Yoshlar ma’naviyatiga daxldorlik
Yaxshi aktyor bo‘lmagan odamdan hech qachon yaxshi rejissyor chiqmaydi, – degan edi rus xalqining mashhur rejissyori Ctanislavskiy. Darhaqiqat, kino va sahna asarining nechog‘li g‘oyaviy boy bo‘lishi, tomoshabin to‘play olishi rejissyorning bilim saviyasi va iqtidoriga bog‘liq. Buning uchun esa undan badiiy adabiyot, tasviriy san’at, kino va teatr sohasida ilmini oshirishi, tinmay izlanishi talab etiladi.
Toshkent san’at va madaniyat instituti qoshida rejissyorlik fakulteti ochilishidan maqsad ham kompozitsiya qonuniyatlaridan xabardor, rejissyorlik eksplikatsiyasi – yoza olishlik, pyesa ustida ishlay bilishlik, uzluksiz xatti-harakat, spektakl g‘oyasi, shu asar bilan nima demoqchiman degan savolga to‘g‘ri javob topa oladigan o‘tkir zehnli rejissyorlarni tayyorlashdir. 2008 yildan buyon shu yo‘nalishni tamomlagan yoshlar san’atning turli sohalarida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ma’lumki, kino va teatr san’ati xalqning qadriyatlari, dunyoqarashi, milliy mentalitetini ko‘rsatib bera olishi zarur. U hayotni jonli tarzda aks ettirsagina o‘z tomoshabinini topadi, e’tirof etiladi. Shunday ekan bugungi davr kishilarining ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi shakllanishini spektakl va kinosiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Buning uchun rejissyordan nima talab etiladi?
Mashhur aktyor va rejissyor Vaxtangov “rejissyor spektakl sahnalashtirishdan avval to‘rtta savolga javob topishi kerak”, – degan edi.
A) Nimani sahnalashtirish kerak?
B) Qachon sahnalashtirish kerak?
V) Qanday sahnalashtirish kerak?
G) Qaysi ijodiy jamoa va qaysi aktyorlar bilan sahnalashtirish kerak?
Garchi yuqoridagi qonun-qoidalarni barcha san’atshunos olimlar, rejissyorlar yaxshi bilsa-da o‘zbek yosh rejissyorlar maktabi shakllanmay qolayotgandek, nazarimda. Men ham shu soha vakili sifatida bir qancha fikr va mulohazalarim, takliflarimni aytmoqchiman.
Avvalo, rejissura kafedrasini tashkil etish, drama, musiqiy drama, estrada bo‘yicha teatr rejissyorligi yo‘nalishida talabalar qabul qilish zarur. Kino va televideniye, qo‘g‘irchoq teatri rejissyorligini yangi bosqichga olib chiqish, bu borada bor imkoniyatlarni ishga solish lozim. Tabiiyki, talabalarga yuksak bilimli, tajribali pedagog-mutaxassislar dars berishini tashkil etish kerak.
Unutmaslik lozim, teatr va kino yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda asosiy vositalardan biridir. Malakali rejissyorlarni tayyorlash ham davr talabidir. Bunga jiddiy qaralmas ekan, soha rivojlanmay qolaveradi.
Bekzod MIRZAYEV,
O‘zbekiston davlat sanat va madaniyat instituti o‘qituvchisi