MASTIT chaqaloqlarda ham uchraydimi?

Chaqaloqlar sut bezlarining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi bilan kechadigan mastitning qo‘zg‘atuvchisi asosan stafilokokklar bo‘lib, shikastlangan teri va kindik orqali o‘tadi, – deydi bolalar jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi Nozim Diyarov. Dastlab onadan yo‘ldosh orqali qon bilan birga estrogen gormonlarning o‘tishi natijasida turli xil fiziologik o‘zgarishlar (masalan, ko‘krak bezlarining kattalashishi va taranglashishi) kelib chiqadi. Sut bezlarining kattalashishi bilan bog‘liq bo‘lgan bu fiziologik jarayon, bola hayotining 3-4 haftalarida hech qanday asoratsiz o‘tib ketadi.

Gigiyena qoidalariga rioya qilinmasligi, sut bezi siqilishi, immuntanqislik holati, teri va kindikning yiringli yallig‘lanish kasalliklari va sut bezi sohasida teri butunligining buzilishlari, mastit rivojlanishiga moyillik yaratadi.

Kasallikning boshlanishi

Bolaning umumiy ahvoli yomonlasha boradi. U bezovta, injiq, yig‘loqi bo‘lib qoladi. Uyqusi buziladi, tana harorati oshadi, ishtahasi pasayishi natijasida ona ko‘kragini emmay qo‘yadi. Chaqaloq ko‘kragiga e’tibor berilganda, bir tomonlama, kamroq hollarda ikki tomonlama sut bezining kattalashuvi va terida qizarishlar ko‘zga tashlanib turadi. Yallig‘lanish jarayoni bir-ikki kun ichida sut bezlaridan tashqariga tarqaladi, shish kattalashadi, qizarish sathida teri ko‘karishi ham mumkin. Paypaslaganda sut bezi sohasida harorat oshib, bola bezovtalanadi. Davo muolajalari kechiktirilganda yallig‘lanish markazida yiring oqishining boshlanishi va uning tarqalib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan septik holatning yuzaga kelishiga olib keladi.

Yiringli mastit bilan kasallangan bolaning qon tahlillarida leykotsitlar miqdori va eritrotsitlar cho‘kish tezligining oshishi kuzatiladi. Kasallikning rivojlanishi va asoratlanishida anemiyakamqonlik uchun xos ko‘rsatkichlar aniqlanadi. Antibakterial davo boshlashdan oldin, kindik chuqurchasidan va yallig‘lanish o‘chog‘idan olingan yiringli surtmani bakteriologik tekshiruvdan o‘tkazib, uning antibiotiklarga sezuvchanligini aniqlash maqsadga muvofiqdir. Asoratlanmagan chaqaloqlar mastitida qo‘shimcha tekshiruv usullari o‘tkazish shart emas.

Ilk alomatlar

Bir yoki ikkala sut bezlarida qizarish, paypaslaganda bemorning bezovtalanishi va tana haroratining ko‘tarilishlari yiringlashning dastlabki alomatlaridir. Bu esa kompleks davo muolajalarini boshlash zarurligini ko‘rsatadi. Chaqaloqlar mastitining abssessli va yorilgan turlarida operatsiya lozim, deb topiladi. Shuningdek, yiringli mastitning boshlang‘ich davrlarida jarrohlik muolajasini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Chunki erta o‘tkazilgan kesishlar to‘qima infiltratsiyasini va shu sababli, sut bezi to‘qimalarida o‘zgarishlarning kamayishiga imkoniyat yaratadi.

Yana o‘qing:  HAYOT MUTANOSIBLIGI ASOSI

Operatsiyadan keyingi davrda yallig‘lanishga qarshi antibakterial davo muolajalari o‘tkaziladi. Bolani ona suti bilan oziqlantirish yiringlash jarayonini kamaytirishda katta ahamiyatga ega. O‘z vaqtida boshlangan davolashdan so‘ng bolaning butunlay sog‘ayishi kuzatiladi.

Xastalikning oldini olish

Chaqaloqlar mastopatiyasi va uning oldini olish haqida onalarga to‘liq tushuntirib berish shart. Bunda, ayniqsa, shaxsiy gigiyenaga e’tibor katta bo‘lishi kerak. Yoz oylarida, kichik yoshdagi bolalarning yiringli kasalliklarga chalinishi bir necha barobarga ko‘payadi.

Yiringli mastitga chalingan chaqaloqlar 12-18 oy mobaynida uchastka pediatri nazorati ostida bo‘lishi shart. Bunda bolaning yoshiga mos rivojlanishiga, qon ko‘rsatkichlari me’yorlariga e’tibor berilishi kerak. Ona suti bilan oziqlantirishni ta’minlash yoki sun’iy oziqlantirishning ratsional yo‘lini tanlash maqsadga muvofiqdir. Yil fasllariga qarab tegishli chiniqtiruvchi tadbirlarni o‘tkazish, surunkali yiringli o‘choqlar paydo bo‘lishining oldini olish va ularni samarali davolash zarur. Shifoxona muolajasidan 1-3 oylarda o‘tkazilgan fizioterapiya muolajalarining qayta o‘tkazilishi jarohat sohasida paydo bo‘lgan chandiqlar so‘rilishini tezlashtiradi.

Sirojiddin ShONAZAROV yozib oldi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: