futbolchi musobaqa chorak finaligacha bo‘lgan jami besh uchrashuvda raqiblar darvozasiga oltita gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Kolumbiya terma jamoasi aynan chorak finalda musobaqadagi ishtirokini yakunlagandi.
1991 yil 12 iyulda tug‘ilgan “Monako” hujumchisi JCH-2014 guruh bosqichida Gretsiya va Kot-d’Ivuar, nimchorak finaldagi Urugvay terma jamoalariga qarshi o‘yinda eng yaxshi o‘yinchi deb topilgandi.
Mundialning eng yaxshi yosh o‘yinchisi deb Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Pol Pogba topildi. Uning Fransiya terma jamoasi tarkibidi ko‘rsatgan yorqin o‘yinlari futbolchining kelajagi porloq ekanidan darak beradi.
Farhod TOLIPOV